Yoshlarga yetvoling — boshqa yo‘l yo‘q!

Tan oling, bugun farzandingiz bilan shug‘ullanishga, unga tarbiya berishga kuchingiz yetmayapti. Tabiiyki, gap jismoniy kuch haqida emas. Masala ancha chuqur va ko‘pincha o‘zimiz tan olmaydigan holatga keldi.

Odatda, biz, yoshlar tarbiyasi degan faqat nasihat berishni tushunib qoldik. Uzoq yillik bunday tarbiya, ya’ni yuqoridan turib, ularni har tomonlama boshqarishga urinish qobig‘idan chiqib keta olmayapmiz. Yoshlarning kitob o‘qimasligi, mehnat bilan yetarli shug‘ullanmasligi va qator qusurlari haqida gapirish, bundan yozg‘irish asosiy mavzuimizga aylangan, desam xato bo‘lmaydi.

To‘g‘ri, bu masalada yutuqli tomonlarni ham aytib o‘tamiz. Ammo aksar holatlarda umumiy qarashlarimiz bir – yoshlardan yozg‘iramiz. Lekin ularni tinglab ko‘rdikmi? Nega ular maktabga borishni istamaydi? Borishni istaganlari ham aksariyat hollarda o‘rtoq, dugonalari bilan ko‘rishish xohishi bilan chegaralanadi. Oliy ta’lim muassasasiga ne azob bilan tayyorgarlik ko‘rib kirgan talaba nega keyin o‘qishdan soviy boshlaydi? Nega ota-onalar bilan dildan suhbatlashmaydi, dilidagilarni gapirib berolmaydi? (Dars tayyorlamaslik va boshqa qator bahonalari tufayli maktabdagi ta’limdan yozg‘irish haqida gap ketmayapti), Atrof-muhit, mavjud imkoniyatlar, umuman turli sohalar haqda ota-onalar bilan suhbatlashishni istayotgan bolalar juda ko‘p, ishoning. Bugungi bolalar bir necha o‘n yil ilgari ota-ona nima desa, shu to‘g‘ri ekan, boshqa yo‘l yo‘q, deya qarab o‘tirmaydi.

Stomatolog shifokorga borganda hozir shifokor tishini qanday davolashi haqida gapirib berib, shundan so‘ng u og‘riqdan xoli bo‘lishini aytayotgan bolalarni kuzatdim. Besh yoshli bola qachon shunday mulohaza qilgan axir? Tug‘ilganidanoq qo‘lida telefon bilan ulg‘ayayotgan bolalar to‘g‘ridan-to‘g‘ri ma’noda yangi asr bolalari sifatida o‘zini namoyon qilyapti. Hali o‘zbekchada tili chiqmay, yutubdagi ingliz multfilmlari orqali ingliz tilida chuldirayapti. U yoki bu sohadagi ma’lumotni siz gugl qidiruvga berib topguningizcha, ular sizga o‘sha soha haqda aytib berishyapti. (Shu o‘rinda bolaga telefon berib qo‘yish zararligi haqida faktlar to‘g‘ri bo‘lsa-da, ammo hayotda farzandlarimiz baribir shu matoh bilan ulg‘ayayotganini inkor qilolmaymiz.) Bunday bolalarni qanday qilib faqat nasihat bilan tarbiyalash yoki ularga ta’lim berish mumkin, aytingchi? Ko‘plab talabalar, maktab yoshidagi o‘quvchilar bilan gaplashganman. Keling, umumiy holda ular fikrlarining ba’zilariga to‘xtalib o‘tsam.

- Maktabda faqat birgina o‘qituvchining darsiga qiziqib kiraman, - deydi ulardan biri. – Qolganlari menimcha, o‘zlari ham nima o‘tayotganini bilmasa kerak. Qaniydi, hamma fanlar ham o‘shanday qiziqarli o‘tilsa, bironta darsni qoldirmasdim. Ba’zi muallimlar darsni boshidan, oxirigacha tarbiya haqida gapiradi. Biz maktabga bilim olish uchun bormaymizmi? Bizga zo‘r dars o‘tilsin, bo‘ldi, tarbiyani ota-onamizga qo‘yib berishgani ma’qul.

- To‘g‘risi, institutga osonlik bilan o‘qishga kirmadim, ehhe, qancha tunlarni bedor o‘tkazdim, qancha kitob varaqladim, - deydi yana biri. – Lekin bu yerda bilimlarimni davom ettirishga imkon yo‘qku. Ba’zi masalalarda talabalar o‘qituvchilardan ko‘ra ko‘proq bilim va tushunchaga ega. Faqat hurmat yuzasidangina darsida quloq solib o‘tiramiz. U bizga berayotgan ma’lumotlarni internet orqali hech qiynalmay, institutga kelib, vaqt sarflamay o‘rganishimiz ham mumkin.

Dars o‘tish uslublari, bugungi pedagogikaning oqsoq tomonlari alohida mavzu ekanligini inobatga olgan holda urg‘uni hatto oiladagi oddiy tarbiyada, bir yo ikki nafar farzandiga saboq berishga qunt qilmayotgan ota-onalarga qaratmoqchi edik.

- Ota-onam ko‘pincha biz bilan gaplashmaysan, dilingdagini aytmaysan, deyishadi, - bu yana bir yosh avlodning fikri. – Lekin ularga qiziqishlarim haqida aytsam, tushunishmaydi. Tuzukroq narsa bilan shug‘ullansang bo‘lmaydimi, deyishadi. Lekin ular nima haqda gapirayotganimga hatto qiziqib ko‘rishmaydi.

Rostdan shunday, qiziqib ko‘rmayapmiz. Ularni tarbiyalash faqat nasihat qilishdangina iborat, deb o‘ylayapmiz. Ammo hammasi bo‘lmasa-da, yoshlar orasida bugungi asr shiddati bilan suzayotganlari tobora ortib boryapti. Ular tushungan, bilganlarini bilmay qolyapmiz. Bilmayotganimizdan uyalib, so‘rash, o‘rganish o‘rniga ularning o‘zini aybdor qilib qo‘yayapmiz. Bola tarbiyasida endi faqat yoshimiz katta ekanligi inobatga o‘tmaydigan kunlar kelganini tushunishimiz kerak, nazarimda. Endi ular bilan tengma teng muloqot qilish uchun ham ko‘proq o‘qib o‘rganishimiz kerakligini anglab yetishimiz lozim. Aks holda yoshlardan yozg‘irib yurishda davom etaveramiz.

To‘g‘ri tushuning, yoshi ulug‘larning hayotiy tajribasi, saboqlari inkor etmayapmiz yoki undan voz kechish kerak demayapmiz. Bu tajribalarni o‘rgatishning uslubi o‘zgarishi kerak, demoqchimiz, xolos. Agar bundan boshqa fikrlaringiz bo‘lsa, yozing, tahririyatga qo‘ng‘iroq qiling.

Gulruh MO‘MINOVA.