Bulung‘urda 180 oila uchun daromad manbai yaratildi
Bulung‘ur tumanida “Yoshlar daftari”ga 6 597 nafar turli muammosi bor yigit-qizlar ro‘yxatga olingan. Ulardan 4 453 nafari doimiy daromad manbaiga ega bo‘lmagan ishsiz yoshlar.
Tumanda ularni qo‘llab-quvvatlash, kasb-hunarga o‘qitish orqali bandligini ta’minlash hamda bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish maqsadida alohida chora-tadbirlar rejasi ishlab chiqilgan. Shunga ko‘ra ishsizlar ro‘yxatida turgan yoshlarning 438 nafariga dehqonchilik bilan shug‘ullanishlari uchun 196 gektar yer ajratildi, 152 nafari korxona va tashkilotlarga ishga joylashtirildi. 162 nafar yosh kasbga o‘qitilib, tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanish istagida bo‘lgan 111 nafar yigit-qizga imtiyozli kreditlar ajratildi. “Yoshlar daftari”da ro‘yxatda turganlarning 162 nafari esa “1+1” loyihasi asosida tadbirkorlarga biriktirildi.
Yaqinda esa tumanda “Temir daftar”, “Ayollar daftari” hamda “Yoshlar daftari” ro‘yxatiga olingan 180 nafar fuqaroga 450 million so‘mlik 31 ta motokultivator, 132 ta tikuv mashinasi, 18 ta pishiriq pechi, 4 ta karcher va 4 ta payvandlash uskunalari bepul tarqatildi.
- Yordamga muhtoj ishsiz fuqarolarning kasb-hunarga qiziqishini oshirib, jamiyatda o‘z o‘rnini topishiga ko‘maklashish choralari ko‘rilmoqda, - deydi tuman hokimi Bahodir Bahromov. – Bugun berilgan uskunalar ularning bandligi ta’minlab, oilasi uchun daromad manbai yaratilishiga xizmat qiladi.
To‘lqin Siddiqov.