Bulung‘urda 316,9 milliard so‘mlik 124 ta loyiha ishga tushirilib, 1000 ga yaqin ish o‘rni yaratilgan

Bu haqda Bulung‘ur tuman hokimligi tomonidan yangi loyihalar asosida ishga tushgan korxonalar faoliyati bilan tanishishga bag‘ishlangan press-turda ma’lum qilindi.

Tuman investitsiyalar sanoat va savdo bo‘limi mutaxassisi Allayor Mahramovning ta’kidlashicha, Investitsiya dasturi doirasida va qo‘shimcha loyihalar hisobidan sanoat sohasida 138,5 milliard so‘mlik 488 ta ish o‘rniga ega 22 ta, qishloq xo‘jaligida 52,1 milliard so‘mlik 54 ta ish o‘rniga ega 11 ta, xizmat ko‘rsatishda 126,4 milliard so‘mlik 446 ta ish o‘rniga ega 91 ta loyiha ishga tushirilgan.

Jumladan, tumanning Yangiqo‘rg‘on mahallasida ishga tushirilgan "AGRO FAROVON ZAMIN" MChJ qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlashga ixtisoslashgan bo‘lib, yiliga 6 ming tonna mahsulot qayta ishlanmoqda.

- Mahsulotlarimiz MDH davlatlariga eksport qilinmoqda, - deydi "AGRO FAROVON ZAMIN" MChJ ish yurituvchisi Zuhra Ahmedova. - Korxonada 30 nafar doimiy va 100 nafardan ziyod mavsumiy ishchi faoliyat ko‘rsatadi. Bulg‘or qalampiri, qizil lavlagi, qovoq, sabzi, gulkaram kabi sabzavotlar Bulung‘ur, Toyloq va Jomboy tumanlaridagi fermer xo‘jaliklari tomonidan shartnoma asosida olinadi.

Tayyor quritilgan qishloq xo‘jaligi mahsuloti 15 daqiqa davomida issiq suvda namlanib, barcha tabiiy xususiyatlar, rangi, tabiiy hidi, shakli, ta’mi tiklanadi. Quritilgan sabzavot mahsulotini qaynatish, qovurish, xom va quruq holda iste’mol qilish mumkin.

O‘tgan yilning may oyida tumanning Mingchinor mahallasida Samarqand shahridagi “Daka intex” korxonasining filiali ishga tushgan bo‘lib, 6 milliard so‘mlik tayyor trikotaj mahsulotlari ishlab chiqarishga mo‘ljallangan.

- Korxonamizda 200 nafardan ziyod ishchi bor, - deydi “Daka intex” MChJ texnologi Ersen Boztepe. -

Uskunalar Yaponiya va Janubiy Koreyadan keltirilgan bo‘lib, yiliga 2 million dona trikotaj mahsulotlari ishlab chiqariladi va   Rossiyaga eksport qilinmoqda.

Fazliddin Ro‘ziboyev.