Buyuk allomalarimiz ilmiy merosi qanday targ‘ib qilinyapti?
Viloyat hokimligida viloyat, tuman va shahar hokimliklari mas’ullari, tegishli boshqarma va tashkilot xodimlari hamda mahalla raislari ishtirokida tashkil etilgan seminarda shu savolga javob izlandi.
Unda Imom Buxoriy, Imom Moturidiy, Imom Termiziy xalqaro ilmiy tadqiqot markazlari va O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi o‘qituvchilari tomonidan “Buyuk allomalarimiz ilmiy merosida yuksak insonparvarlik g‘oyalari tarannumi”, “Yoshlarni yot oqimlarning buzg‘unchi g‘oyalaridan himoya qilish” va “Yangi O‘zbekistonda diniy-ma’rifiy sohada amalga oshirilayotgan islohotlar” mavzularida ma’ruzalar qilindi, o‘zaro fikr almashildi.
- Ushbu anjumanni tashkil etishdan maqsad buyuk allomalarimiz ilmiy merosidagi ilm-ma’rifat va yuksak insonparvarlik g‘oyalarini xalqimizga yetkazish, - deydi Imom Buxoriy xalqaro ilmiy tadqiqot markazi bo‘lim boshlig‘i, qur’onshunoslik va hadisshunoslik fanlari doktori Shukurillo Umarov. - Shuningdek, davlat xizmatchilari va rahbar shaxslarning ma’naviy-axloqiy qiyofasini rivojlantirishda buyuk ajdodlarimiz ma’naviy merosining ahamiyatini ilmiy asoslar bilan tushuntirish hamda yoshlarni jaholatga qarshi ma’rifat ruhida tarbiyalashdan iborat.
Seminarda targ‘ibot tadbirlari joriy yilning 13-15 fevral kunlari viloyatdagi barcha tegishli tashkilot, korxona va muassasa xodimlari uchun Samarqand tumani, Kattaqo‘rg‘on shahri hamda Urgut tumanida o‘tkazilishi ma’lum qilindi.