Chegarada otishma: muhojirlar Polshaga bostirib kirishga harakat qilmoqda
Belarus va Polsha chegarasidagi vaziyat keskinligicha qolmoqda. Kecha kechqurunga kelib, muhojirlar karvonining asosiy qismi Polsha chegarasiga yetib kelib chodirlar tiklagan. Turli hisob-kitoblarga ko‘ra, Belarus tomonida 4 minggacha odam to‘plangan.
Shu bilan birga, chegarani majburan kesib o‘tishga urinishlar bo‘lmoqda. Muhojirlar ularni Yevropa Ittifoqidan ajratib turuvchi tikanli simlarni kesishga harakat qilyapti. Bunga javoban Polsha chegarachilari ko‘zdan yosh oqizuvchi gaz qo‘llagan. Guvohlar chegarada otishma ham ro‘y berganini aytgan.
«Biz Belarus harbiy xizmatchilari va ular bilan bog‘liq kishilar tomonidan provokatsiyalarga duch kelyapmiz. Masalan, qo‘shinlarimizga qurol qaratish, vaqti-vaqti bilan otishma... Biz yaqin kelajakda Polsha chegarasida qurolli to‘qnashuvlar sodir bo‘lishini kutyapmiz, bundan juda xavotirdamiz va bu haqda ogohlantiryapmiz», deydi Polsha hukumati matbuot kotibi Petr Myuller.
Polsha prezidenti Andjey Duda chegaradagi inqiroz tufayli Slovakiyaga tashrifini qoldirdi, dedi mamlakat Milliy xavfsizlik byurosi rahbari Pavel Solox.
2021 yil boshidan buyon 30 mingdan ortiq muhojir Polsha-Belarus chegarasini kesib o‘tishga uringan. Varshava Belarus hukumatini migratsiya inqirozini keskinlashtirganlikda ayblamoqda.
Polsha Belarus bilan chegaradosh hududlarda favqulodda holat joriy qildi va chegarani qo‘riqlash qo‘shinlarini muntazam ravishda oshirib, ularning sonini 12 ming nafarga yetkazdi.