Chexiyalik tadbirkor tezkor tramvaylarni taklif qildi

Viloyat hokimi E.Turdimov Chexiyaning “Pragolmex” kompaniyasining O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Milan Tomesh bilan uchrashdi.

Ishlab chiqargan tramvaylari bilan jahonga tanilgan mazkur kompaniya yetti yil ilgari poytaxtimizda o‘z vakolatxonasini ochgan edi. Bugungi kunda ham kompaniya tramvaylari Samarqand ko‘chalarida aholiga yo‘lovchi tashish xizmatini ko‘rsatib kelmoqda.

Viloyat hokimligida bo‘lib o‘tgan uchrashuvda “Pragolmex” kompaniyasi tomonidan Samarqand shahriga yangi tramvaylarni olib kelish, temir yo‘llarni loyihalashtirish hamda qurish bilan bog‘liq masalalar muhokama qilindi.

- Kompaniyamiz ikki yildan buyon Samarqandda muvaffaqiyatli ish olib boryapti, - deydi Milan Tomesh. – Tez orada ikkita yangi tramvay yo‘nalishi qurilishi munosabati bilan yana 42 ta yangi tramvay olib kelishni rejalashtirganmiz. Shuningdek, yangi qurilajak tramvay deposini ham xalqaro standartlarga javob berishi uchun qo‘limizdan kelgan barcha ishni amalga oshiramiz.

Uchrashuvda chexiyalik tadbirkor har biri 800 ming AQSh dollarida baholanuvchi tezkor tramvaylar keltirish taklifini ham berdi. Viloyat hokimi barcha takliflarni o‘rganib, shahar yo‘lovchi transporti ahvolini yanada yaxshilash bo‘yicha mazkur kompaniya bilan hamkorlik qilishni ta’kidladi.