Samarqandda tramvaylar muammosi qachon hal etiladi?

Samarqand shahri aholisi tramvaylardan foydalanishga o‘rganib qoldi. Biroq yo‘nalishlarning kamligi ba’zida tramvay tez-tez buzilib, yo‘lovchilarning ta’bini xira qilayotganligi ham bor gap.

Turli gap-so‘zlarga oydinlik kiritish maqsadida viloyat transport boshqarmasi qoshidagi Tramvay liniyalarini ekspluatatsiya qilish direksiyasi direktori Sherali Namatov bilan suhbatlashdik.

- Bugungi kunda yurtimizda faqatgina Samarqand shahrida tramvaylardan jamoat transporti sifatida foydalanib kelinmoqda, - deydi korxona rahbari. - Prezidentimizning shahar aholisi va mehmonlariga sifatli yo‘lovchi tashish xizmatini ko‘rsatish maqsadida Toshkent shahridan tramvaylarni keltirishni taklif etgach, 2017 yil fevral oyida xo‘jalik hisobidagi “Tramvay liniyalarini ekspluatatsiya qilish direksiyasi” tashkil etilib, 21 ta tramvay vagoni va ularga xizmat ko‘rsatuvchi 36 ta maxsus texnika olib kelindi.

Korxona ishga tushgach, dastlab 6,4 kilometr uzunlikda “Temiryo‘l vokzali - Sartepa massivi” va 5,1 kilometr uzunlikdagi “Temiryo‘l vokzali - Siyob bozori” yo‘nalishlari tashkil etildi. Biroq ikki yil faoliyat ko‘rsatgach, muammolar chiqa boshladi. Jumladan, “Temiryo‘l vokzali - Sartepa massivi” yo‘nalishida temiryo‘llar cho‘kib, relslarda notekisliklar paydo bo‘lgach, tramvay vagonlari izdan chiqib ketdi. “Temiryo‘l vokzali - Siyob bozori” yo‘nalishida nimstansiyaning quvvati yetishmaydi. Mazkur yo‘nalishda tunnel qurilishi jarayonida vaqtincha uzilgan nimstansiya qayta tiklab berilmadi. Shuningdek, rekonstruksiya ishlari ham nihoyasiga yetkazilmay qoldi. Yuqori kuchlanishli kabellar foydalanishga yaroqsiz holatga kelgan. Yo‘nalish texnik ekspertizadan o‘tkazilmaganligi sababli to‘liq foydalanilmayapti. Agar mavjud kamchiliklar bartaraf etilsa, qo‘shimcha 8 ta tramvay vagoni aholiga xizmat ko‘rsatishi mumkin.

Shuningdek, tramvay deposidagi relslar va yo‘naltirgichlar standartga javob bermaganligi sababli ayrim hollarda vagonlar ko‘chada qolib ketmoqda.

- Joriy yilning o‘tgan o‘n oyida 2 million 425 ming nafar yo‘lovchiga 3 milliard 396 million so‘mlik xizmat ko‘rsatildi, - deydi Sherali Namatov. – Biroq bu mablag‘ ko‘zda tutilgan xarajatlarni qoplashga yetmayapti. Vagonlarni ta’mirlash va ularga texnik xizmat ko‘rsatish sexlari qurilishi oxiriga yetkazilmaganligi sababli tramvaylarni yuvib-tozalash, texnik xizmat ko‘rsatish, qolaversa, Toshkent shahridagi ustaxonalarda ta’mirlatib kelish ortiqcha xarajatlarni keltirib chiqarmoqda.

Asosiysi, korxonada tramvay ehtiyot qismlarini topish muammo bo‘lyapti. Chunki ularni Chexiyadan olib kelish lozim. Uzoq yillar foydalanilgani sabab ayrim butlovchi va ehtiyot qismlari xizmat muddatini o‘tab bo‘lgan.

Samarqand shahrida jamoat transporti muammosini hal qilishda o‘ziga xos ahamiyatga ega tramvaylarga e’tibor qaratilmas ekan, Kimyogarlar shaharchasiga 11 kilometrlik va Spitamenshox ko‘chasi bo‘ylab Charxin shaharchasigacha bo‘lgan 13,4 kilometrlik masofaga tramvay yo‘nalishlarini qurib, aholiga jamoat transporti xizmatini ko‘rsatish ancha qiyin bo‘ladi.

Dilmurod To‘xtayev.