Chiqindi uchun to‘lov tariflari oshadi
Xalq deputatlari viloyat Kengashining to‘qson sakkizinchi sessiyasi o‘tkazildi.
Sessiyani Kengash raisi, viloyat hokimi E.Turdimov boshqardi.
Dastlab tashkiliy masalalar ko‘rildi. To‘xtayev Husan Mirzayevichni viloyat hokimining yoshlar siyosati, ijtimoiy rivojlantirish va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari lavozimiga tayinlash to‘g‘risidagi, Abdullayev Otabek Azimjonovichni viloyat hokimligi huzuridagi «Ko‘p kvartirali uylarni ta’mirlash bo‘yicha injiniring kompaniyasi» davlat muassasasi direktori etib tayinlash to‘g‘risidagi qarorlari tasdiqlandi.
Shundan so‘ng Prezidentimizning 2023 yil 23 oktyabrdagi «Ichimlik suv ta’minoti va oqova suv tizimini yanada takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarorining viloyatdagi ijrosi yuzasidan «Samarqand suv ta’minoti» aksiyadorlik jamiyati direktori Komil Yusupovning hisoboti eshitildi.
Qayd etilishicha, bugungi kunda viloyat aholisining 75 foizi markazlashgan ichimlik suv ta’minoti bilan, 21 foizi oqova suv xizmati bilan ta’minlangan. Davlatimiz rahbarining 2023 yil 24 oktyabrdagi 343-sonli qarori doirasida viloyatimiz aholisining suv ta’minoti va oqova xizmatlarini yaxshilash maqsadida bir qator ishlar amalga oshirilmoqda.
Qaror bilan tasdiqlangan ichimlik suv ta’minoti og‘ir bo‘lgan mahallalarning 2024-2026 yillarda ichimlik suv ta’minotini yaxshilash dasturiga ko‘ra, viloyatimizdagi 85 ta mahallada ichimlik suv ta’minoti tizimlari quriladi. Jumladan, joriy yilda 39,2 kilometr suv tarmog‘i va 8 dona suv inshooti qurilib, rekonstruksiya qilinmoqda. Markazlashgan ichimlik suv ta’minoti 50 foizdan past bo‘lgan Oqdaryo, Ishtixon, Jomboy va Kattaqo‘rg‘on tumanlarida 33 ta suv inshooti va 236,0 kilometr suv tarmog‘i qurish va rekonstruksiya qilish belgilangan. Shuningdek, tizimda mavjud nasoslarni energotejamkor nasoslarga almashtirish reja-jadvaliga asosan Samarqand suv ta’minoti qarashli bo‘lgan suv inshootlarida 492 ta nasos almashtirilishi kerak. Birgina joriy yilda 97 ta nasosni almashtirish rejalashtirilib, shu paytgacha 23 tasi energiya tejamkor nasoslarga almashtirildi.
Mazkur masala muhokamasi davomida tumanlarda aholini sifatli ichimlik suvi bilan ta’minlashda muammolar yuzaga kelayotgani, bu ayniqsa, Payariq, Qo‘shrabot tumanlarida kuzatilayotgani, hatto respublika darajasidagi yirik loyihalarni amalga oshirishda kamchiliklarga yo‘l qo‘yilgani ta’kidlandi. Bu borada tizim mas’ullari oldiga aniq vazifalar qo‘yilib, kamchiliklarni qisqa fursatlarda bartaraf etish choralarini ko‘rish bo‘yicha tavsiyalar berildi.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman)ning mintaqaviy vakili Diyor Husanov 2023 yilda amalga oshirilgan ishlar to‘g‘risida axborot berdi.
– O‘tgan yil davomida bizga 245 ta murojaat kelib tushdi va ularning aksariyati tegishli davlat hokimiyati organlari bilan birga ko‘rib chiqildi, – dedi D.Husanov. – Shuningdek, bir qator tashkilotlar bilan hamkorlikda viloyatdagi jazoni ijro etish muassasalari, vaqtincha saqlash hibsxonalari, ruhiy kasalliklar shifoxonasi, Muruvvat va Saxovat uylarida monitoring tashriflari uyushtirdi. Jumladan, 37 va 38-manzil koloniyalarda hamda Kattaqo‘rg‘on shahridagi 7-sonli tergov hibsxonasida jazoni o‘tayotgan shaxslar tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi. Tuman va shaharlar tibbiyot birlashmalari tarkibida tashkil etilgan mastlik holatida bo‘lgan shaxslarga tibbiy yordam ko‘rsatish tumanlararo punktlarida monitoring tashriflari amalga oshirildi. Monitoring davomida aniqlangan kamchiliklar bo‘yicha mutasaddilarga taqdimnomalar kiritilib, muammolar ijobiy hal etildi. Bundan tashqari, ozodligi cheklangan 175 nafar shaxs bilan yakka tartibda uchrashuvlar o‘tkazilib, ularning murojaatlari tinglandi.
Deputatlar hududlarda maishiy chiqindilarni to‘plash va olib chiqib ketish bo‘yicha xizmat ko‘rsatish uchun majburiy to‘lov tariflari miqdorini ma’qullash to‘g‘risidagi masalani ko‘rib chiqdilar. Tegishli idoralarning xulosasi va murojaatlari asosida shahar va tumanlar hududidagi maishiy chiqindilarni olib chiqib ketish xizmatlarini takomillashtirish, hududlarning ekologik va sanitariya holatini yanada yaxshilash maqsadida xizmat ko‘rsatish uchun majburiy to‘lov tariflarining yangi miqdori ma’qullandi.
Sessiyada viloyat hokimi o‘rinbosarlarining 2024 yil birinchi chorak yakuni bo‘yicha faoliyat samaradorligi natijalari hamda ikkinchi, uchinchi va to‘rtinchi choraklar rejasi to‘g‘risidagi, Past Darg‘om tumanidagi yoshlar sanoat va tadbirkorlik zonasi hududi (chegarasi)ga o‘zgartirish kiritish to‘g‘risidagi, viloyat mahalliy byudjetining qo‘shimcha manbalaridan foydalanish, viloyatda biznes muhitini yanada yaxshilash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risidagi, mahallalardagi muammolarni hal etishda xalq deputatlari mahalliy Kengashlari deputatlari va senatorlarning «Mahalla yettiligi» bilan o‘zaro hamkorligini yo‘lga qo‘yish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi va boshqa masalalar ko‘rib chiqilib, tegishli qarorlar tasdiqlandi.