«COVID-21» paydo bo‘ldimi? Mutaxassis izoh berdi
Virusologiya instituti direktori, professor Erkin Musaboyev koronavirusning yangi shakli, «COVID-21»ning paydo bo‘lganligi to‘g‘risida ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan audio yozuvga izoh berdi:
- «COVID-19» infeksiyasi yangi shtammlari paydo bo‘lsa ham, yangi «COVID-21» virusi paydo bo‘lganligi haqidagi bayonot noto‘g‘ri. Vaksinatsiya «COVID-19» ning barcha shtammlaridan himoya qiladi, xavf guruhidagi odamlar kasal bo‘lib tuzalgan bo‘lsa ham emlanish zarur hisoblanadi.
Darhaqiqat, hozirgi kunda koronavirusning klinik belgilarida o‘zgarishlar yuz berdi, ya’ni yo‘tal va isitmaning kam namoyon bo‘lgan, ammo bo‘g‘imlarda katta og‘riq belgilariga ega bemorlar soni ortdi.
Zangiota kasalxonasidagi bemorlarning tahlillari shuni ko‘rsatadiki, koronavirus infeksiyasi oqibatlaridan o‘lish holatlari oshmadi. PSR-test yordamida koronavirusni aniqlash imkonsiz bo‘lib qoldi, deyish noo‘rin, chunki avval ham dimog‘da virusni aniqlashda 30 foizlik xatolikka yo‘l qo‘yilgan edi.
Koronavirus infeksiyasini davolash bo‘yicha bir yillik tajribadan kelib chiqib, O‘zbekistonda davolash bayonnomasi tuzilib, amalda uning yuqori samaradorligi isbotlandi.
Kasallik yo‘qolmadi, biz u bilan yashashga, ya’ni niqob taqishga, ijtimoiy masofani saqlashga, qo‘llar gigiyenasiga rioya qilishga odatlanishimiz kerak.