Dam olish kunlarida 50 ming nafar samarqandlik muddatidan oldin ovoz berdi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini o‘tkazuvchi 7-Samarqand okrug komissiyasining navbatdagi yig‘ilishi o‘tkazildi.
Komissiya raisi X.Muhammadiyev boshqargan majlisda dastlab saylov uchastkalaridagi ovoz berish jarayonlarini kuzatish uchun siyosiy partiyalar va fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari vakillariga kuzatuvchi mandatini berish to‘g‘risidagi masala ko‘rib chiqildi.
Siyosiy partiyalar viloyat tashkilotlari hamda viloyatdagi mahalla fuqarolar yig‘inlari boshqaruv organi murojaatlari asosida okrug saylov komissiyasi tomonidan viloyatdagi 1112 ta saylov uchastkasida ovoz berish jarayonlarini kuzatish uchun partiyalar va mahalla fuqarolar yig‘inlari vakillariga kuzatuvchi mandati berildi.
Shundan so‘ng, “O‘ztelekom” aksiyadorlik jamiyati Samarqand filiali boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari Z.Xudoyberganov okrug hududida saylovga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish yuzasidan amalga oshirilgan ishlar haqida axborot berdi.
Qayd etilishicha, barcha saylov uchastkalarida yuqori tezlikdagi internet va sifatli telefon aloqasini ta’minlash uchun zarur chora-tadbirlar ko‘rilgan. Har bir tumandan kamida ikkitadan saylov uchastkasida ovoz berish jarayonlarini onlayn kuzatib borish imkoniyati yaratiladi.
Majlisdan keyin o‘tkazilgan matbuot anjumanida komissiyaning shu paytgacha amalga oshirgan ishlari va shu kunlardagi jarayonlar haqida ma’lumot berildi.
– 9 iyul kuni o‘tkaziladigan muddatidan ilgari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi kampaniyasi hal qiluvchi pallasiga yaqinlashmoqda, – dedi X.Muhammadiyev. – Bu galgi saylov ham mamlakatimizda demokratik o‘zgarishlar asosida, milliy va xalqaro saylov standartlariga to‘la amal qilgan holda o‘tmoqda. Saylov kampaniyasi O‘zbekiston Respublikasi Saylov kodeksi hamda O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi tasdiqlagan kalendar reja va tegishli qarorlar asosida olib borilmoqda.
O‘zbekiston Respublikasining Saylov kodeksiga ko‘ra, saylov kuni o‘z yashash joyida bo‘lish imkoniyatiga ega bo‘lmagan saylovchi muddatidan oldin ovoz berish huquqiga ega. Markaziy saylov komissiyasining shu yil 20 iyundagi qarori bilan muddatidan oldin ovoz berish 2023 yil 28 iyunda boshlanib, 5 iyul kuni yakunlanishi belgilandi.
Qurbon hayiti munosabati bilan e’lon qilingan 5 kunlik bayram va qo‘shimcha dam olish kunlarida ham saylov uchastkalarida fuqarolar muddatidan oldin ovoz berish huquqidan foydalandi. Shu kunlar davomida viloyat bo‘yicha 50 ming nafar saylovchi muddatidan oldin ovoz berdi.
Saylovning ochiq va oshkoraligini ta’minlashda ommaviy axborot vositalarining o‘rni juda muhim. Shuning uchun saylov bilan bog‘liq barcha jarayonlar jurnalistlar uchun ochiq va oshkora tashkil etilmoqda. Markaziy saylov komissiyasi tomonidan akkreditatsiyadan o‘tkazilgan ommaviy axborot vositalari xodimlari saylov kampaniyasi tadbirlarini faol yoritib bormoqda. Shu paytgacha viloyatimiz bo‘yicha 120 nafardan ortiq OAV xodimlari akkreditatsiyadan o‘tkazildi.
Okrug matbuot markazi.