Dasturchilik kishini oddiy iste’molchidan - hayotni yaxshilovchi, yengillashtiruvchiga aylantiradi

Bugungi kunda raqamli texnologiyalar yoshlar uchun eng jozibador va istiqbolli yo‘nalishlardan biriga aylanib bormoqda. Ayniqsa, dasturlashga qiziqayotgan, biroq qayerdan boshlashni bilmayotgan, turli ma’lumotlar girdobida adashib qolayotgan yoshlar bor. Ularni qiynayotgan savollar ko‘p – “ITga kirish qiyinmi?”, “Bir yilda natijaga erishish mumkinmi?”, “Bu soha haqiqatan ham istalgan joydan turib ishlash imkonini beradimi?”.

Mazkur suhbatimizda dasturlashning asl mohiyati, imkoniyatlari hamda undagi adolat tamoyillar haqida keng yoritishga harakat qildik. Suhbatdoshimiz IT sohasida qisqa vaqt ichida o‘z o‘rnini topib, e’tirofga sazovor bo‘lgan dasturchi Jahongir Qarshiboyev bo‘ldi.

- Dasturlashni boshlash uchun nima kerak: maxsus texnik vositalarmi yoki kuchli bilim?

- Bu savol - IT sohasiga kirmoqchi bo‘lgan 90 foiz yoshlarning birinchi duch keladigan to‘sig‘i. Qisqa javob bersam, yo‘q. Kengroq tushuntirsam, ko‘pchilik o‘ylaydiki, dasturchi bo‘lish uchun xonada 3 ta monitor, qimmat "Gamer" kompyuteri va miyada faqat matematika bo‘lishi kerak. Bu afsona, xolos.

Mening qiziqishim bolaligimdan boshlangan. U paytlari qo‘limga tushgan telefon bormi, kompyutermihamma texnik imkoniyatlarini titkilab, "ichini ag‘dar-to‘ntar" qilib ko‘rishga qiziqardim. Buzib qo‘yishdan qo‘rqmaganman, aksincha, "Bu qanday ishlaydi?" degan savol menga tinchlik bermas edi. Keyinroq oddiy noutbukda kod yozishni boshladim. Tushundimki, dasturlash uchun eng muhim narsabu muammoni yechish qobiliyati, tanqidiy fikrlash va xohish.

"Super bilim"ga kelsak, dasturlash oliy matematikadan iborat emas. Bu ko‘proq mantiqiy fikrlash xuddi boshqotirma yechishga o‘xshaydi. Agar siz kundalik hayotdagi muammoga yechim topa olsangiz, masalan, uydan maktabga borishning eng qisqa yo‘lini topsangiz ham bu algoritm, demak, siz dasturlay olasiz. Murakkab matematika, masalan, matritsalar yoki integrallar faqat dasturlashning sun’iy intellekt va Computer Vision sohasiga chuqur kirganingizda kerak bo‘ladi, lekin boshlash uchun maktab darajasidagi bilim yetarli.

- Sizningcha, dasturlashni o‘rganish uchun yoshlarda hech qanday to‘siq yo‘q. Unda ularga nima xalal beryapti?

- Odamlar reklamalarning ko‘pligi sababli noto‘g‘ri tanlov qilib qo‘yishdan qo‘rqadi. Tasavvur qiling, siz ITga qiziqib boshladingiz va YouTube yoki Telegramga kirdingiz. U yerda nima bo‘lyapti? Bir bloger chiqib, "Python o‘rganing, bu kelajak tili!" desa, ikkinchisi chiqib, "Yo‘q, Python sekin, C++ yoki Java o‘rganing, haqiqiy dasturchi shuni bilishi kerak!", deydi. Uchinchisi esa: "Kod yozish o‘ldi, sun’iy intellekt o‘rganing, bo‘lmasa, ishsiz qolasiz!" deb vahima qiladi. To‘rtinchisi: "O‘qish shart emas, 1 oyda 1000 dollar topadigan kursim bor", deb aldaydi. Shunday qilib, sizning qarshingizda yangi muammo paydo bo‘ladi. Endi nima qilishingiz kerak? Birinchi qadam aniq maqsad va tilni tanlashingiz zarur. Ko‘p yoshlar "Men ITchi bo‘laman", deb maqsad qo‘yadi. Bu noto‘g‘ri va mavhum tushuncha. Xuddi "Men sportchi bo‘laman" deyishga o‘xshaydi. Qaysi sport? Futbolmi, boksmi yoki shaxmat? Hammasini birvarakayiga o‘rganib bo‘lmaydi-ku. Shuning uchun, maqsadni aniq qo‘yish kerak. "Men veb-saytlar yaratmoqchiman" desaFront end (HTML/CSS, JavaScript) yoki Python (Django)ni tanlashi, "Men sun’iy intellekt va robotlar bilan ishlamoqchiman", desaikkilanmay Pythonni, "Men telefon uchun o‘yinlar yaratmoqchiman"desa – C# yoki Flutter kabi dasturlash tilini o‘rganishi kerak.  

Dasturlash tili - duradgorning bolg‘asiga o‘xshagan narsa. Duradgor bolg‘ani yaxshi ko‘rgani uchun emas, balki buyum yasash kerakligi uchun ishlatadi. Shu o‘rinda boshlovchilarga birinchi til sifatida Pythonni tavsiya qilaman. Sababi oddiy va ko‘p qirrali. Men Pythonni o‘rganib ham veb-sayt (Django), ham Telegram-bot, ham sun’iy intellekt Computer Vision loyihalarini qila oldim. Bu bitta o‘q bilan bir nechta quyonni urish imkonini beradi.  

- Dasturchilik bilan o‘zingizni qanday darajaga erishishingizni o‘ylab ko‘rganmisiz? 

- Biror ish boshladingmi, undan birdaniga “katta maosh" yoki “chet elga sayohat qilishnio‘ylash ahmoqlik, deb bilaman. Dasturlashning asl kuchi boshqa. Bu bilan siz shunday darajaga erishasizki, u yerda siz shunchaki kuzatuvchi emas, “yechim beruvchibo‘lasiz. Dasturchi hayotdagi ovoragarchilikni ko‘rib, “Eh, shunaqa ekan-da” demaydi, balki “Buni osonlashtirish mumkin-ku!” deydi. Masalan, qaysidir dasturchi shifoxonadagi qog‘ozbozlikni ko‘rib, “Hamshiralar monitoring tizimi”ni yaratgan. Natijada raqamlashtirish va optimallashtirish tufayli bir soatlik ish 5 daqiqaga tushgan. Demak, dasturchilik kishini oddiy iste’molchidan - hayotni yaxshilovchi, yengillashtiruvchiga aylantiradi.

- Bir yilda ITda katta natija qilish mumkinmi? O‘z faoliyatingiz misolida olib qaraganda

- Agar bir yilda “millioner” bo‘lishni nazarda tutsangiz - bu ertak. Lekin bir yilda noldan kasb egasiga aylanish, o‘zini moliyaviy ta’minlash va jamiyat tan oladigan yutuqlarga erishish - ayni haqiqat. Men dastlabki 3-4 oy faqat o‘rganish bilan o‘tkazdim. Oltinchi oyga kelib, kichik loyihalar qila boshladim. Keyin loyihalarim uchun DGU (elektron hisoblash mashinalari uchun yaratilgan dasturning rasmiy ro‘yxatdan o‘tkazilganligi to‘g‘risidagi guvohnoma) oldim, Muhammad al-Xorazmiy stipendiyasi sohibi bo‘ldim, “Yilning eng faol ixtirochi innovator talabasibo‘ldim, 3 ta DGU, 10 ga yaqin maqolalar, startap g‘olibliklari va eng muhimi, bilimi ortidan daromad topadigan mutaxassisga aylandim. Bir yilda natija qilish mumkin, lekin faqat o‘rganish bilan cheklanib qolmay, mustaqil amaliyot qilish zarur.  

- IT sohasida istalgan joydan ishlash mumkinligi aytiladi, bu qanchalik haqiqat? 

- ITning yutug‘i shunda. Nafaqat istalgan joydanbalki o‘zingizga qulay bo‘lgan vaqtni ham tanlay olasiz. Zavod ishchisi uskuna oldida bo‘lmasdan ishlay olmaydi. Dasturchining “zavodi” esa noutbuk va internet. GitHub orqali men Samarqandda o‘tirib kod yozsam, jamoam Amerikada yoki Yevropada bo‘lsa ham, ular shu zahoti mening kodimni ko‘rib, davom ettirishlari mumkin. Siz qishloqda yashaysizmi, shaharda yashaysizmi, farqi yo‘q, yaxshi internet bo‘lsa, siz global bozordasiz.

- Yoshlar nega bu sohani tanlashi kerak, deb o‘ylaysiz?

- Yoshlar ITni tanlashi kerak, chunki bu - adolatli maydon. Bu yerda sizning familiyangiz, kimning jiyani ekanligingiz, qaysi hududdan ekanligingiz yoki boyligingiz ahamiyat kasb etmaydi. Kompyuterga bularning qizig‘i yo‘q. Unga faqat sizning bilimingiz, mantiqiy fikrlashingiz va yozgan kodingiz muhim. Bugun insonlarni axborot boshqarmoqda va bundan keyin dunyo texnologik taraqqiyotda ildamlasa ildamlaydiki, ortga qaytmasligi aniq. Jarayon shunday davom etsa, dasturchilik tez orada iqtisod, tibbiyot, umumanijtimoiy hayotning barcha sohalarida dastak vazifasini bajaradi. Qolaversa, bu soha yoshlarga g‘oyalarini real mahsulotga aylantirish va tezkor moliyaviy mustaqillik imkoniyatini beradi.

Otabek Umirov suhbatlashdi.