Davlat dasturining beshinchi ustuvor yo‘nalishi xalqaro anjuman ishtirokchilari diqqat markazida

“Taraqqiyot strategiyasi” markazi Oliy Majlis Senati, Tashqi ishlar vazirligi, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti va YeXHTning O‘zbekistondagi loyihalari koordinatori bilan hamkorlikda «Xavfsizlik, millatlararo totuvlik va diniy bag‘rikenglikni ta’minlash hamda chuqur o‘ylangan, o‘zaro manfaatli va amaliy tashqi siyosatni amalga oshirish sohasida belgilangan chora-tadbirlarni hayotga tatbiq etish» mavzusida xalqaro onlayn anjumanni o‘tkazdi.

Mazkur onlayn tadbirda O‘zbekistonning mutlaqo yangilangan tashqi siyosatini amalga oshirish masalalarida mamlakatning xalqaro iqtisodiy reytinglardagi mavqeini yaxshilash, xorijiy davlatlar va xalqaro tashkilotlar bilan har tomonlama hamkorlik aloqalarini yanada rivojlantirish, Markaziy Osiyo mintaqasi davlatlari bilan munosabatlarni o‘zaro do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va strategik sheriklik ruhida sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarishga alohida urg‘u berildi.

– Mazkur virtual muloqotdan ko‘zlangan maqsad tashqi siyosat sohasidagi davlat dasturida belgilangan vazifalar ijrosi haqidagi ma’lumotlardan xalqimiz, qolaversa, xalqaro jamoatchilikni keng xabardor etishdan iborat, - deydi “Taraqqiyot strategiyasi” markazi ijrochi direktori E.Tulyakov. - Shuningdek, ushbu islohotlarning yuqori samaradorligini ta’minlash yuzasidan mahalliy va xorijiy ekspertlar bilan birga muhokamalar olib borish hamda aniq takliflar ishlab chiqish asosiy maqsadimizdir.

Xalqaro tadbirda YeXHTning O‘zbekistondagi loyihalari koordinatori Jon MakGregor, Pittsburg universiteti (AQSh) jamoatchilik va xalqaro aloqalar Oliy maktabi dotsenti Jennifer Brik Murtazashvili Harakatlar strategiyasi doirasida O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlar haqida o‘z fikrlarini bildirib o‘tdi.

Ta’kidlanganidek, joriy «Ilm, ma’rifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili»da Davlat dasturi beshta ustuvor yo‘nalish bo‘yicha jami 284 ta bandni amalga oshirishni nazarda tutadi, shundan 16 tasi bevosita tashqi siyosat sohasidagi ustuvor yo‘nalishlar bilan aloqador.

Xalqaro davra suhbatining ikkinchi qismida taqdim etilgan ma’lumotlar muhokama qilinib, umumlashtirildi hamda ishtirokchilarning e’tibori aniq takliflarni ishlab chiqishga qaratildi.

Umuman olganda, mazkur muloqotlar O‘zbekistonda Harakatlar strategiyasi doirasida tashqi siyosat sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar haqida keng aholi qatlami va xorijiy auditoriyani tanishtirish imkonini beradi. Bu esa, o‘z navbatida, mamlakatning xalqaro maydondagi ijobiy imijini yaxshilashda muhim ahamiyat kasb etadi.

“Taraqqiyot strategiyasi” markazi axborot xizmati.