Davlat fuqarolik xizmatchilari qayerda, qanday tanlanadi?

Rivojlangan xorijiy davlatlarda davlat fuqarolik sohasida kuchli huquqiy asos yaratilgan bo‘lib, davlat organlari va tashkilotlariga vakant lavozimlarga kadrlarni tanlab olishning shaffof va adolatli mexanizmi joriy etilgan.

Masalan, Buyuk Britaniyada davlat xizmatchilarini tayyorlash dasturining asosiy maqsadi davlat boshqaruvi konsepsiyasini amalga oshirish hamda davlat xizmatining sifatini oshirishga qaratilgan.

Mamlakatda o‘rta va yuqori darajadagi davlat xizmatchilarining asosiy qismini o‘qitadigan davlat xizmati kolleji faoliyat yuritadi. Bo‘lajak rahbarlarni tayyorlashga qaratilgan o‘quv dasturini mavaffaqiyatli yakunlagan tinglovchiga 3 tagacha daraja yuqori lavozimni egallash imkoniyati beriladi.

Germaniyada uzluksiz ta’lim olish davlat xizmatida o‘sish va rotatsiya qilishning asosiy sharti hisoblanadi. Fransiyada ham davlat boshqaruv organlariga kadrlarni tayyorlash professional darajadagi boshlang‘ich hamda uzluksiz kasbiy tayyorgarlikdan iborat. Shunday tartibda turli vazirliklardagi davlat xizmatchilarini ishga qabul qilish bo‘yicha ochiq tanlovlar tashkil etiladi.

Ispaniyada ham davlat xizmatchilarini ishga qabul qilish ochiq tanlov imtihonlari orqali amalga oshiriladi, bunda imtihonlar ma’muriy huquq, davlat iqtisodiyoti, davlat boshqaruvi, byudjet va moliyani boshqarish yo‘nalishlaridan olinadi. Ushbu tizimda bitiruvchilar bir necha oy davomida majburiy amaliyot o‘taydi. Bu esa ularga davlat boshqaruvida doimiy ishga ega bo‘lish imkoniyatini yaratadi.

AQShda davlat xizmati har doim huquqiy bilimlar, xususan, ma’muriy huquq bilan chambarchas bog‘liq bo‘lgan. Oxirgi yillarda davlat xizmatchilarining iqtisodiy bilimlariga ham e’tibor kuchaymoqda.

Umuman, ilg‘or xorijiy davlatlarda davlat xizmatiga kirish va “karera” qilish o‘ziga xos xususiyatlarga ega. Bunda asosiy e’tibor davlat xizmatiga kirishda barcha fuqarolarga teng imkoniyatlar yaratishga qaratilgan. Huquqi buzilgan deb hisoblagan davlat xizmatchilari bevosita ma’muriy sudga murojaat qilish huquqiga ega. Davlat xizmatini kadrlar bilan ta’minlash va ularni tanlash, odatda bajariladigan ishning tabiati va darajasi, talab qilinadigan qobiliyat, malaka va ish tajribasi, shuningdek, ishbilarmonlik fazilatlari bilan bog‘liq.

Misol uchun, Buyuk Britaniyada davlat fuqarolik xizmatiga kadrlar tanlovi bilan davlat xizmati Komissiyasi, shuningdek, bevosita vazirlik va idoralar shug‘ullanadi. Bunda davlat xizmatiga kadrlarni tanlash va baholash bo‘yicha mas’ul agentlik yordamchi rol o‘ynaydi. Xodimlarni tanlashda vazirlik va idoralar davlat xizmatiga nomzodlarni baholash va tanlash bo‘yicha agentlik xizmatlaridan foydalanish huquqiga ega.

Nomzodlarni saralash jarayonida birinchi berilgan mavzu bo‘yicha yozma ma’ruza tayyorlash kerak. Undan muvaffaqiyatli o‘tganlar bilan test va suhbat o‘tkaziladi hamda yuqori ball to‘plagan nomzod bilan tanlovning yakuniy bo‘limi vakillari tomonidan oxirgi suhbat o‘tkaziladi.

Turli o‘quv yurtlar, maktab va universitetlarning malaka oshirish o‘quv-kurslaridan nomzodga berilgan tavsiyanomalar ham ishga qabul qilishda inobatga olinadi. Odatda yuqori darajadagi davlat xizmatiga o‘tish uchun universitetni bitirganlik, lavozim uchun kamida 2 yil tayyorgarlik amaliyoti hamda malaka imtihonidan o‘tish talab etiladi. Umumiy ma’muriy lavozimni egallash uchun nomzoddan huquqiy, moliyaviy, iqtisodiy va ijtimoiy fanlarni o‘rganish talab etiladi.

Amerika Qo‘shma Shtatlarida davlat xizmatiga har bir lavozimga qo‘yiladigan talablar, ish ko‘lami, vazifa va majburiyatlar ochiq e’lon qilinadi. Davlat xizmatidagi lavozimlar va majburiyatlar ularning tabiati va xususiyatiga qarab 18 toifaga bo‘linadi. Ushbu ma’lumotlar vakansiya mavjud bo‘lgan har qanday davlat organining rasmiy veb-saytiga joylashtiriladi. Har bir kishi taqdim etilgan ma’lumotlar bilan tanishishi, ma’lum talablar asosida tegishli hujjatlarni to‘ldirishi va ariza berishi mumkin. Shundan so‘ng, belgilangan kunda talabgor tanlov imtihoniga keladi hamda boshqa nomzodlarga nisbatan yuqori ball to‘plasa, u davlat xizmatiga qabul qilinishi mumkin. Agar ishga kirgan davlat xizmatchisi lavozimda ko‘tarilishni xohlasa, u kadrlar bo‘limiga ariza beradi va belgilangan kunda imtihon topshiradi. Xodimni yuqori lavozimga ko‘tarish to‘g‘risidagi qaror imtihon natijalariga ko‘ra qabul qilinadi.

AQShda Inson resurslarini boshqarish boshqarmasi qonun bilan tartibga solinadi va ushbu faoliyatga alohida e’tibor beriladi. Bunda asosiy omil "inson" bo‘lib, u mehnat faoliyatining asosiy hal qiluvchi manbai sifatida qaraladi. Kadrlar bilan ishlash boshqarmasi to‘g‘ridan-to‘g‘ri Prezidentiga bo‘ysunadi va ishga qabul qilish, tayinlash, to‘lov, rag‘batlantirish kabi tizimlarni shakllantiradi. Ushbu boshqarmani 4 yil davomida Prezident tomonidan Senatning roziligi bilan tayinlanadigan direktor boshqaradi. Xodimlarning umumiy soni 8 ming kishini tashkil etadi, ulardan 3,2 mingtasi Vashingtonda, qolganlari 10 ta hududda, shuningdek, kadrlar tanlash va imtihon o‘tkaziladigan joylarda, ta’lim, axborot va "tergov markazlarida" (kadrlarni har tomonlama o‘rganish markazi) ishlaydi.

Fransiyada davlat xizmatiga tanlovning uchta asosiy turi mavjud: tashqi - ma’lum diplomga ega bo‘lganlar uchun, ichki - davlat xizmatida tajribaga ega bo‘lgan mansabdor shaxslar uchun va aralash - bunda oldingi ikkita turning kombinatsiyasi ta’minlanadi.

Tanlov mustaqil kollegial organ – hakamlar hay’ati tomonidan o‘tkaziladi. Hakamlar hay’ati nomzodlarni lavozimlarga tayinlashda oldin erishgan yutuqlariga qarab farqlaydi. Hakamlar hay’ati nomzodni lavozimga tayinlashga vakolatli davlat organi hisoblanadi. Shunga qaramasdan, hakamlar hay’ati lavozimni egallashga tavsiya beradi va yakuniy qaror tanlovni e’lon qilgan organ yoki shaxs tomonidan qabul qilinadi.

Tanlovdan o‘tgan shaxs avtomatik ravishda davlat xizmatchisi maqomiga ega bo‘lmaydi, balki stajyor sifatida ishlaydi va sinov muddati tugagandan so‘ng doimiy davlat xizmatiga tayinlanadi. Tanlovning qonuniyligi ma’muriy sud tomonidan nazorat qilinadi.

Sharqiy Osiyoda esa davlat xizmatiga qabul qilish tizimi G‘arbiy Yevropaga nisbatan farqlanadi. Masalan, Yaponiyada davlat xizmatchilarini tanlash va tayyorlash beshta tizim kombinatsiyasiga asoslangan: “bir umrga yollash”, rotatsiya, ish joyida o‘qitish, obro‘ orttirish hamda moddiy rag‘batlantirish. Ushbu tizimlarning o‘zaro bog‘liqligi davlat xizmatchisida yuqori samarali ishlarni maksimal darajada amalga oshirishga qiziqish, kasbiy va ishbilarmonlik fazilatlarini yaxshilashga olib keladi.

Faqat Yaponiyagagina xos bo‘lgan umrbod yollash tizimi bitta tashkilotda (nafaqaga chiqqunga qadar) yollanib ishlashni anglatadi. Bunda lavozim va to‘lov miqdori xodim ish stajining uzluksizligiga bog‘liq. Davlat xizmatidagi "umrbod bandlik" tizimining xususiyatlaridan biri shundaki, mansabdor shaxs ko‘pincha idoralararo emas, balki tashkilot ichida boshqa lavozimga o‘tkaziladi.

Rotatsiya tizimi ishchi kuchining harakatchanligini ta’minlaydi, uning ishlash qobiliyatini, malakasi va raqobatdoshligini oshiradi.

Bunda bitta ish joyida 2-3 yil ishlagan xodimni gorizontal va vertikal ravishda boshqa ishga ko‘chiriladi. Rotatsiya xodimning roziligisiz amalga oshiriladi. Qoidaga ko‘ra, xodim faqat 2-3 marta gorizontal ko‘chirilgandan so‘nggina uning vertikal rotatsiyasi amalga oshiriladi, ya’ni lavozimda ko‘tarilish, yuqori maoshli lavozimga o‘tish imkoniyati paydo bo‘ladi.

Rotatsiya, shuningdek, davlat xizmatchisini dunyoqarashini kengaytirishga, atrofdagi voqelikka kengroq qarashni rivojlantirishga undaydi.

Yaponiyada tashkilot, korxona va davlat xizmatlari maktablar va universitetlardan maxsus tayyorgarlikni o‘tagan kadrlarni talab qilmaydi. Ularning o‘zi xodimlarning bilimini tashkilot uchun zarur bo‘lgan darajagacha oshiradi. Mahalliy o‘zini o‘zi boshqarish vazirligi tarkibiga kiruvchi Davlat xizmati akademiyasi mahalliy davlat hokimiyati organlari uchun davlat xizmatchilarini o‘qitadi. Davlat xizmatchilarini tayyorlash bo‘yicha ishlar maxsus organ - nodavlat maqomiga ega bo‘lgan Kadrlar bilan ishlash milliy boshqarmasi tomonidan amalga oshiriladi.

Ilg‘or xorijiy davlatlar tajribasidan kelib chiqqan holda O‘zbekistonda ham davlat fuqarolik xizmati sohasida o‘ziga xos tizim yaratilmoqda. Davlatimiz rahbarining tegishli farmon hamda qarorlariga asosan Prezident huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi hamda ushbu agentlikning hududiy filiallari tashkil etildi.

Agentlik zimmasiga davlat organlari va tashkilotlarida xodimlarni boshqarish va inson resurslarini rivojlantirish sohasida yagona davlat siyosatini amalga oshirish vazifasi bilan bir qatorda kadrlarni davlat fuqarolik xizmatiga ochiq mustaqil tanlov asosida qabul qilishni tashkillashtirish vazifalari yuklatildi.

Joriy yilning 19–29 iyun kunlari agentlikning hududiy filiallining o‘zidagi vakant lavozimlarni malakali va munosib nomzodlar bilan to‘ldirish maqsadida agentlikning rasmiy veb-saytida hamda ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarida ochiq tanlov e’lon qilindi. Unda bo‘sh lavozimlarning malaka talablari ham belgilab qo‘yildi.

Vakant lavozimga qiziqish bildirgan har bir fuqaro talab qilingan hujjatlarning elektron nusxasini va arizani ortiqcha ovoragarchiliksiz yuborishiga imkoniyat yaratildi. Hujjatlar qabuli tugagandan so‘ng birinchi bosqichda nomzodlarning hujjatlari vakant lavozimga qo‘yilgan malaka talablariga muvofiqligi o‘rganib chiqildi. Ikkinchi bosqichda nomzodlarning axborot-kommunikatsiya texnologiyalari, iqtisodiyot, ma’naviyat va tarix, siyosat va huquq, shuningdek boshqa sohalar bo‘yicha bilim va ko‘nikmalari test sinovidan o‘tkazildi. Unda 60 dan yuqori ball to‘plagan nomzodlar onlayn tartibda va inson omili ishtirokisiz o‘tkazildi.

Viloyat misolida aytadigan bo‘lsak, belgilangan vakant lavozimlar uchun 23 nafar nomzod bellashdi va uchta bosqichdan muvaffaqiyatli o‘tgan 5 nafar nomzodning shaxsiy va kasbiy ko‘nikmalariga baho berish maqsadida to‘rtinchi bosqichda tanlov komissiyasi tomonidan suhbat o‘tkazildi.

Tanlov komissiyasining yakuniy xulosalariga ko‘ra nomzodlar orasidan yuqori ball to‘plaganlar vakant lavozimlarga ishga qabul qilindi.

Ushbu amaliyot mamlakatimizda kadrlar siyosatini tubdan takomillashtirish bo‘yicha ijobiy yangilik. Negaki, tashkilotlarning rasmiy veb-saytida bo‘sh ish o‘rinlari to‘g‘risidagi ma’lumotlar ozmi-ko‘pmi keltiriladi, ammo unga qabul qilish shartlari ko‘rsatilmaydi. Aksariyat hollarda vakant lavozimlarga 3 ta nomzoddan faqat “belgilangan” nomzodgina suhbatdan o‘tgan hisoblanadi. Ya’ni, boshqaruv organlarida rahbarlik lavozimlariga ochiq tanlov e’lon qilinib, nomzodlarni saralash tizimi yo‘lga qo‘yilmagan.

Ra’no UMAROVA,

Davlat xizmatini rivojlantirish

agentligi viloyat filiali bosh inspektori.