Davlat fuqarolik xizmati – kecha va bugun
Davlat fuqarolik xizmati, aniqrog‘i, unga ishga qabul qilish tartibi Yangi O‘zbekiston sharoitida amalga oshirilgan islohotlar orasida eng muhimlaridan biri, desak xato bo‘lmaydi.
Aslida Prezidentimizning 2019 yil 3 oktyabrdagi “O‘zbekiston Respublikasi kadrlar siyosati va davlat fuqarolik xizmati tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoni hamda “O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorlariga asosan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi (rus tilidagi qisqartirilgan nomi ARGOS) tashkil etildi.
Tashkil etilgan yangi tashkilotga davlat fuqarolik xizmati sohasida yagona siyosatni amalga oshirish, davlat tashkilotlarining kadrlar siyosati sohasidagi faoliyatni muvofiqlashtirish, xodimlarni boshqarish va inson resurslarini rivojlantirishning innovatsion usullarini joriy etish, davlat fuqarolik xizmatiga ochiq mustaqil tanlov asosida qabul qilishni tashkillashtirish, davlat fuqarolik xizmatchilarining faoliyati samaradorligini baholash (KPI) tizimini joriy etish, Milliy kadrlar zaxirasini boshqarish, davlat fuqarolik xizmatchilarining huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish kabi vazifalar yuklatildi.
Agentlikning davlat fuqarolik xizmati sohasida yagona siyosatni amalga oshirish vakolati 2022 yil 8 avgustdagi davlat fuqarolik xizmati sohasidagi munosabatlarni tartibga soluvchi “Davlat fuqarolik xizmati to‘g‘risida”gi Qonuni bilan mustahkamlandi.
“Davlat fuqarolik xizmati to‘g‘risida”gi Qonunning 27-moddasida davlat fuqarolik xizmatiga kirish tanlov asosida amalga oshirilishi, 29-moddasida davlat fuqarolik xizmatining bo‘sh turgan lavozimini egallash maxsus vakolatli davlat organi, ya’ni Davlat xizmatini rivojlantirish agentligining axborot tizimi (vacancy.argos.uz - portali) orqali o‘tkaziladigan tanlovlar asosida amalga oshirilishi qat’iy belgilandi.
Yuqoridagi talabdan kelib chiqib, Davlat fuqarolik xizmati vakant lavozimlari e’lon qilinadigan yagona ochiq portal - vacancy.argos.uz yaratildi. Portalga viloyatdagi 45 ta boshqarma hamda ularning 350 ta quyi bo‘linmalari, mahalliy hokimliklar ulandi.
Agentlikning Samarqand viloyati filiali tomonidan shu kunga qadar viloyat bo‘yicha vakant lavozimlar uchun 17 mingdan ziyod ochiq tanlovlar o‘tkazildi. Ochiq tanlovlarda ishtirok etgan 310 mingdan ziyod nomzodlarning hujjatlari, ochiq tanlov e’lon qilgan tashkilotlarning Inson resurslarini rivojlantirish va boshqarish xodimlari tomonidan sinchkovlik bilan o‘rganilib, malaka talablarini o‘rganish, test va suhbat bosqichlaridan muvaffaqiyatli o‘tgan hamda tanlov g‘oliblari deb topilgan 7 mingga yaqin kishi davlat fuqarolik xizmatiga ishga qabul qilindi.
Agentlikning vazifalaridan biri hisoblangan ochiqlik, professionallik va hisobdorlik tamoyillariga asoslangan xodimlarni boshqarish va inson resurslarini rivojlantirishning innovatsion usullarini joriy etish borasida ham ko‘plab samarali ishlar olib borildi.
Prezidentimizning 2022 yil 11 maydagi "Davlat boshqaruvi sohasidagi korrupsiyaviy xavf-xatarlarni bartaraf etish mexanizmlarini takomillashtirish va ushbu sohada jamoatchilik ishtirokini kengaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qaroriga ko‘ra kadrlar bilan ishlash yo‘nalishidagi byurokratik to‘siqlarni, korrupsiyaviy xavf-xatarlar va inson omilini qisqartirishga qaratilgan avtomatlashtirilgan tizimni joriy etish, xususan, vakant lavozimlarni e’lon qilishdan tortib, tanlov o‘tkazish va ishga qabul qilish natijalari bo‘yicha hujjatlarni rasmiylashtirishgacha bo‘lgan jarayonlarni to‘liq elektron tarzda amalga oshirish belgilangan.
Yurtboshimizning yuqoridagi hamda PF-76-sonli farmoni va PQ-300-sonli qarorlari ijrosini ta’minlash maqsadida, xorijiy ilg‘or tajribalardan kelib vazirlik va idoralar hamda mahalliy ijro hokimliklaridagi inson resurslarini boshqarish faoliyatini to‘liq raqamlashtirish uchun hrm.argos.uz - inson resurslarini boshqarishning yagona elektron axborot tizimi yaratildi.
Ma’lumot uchun Agentlik tomonidan hrm.argos.uz, vacancy.argos.uz, ilm.argos.uz, kpi.argos.uz, test.argos.uz, kadrlar.argos.uz, zaxira.argos.uz, samaradorlik.uz kabi 20 ga yaqin elektron platformalar yaratilganligini eslatib o‘tmoqchiman.
Natijada, vakant lavozim uchun tanlovdan tortib, kadrlarga oid barcha hujjatlarni yuritish faqatgina hrm.argos.uz platformasida amalga oshiriladigan bo‘ldi.
Buning uchun platforma vacancy.argos.uz, zaxira.argos.uz, samaradorlik.uz, e-qaror.gov.uz, e-huquqshunos.uz dasturiy ta’minotlar bilan integratsiya qilindi. Shuningdek, my.mehnat.uz, edo.ijro.uz va UzASBO tizimlariga hujjatlar avtomatik ravishda yuborilishi ta’minlandi.
Davlat organlarida hrm.argos.uz elektron platformasini yuritish tartibi Vazirlar Mahkamasining 492-sonli qarori bilan tasdiqlanib, 2023 yil 1 noyabrdan boshlab HRga oid barcha hujjatlarni hrm.argos.uz platformasida shakllantirish va yuritish uchun davlat organlari rahbarlarining shaxsan mas’ulligi belgilandi.
Agentlikning Samarqand viloyati tomonidan viloyatdagi davlat organlari va tashkilotlari hamda ularning quyi bo‘linmalari, shuningdek, mahalliy hokimliklarda davlat fuqarolik xizmatiga ochiq mustaqil tanlov asosida ishga qabul qilish, mehnat qonunchiligiga oid barcha xujjatlarni belgilangan elektron platformada yuritish, davlat fuqarolik xizmatchilarining ish beruvchilar bilan o‘zaro munosabatlarida ularning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish borasida “Davlat fuqarolik xizmati to‘g‘risida”gi Qonunning 26-moddasiga asosan monitoring ishlari olib borilmoqda.
Shu vaqtgacha olib borilgan 125 ta monitoring hamda 14 ta kompleks o‘rganishlar natijasiga ko‘ra aniqlangan qonunbuzilish holatlari bo‘yicha 97 ta ogohlantirish va 78 ta taqdimnoma kiritilgan. Shuningdek, 67 nafar mansabdor shaxsga nisbatan mutasaddi idoralar bilan hamkorlikda 133,5 mln. so‘m miqdorida ma’muriy jarima qo‘llanilgan.
Natijada 167 nafar xodimning ishga noqonuniy olinganligi aniqlanib, barchasining o‘rniga ochiq mustaqil tanlov asosida munosib kadrlarning ishga olinishiga erishildi.
Xulosa o‘rnida shuni eslatib o‘tmoqchimizki, davlat fuqarolik xizmati tadbiq qilinadigan davlat organlari va tashkilotlarining hududiy boshqarmalari hamda ularning tuman (shahar) bo‘limlardagi ma’muriyat lavozimlariga xodimlarni tanlovlarsiz, to‘g‘ridan-to‘g‘ri ishga qabul qilish, shuningdek, mehnat qonunchiligiga oid barcha xujjatlarni belgilangan elektron platforma (hrm.argos.uz)da yuritmaslik, davlat fuqarolik xizmatchilarining ish beruvchilar bilan o‘zaro munosabatlarida ularning huquq va qonuniy manfaatlariga zid bo‘lgan buyruq va qarorlarni qabul qilish, belgilangan qonun talablarining buzilishi hisoblanib, rahbarlarga nisbatan tegishli choralar ko‘rilishiga sabab bo‘ladi.
Foziljon AXATOV,
Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi viloyat filiali bosh inspektori.