Davlat rahbarining har bir qarori turmushimizning yanada yaxshilanishiga turtki bo‘lmoqda

Odatda davlat hokimiyati uchga bo‘linishi, bunday qonun chiqaruvchi va ijro etuvchi hokimiyatlar bilan birga sud hokimiyati ham teng kuchga egaligi odamlarning e’tiboridan chetda qoladi. Muhimi, sud hokimiyati boshqa ikki hokimiyat organidan farqli o‘laroq adolatni ta’minlashga xizmat qilish kerakligiga ayrim vaqtlarda shubha tug‘ilayotganini kuzatish mumkin.

Tan olib aytish kerakki, bunga ham ob’yektiv va sub’yektiv sabablar bor, albatta. Misol uchun, tizimda yillar davomida amalga oshirilgan islohotlar sobiq ittifoq davrida ma’muriy buyruqbozlik tizimini birmuncha o‘zgartirdi. Sudlar faoliyatida zamonaviy texnologiyalarni keng joriy etish bo‘yicha amalga oshirilgan tadbirlar fuqarolar va tadbirkorlik sub’yektlariga o‘z huquqlari va manfaatlarini himoya qilish uchun sudga murojaat qilishni erkinlashtirish, umuman, odil sudlovga erishishni oshirish hamda sudlar faoliyatida ochiqlik va shaffoflikni ta’minlash imkonini berdi.

Davlatimiz rahbarining tashabbusi, siyosiy irodasi bilan bu borada juda katta ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, birgina sud organlari faoliyatini bugungi kun talablari darjasida tashkil etish borasida faqatgina joriy yilning o‘zidayoq qator farmon va qarorlar qabul qilindi.

Mazkur hujjatlar bilan tanishar ekansiz, birinchidan, sud organlari xodimlari uchun ko‘rib chiqilayotgan ishlarning faqat adolat tarozisi bilan o‘lchashdan boshqa yo‘lga o‘rin qoldirilmayotganiga guvoh bo‘lasiz.

Prezidentimiz faoliyatini boshlaganlaridan buyon takror-takror aytib kelayotgan davlat idoralari xalqqa xizmat qilishi kerakligi haqidagi g‘oya har bir hujjatga singdirilmoqda. Buni davlatimiz rahbarining yaqinda qabul qilingan sud hokimiyati organlari faoliyatini raqamlashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi qarori misolida ham ko‘rish mumkin.

Negaki, qarorda belgilangan birinchi masala - interaktiv elektron xizmatlar turlarini kengaytirish. Bu qaysiki, pandemiya sharotidan kelib chiqqan xulosalar bilan bog‘liq bo‘lsa, asosiysi, sud bilan bog‘liq jarayonda byurokratiyani yo‘qotish, inson omiliga o‘rin qoldirmaslik, odamlarimizga o‘z huquqlarini himoya qilish uchun zamonaviy imkoniyat yaratishdan iborat. Ya’ni, endi chekka hududda yashovchi fuqaro sudga oid ishlarni vaqt va mablag‘ yo‘qotmasdan masofadan hal qilishi talabi qo‘yildi.

Qarorga muvofiq, 2021 yil 1 oktyabrdan boshlab barcha ishtirokchilarni sud majlislarining vaqti va joyi haqida “SMS” xabar orqali bepul asosda xabardor qilinadi. Bundan tashqari, 2022 yil 1 yanvardan boshlab sud qarorlarini ish bo‘yicha taraflarga onlayn tarzda, ularning iltimosnomasi bo‘yicha esa qog‘oz shaklida taqdim etiladi.

Umuman, 2022 yil 1 iyulga qadar sud hokimiyati organlari faoliyatida, shu jumladan, fuqarolar va tadbirkorlik sub’yektlariga odil sudlovga erishishda qulaylik yaratish maqsadida 10 ga yaqin interaktiv xizmatlar ko‘rsatish yo‘lga qo‘yiladi.

Endi sudga ishi tushgan jismoniy yoki yuridik shaxs uning advokati tomonidan sudlarga da’vo, ariza va shikoyatlarni faqat elektron shaklda taqdim etadi. O‘z navbatida, murojaatni ko‘rib chiqish jarayonini onlayn tarzda kuzatib borishiga ham imkoniyat yaratiladi.

Shuningdek, sud majlisi ishtirokchilari tomonidan ham ma’lumotlar va hujjatlar elektron shaklda yuboriladigan bo‘ladi. Demak, u xoh da’vogar bo‘lsin, xoh javobgar sud majlisiga qadar kimnidir izlamaydi, kutmaydi, turli tushunmovchiliklar bilan asabini buzmaydi.

Bundan tashqari, Oliy sud joriy yil yakuniga qadar sud majlislarida videokonferensaloqa rejimida ishtirok etish imkonini beruvchi mobil dasturni ishlab chiqib, uni amaliyotga joriy etadi. Bu tabiiyki, sud majlisi ishtirokchilari turli rejalarini o‘zgartirishiga o‘rin qoldirmaydi. U masofada turib ham sud majlisida ishtirok etishi, tegishli ko‘rsatmani berishi mumkin bo‘ladi.

Darvoqe, fuqarolar uchun yaratilayotgan yana bir qulaylik shundaki, endi muayyan ishni ko‘rish jarayonida zarur bo‘lgan ma’lumot va hujjatlar sudlar tomonidan bevosita davlat organlari va tashkilotlaridan elektron shaklda olinadi.

Qaror bilan belgilangan keyingi vazifa va topshiriq elektron ma’lumotlar almashinuvini yanada kengaytirish bo‘ldi. Yashirib nima qildik, yurtimizda rivojlangan davlatlarda bo‘lgani singari idoralararo elektron axborot almashinish tizimi yo‘q.

Qarorda qayd etilganidek, bugungi kunda sudlarda ishlarni ko‘rishda ko‘pgina vazirlik va idoralar bilan ma’lumot almashinuvi ularning axborot tizimlari o‘zaro integratsiya qilinmaganligi sababli asosan qog‘oz shaklida amalga oshirilmoqda. Shu bois Prezidentimiz eskicha, qog‘ozbozlik bilan ish yuritish uslubini yangicha, zamonaviy tizimda qurish talabini qo‘ydi. Bu vazifani amalga oshirish ham birinchidan, vaqt va xarajatlar qisqarishiga xizmat qilsa, o‘z navbatida, sudlarda ko‘rib chiqilayotgan ishning tezkor hal etilishi, qabul qilinayotgan hujjatlar sifatli bo‘lishini ta’minlaydi.

Buning uchun birinchi navbatda, 28 ta davlat organlari va tashkilotlari, shu jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Virtual qabulxonasi, Bosh vazirining Tadbirkorlar murojaatlarini ko‘rib chiqish qabulxonalari axborot tizimlarini Oliy sudning axborot tizimiga bosqichma-bosqich ulaydi.

Albatta, amalga oshirilayotgan yangiliklar, xususan, sud organlari faoliyatining raqamlashtirilayotgani, avvalo sudyalar savodxonligini va malakasini oshirish, ularni axborot texnologiyalari va axborot xavfsizligi bo‘yicha o‘qitishni taqozo etadi. Buning uchun Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti va uning filiallari tomonidan amalga oshiriladi.

Olim HAYITOV,

jinoyat ishlari bo‘yicha Samarqad viloyati sudi raisi.