Davr fidoyilari: Kam sonli kardiojarrohlardan biri
Viloyat bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi bolalar kardioxirurgiyasi bo‘limi mudiri Niso Turdiyeva umrini ezgulikka bag‘ishlagan, mehnati bilan Vatan ravnaqiga hissa qo‘shayotgan matonat sohibalaridan biri.
Kardioxirurg Rossiya Federatsiyasining Moskva shahridagi Bakulev nomidagi kardiologiya tibbiyot markazida qariyb o‘n yil faoliyat yuritgan. 2019 yildan buyon Samarqandda.
Bir qarashda nima bo‘libdi, deyish ham mumkin. Avvalo, raqamlarga e’tibor qiling, birgina 2022 yilda 600 ga yaqin bolada yurak operatsiyasi o‘tkazilgan. Buni 4 ga ko‘paytirsa, qancha bo‘ladi, 5 baravari-chi?
Demak, yuragida nuqsoni bor shuncha bolalar Niso Turdiyeva va uning jamoasi ko‘magi bilan sog‘lomlashtirilgan.
N.Turdiyeva 2003 yil Toshkent pediatriya tibbiyot institutiga o‘qishga kirib, keyinchalik o‘qishni Sankt-Peterburg tibbiyot akademiyasiga ko‘chirgan. Bakalavr diplomini olgach, Bakulev nomidagi yurak-qon tomir jarrohligi markaziga o‘qishga borib, 9 yil davomida ham o‘qib, ham ishlab, nomzodlik dissertatsiyasini yozgan.
N.Turdiyeva O‘zbekistonga qaytishining o‘zi ham alohida bir hikoya.
- Rossiyaga ketishimdan oldin kardiojarrohlikni xorijda mukammal o‘rganib, O‘zbekistonga qaytish va sohani rivojlantirish maqsadim bo‘lgan, - deydi u. - Kardiojarrohlik markazida ishlaganimda, O‘zbekistondan kelgan bemorlarni ko‘p ko‘rardim. Bemor bolalarning ahvoli og‘ir, moddiy sharoiti esa haminqadar. Ularni o‘zimizda operatsiya qilsa bo‘ladiku, deb o‘ylaganman. Qaytishimning sabablaridan biri shu...
Ishlab yurganimda 2000 AQSh dollari miqdorida oylik olardim. Qaytishimni aytganda, Rossiyadagi hamkasblarim hayron qolishgan, albatta. Boshida ishlab keta olarmikinman, deb o‘zimga ishonmaganman. Hozir esa bu yo‘lni tanlaganimga hecham afsuslanmayman.
Niso Turdiyeva 2021 yilda II darajali «Salomatlik» ordeni bilan taqdirlangan.