Deputat Rasul Kusherbayev: “Bu uylarni arzon deyish mumkinmi?”

Shu kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda poytaxtimizning Sergeli tumanida qurilayotgan arzon uy-joylarning narxlari keskin oshirib yuborilganidan shikoyat qilgan bir guruh fuqarolarning noroziliklari aks etgan videomurojaatlar ko‘p muhokama qilinmoqda. Mazkur vaziyat yuzasidan Oliy Majlis deputati Rasul Kusherbayev o‘z munosabatini bildirdi.

Deputat mas’ul tashkilotlarga mazkur masalani ko‘rib chiqish yuzasidan yuborgan so‘rovlari e’tiborsiz qolayotganini yozadi:

“O‘tgan yilning yozida Sergelida qurilayotgan uy-joylarning narxi keskin oshib ketganligi yuzasidan dastlab Toshkent shahar hokimi va “O‘zshaharqurilishinvest” IK, keyinchalik Qurilish vazirligi, “O‘zqurilishmateriallari” AK va boshqa mas’xul idoralarga deputatlik so‘rovi bilan chiqib, ularni ushbu masalaga ochiq ko‘z bilan, bir oyda 1 yoki 1,5 million daromad qiladigan uyga muhtoj oilaning qarichi bilan qarab, xulosa chiqarishlarini so‘rovdim. Afsus, shahar hokimi jamoasi o‘shandayoq bu masalaga ko‘z yumib qo‘ya qoldi: bir oy urinib, axiyri sarson so‘rovni “O‘zshaharqurilishinvest” IKga yo‘naltirishgan xolos.

Qolganlari ham uzoq tushuntirishib, oddiy aytganda “aravani rosa sudrash”dan nariga o‘tishmadi. Biroq 2019 yilda narx oshmaydi, maxsus loyiha ishlab chiqdik, degan va’dalar bor edi...qani?

Xullas, o‘sha vaqtda qo‘yilgan savolimga hozirgacha javob ola olmayapman: baraka topgur quruvchi, direktor, rais, hokim va ko‘plab mas’ullar yana so‘rayapman: Sizlarning uyga muhtojlar uchun “arzon uy-joy”, degan uylaringiz respublika bo‘ylab qurilayotgan ayrim tijorat uylaridan ham qimmatga aylanib ketayaptiku! Kamiga sifatsiz degan gaplar yuribdi. Buni qanday izohlaysizlar? Bu uylarni arzon deyish mumkinmi? Gaplarimga ishonmasangiz olx.uz ga kirib ko‘ring.

Ota bobolarimiz amal qilib kelgan “lafz” degan gap bor ahir, boshda kelishildimi bo‘ldi: oxirigacha lafzdan qaytmaslik kerak. Bizga shuni o‘rgatishmaganmi ajdodlarimiz: lafzsizning oxiri voy va sharmandalik”.