Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi “UzAuto Motors”  nayranglarini fosh qildi. Reklama xarajatlari ham iste’molchidan undirilmoqda

Deputat Rasul Kusherbayevning yozishicha, Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi tomonidan “UzAuto Motors” AJ faoliyatini tekshirish jarayonida quyidagi qonunbuzilish alomatlari aniqlangan:

 Birinchidan, avtomobillarning bazaviy narxini shakllantirishda normalanadigan xarajatlarni, ya’ni butlovchi qism va materiallar narxini oshirib kiritish;

 Ikkinchidan, AJ tomonidan avtomobillarning bazaviy narxini shakllantirishda o‘tgan yilning 9-oylik hisobot ko‘rsatkichlari inobatga olish oqibatida normalanmaydigan xarajatlarning oshishi;

 Uchinchidan, AJ tomonidan avtomobillarning bazaviy narxini shakllantirishda reklama xarajati va boshqa xarajatlar asossiz kiritilishining narxga ta’siri;

 To‘rtinchidan, avtomobillarning bazaviy narxini shakllantirishda kreditga bog‘liq xarajatlarning noto‘g‘ri kiritilishi kabi omillar narx yuqori shakllanishiga sabab bo‘lgan.

 Bundan tashqari, yengil avtomobillarni iste’molchilarga realizatsiya qilishda ayrim dilerlarga boshqalariga nisbatan afzal holatga qo‘yadigan imtiyoz va yengilliklarni berish, yangi tashkil etilayotgan dilerlar bilan shartnoma tuzishda shartnoma predmetiga taalluqli bo‘lmagan shartlarni qo‘yish kabi holatlarni sodir etish alomatlari aniqlangan. Bu qisqa muddatda sotilgan avtomobillarning aksariyat qismi kam sonli ayrim dilerlar orqali sotilishiga sabab bo‘lgan.

 Yana bir masala: “UzAuto Motors” AJ yangi tashkil etilayotgan dilerlik markazlari bilan tuziladigan dilerlik shartnomasiga 10 mlrd so‘m miqdorida oldindan to‘lov o‘tkazish shartini kiritgan bo‘lib, biroq shu kunga qadar amalda ishlab turgan dilerlik markazlari bilan tuzilgan shartnomalarda bunday shartlar mavjud emas. Bu o‘z o‘rnida yangi ishtirokchilarning “bozor”ga kirib kelishida sun’iy to‘siq paydo qilgan.

 Yana bir qiziq holat shundaki, maxsus aksiyaga tushgan avtomobillarni muddatli to‘lov asosida sotishni “UzAuto Motors” AJ o‘zi ta’sischiligidagi “Autosanoat Invest” MChJ orqali amalga oshirish tizimini shakllantirgan. Bunda boshqa dilerlar to‘g‘ridan-to‘g‘ri bu ishni amalga oshira olishmay, sun’iy to‘siq qo‘yilgan.

 Bu holatlar atroflicha muhokama etildi. “UzAuto Motors” AJ bu vajlarni tan olmay qo‘shimcha hujjatlar bilan tanishib chiqib, ish mazmuniga ta’luqli materiallarni taqdim etishini bildirib o‘tdi. Shu sababli ishni ko‘rishni yaqin kunlarda davom ettirishga qaror qilindi.