Deputat koronavirusni tarqatishga atayin yo‘l qo‘yib berayotgan mas’ullarga chora ko‘rilishini talab qildi
Koronavirus bilan qarshi kurashda aholini hushyorlikka chaqirib, karantin qoidalarini buzganlik uchun qat’iy choralar qo‘llanayotgan bir vaqtda bir qator mas’ullarning o‘zlari koronavirusni tarqatishga atayin yo‘l qo‘yib berishmoqda, deb yozdi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Rasul Kusherbayev.
"Zangiota tumanida tashkil etilgan koronavirusga qarshi kurashish bo‘yicha maxsus kasalxonada kasallangan bemorlar uchun ishlatilgan tibbiy buyumlardan iborat chiqindilarning bir qismi atrof-muhitga tashlanmoqda. Xususan, kuni kecha Toshkent viloyati Zangiota, Quyi Chirchiq tumanlari, Chirchiq daryosi atrofiga tashlangan bunday chiqindilar aholining keskin e’tiroziga sabab bo‘ldi.
Bugun menga kelgan murojaat va ma’lumotlarga ko‘ra, ayni vaqtda uchta hududda ana shunday chiqindilarni tashlab ketish holatlari aniqlangan. Achinarlisi, koronavirusda ishlatilgan chiqindilar daryo suviga qadar sochilib ketgan.
O‘rganish davomida yaqin vaqtgacha bunday chiqindilarni yo‘q qilish bilan shug‘ullanib kelgan «Med class plus» MChJ bu xizmatni to‘xtatishi oqibatida shunday muammo kelib chiqqani ma’lum bo‘ldi. Ushbu tadbirkorlik sub’yekti standartlarga muvofiq, koronavirusda ishlatilgan buyumlar chiqindisini yoqib, yo‘q qilish bilan shug‘ullanib kelgan. Biroq mas’ullar tomonidan negadir ushbu MChJdan bu xizmat olinib, boshqa tadbirkorga berilgan va yangi tadbirkor chiqindilarni to‘liq yoqib, yo‘q qilishning uddasidan chiqa olmagach, yashirincha atrofga chiqarib to‘kishni boshlagan.
Ozgina foyda olaman deb, o‘z yaqinlari, yurtdoshlari qolaversa, mamlakat taqdirini xavf ostiga qo‘yib, bunday ish bilan shug‘ullanishni nima deb atasa bo‘ladi o‘zi? Pastkashlik. Bunday qilayotgan odamning o‘zi ham uni yashirincha qo‘llab-quvvatlab foydani «arra» qilmoqchi bo‘lgan mas’ullar ham eng pastkash va kechirib bo‘lmaydigan ishga qo‘l urishibdi. Buning boshqa nomi yo‘q. Bu xalqni og‘ir kunidan foydalanib qilingan jinoyat.
Umid qilamanki, barcha darajadagi huquqni muhofaza qilish organlari va vijdoni bor mas’ullar bu vaziyatni shunchaki qoldirmay, tezkor choralar ko‘rishadi.
Shuningdek, qonunga muvofiq chiqindi tashlangan hududlarni virusdan to‘liq zararsizlantirish, muammoni hal etish va aybdorlarni jazolashlarini ham talab qilamiz!", deya post qoldirgan deputat Telegramdagi sahifasida.