Kusherbayev o‘zi haqida tarqalayotgan gaplarga munosabat bildirdi

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Rasul Kusherbayev so‘nggi kunlar o‘zi bilan bog‘liq paydo bo‘lgan gaplarga munosabat bildirdi:

"Internet saytlari va ijtimoiy tarmoqlarda men bilan bog‘liq xabarlar va videomaterial muallifining murojaatlari yuzasidan quyidagilarni bildirib o‘tmoqchiman.

Yangiyo‘llik tadbirkor videoda bayon etgan holatlar, yer uchastkasi bilan bog‘liq vaziyat va boshqa ishlar bo‘yicha ayrim prokuratura mas’ullarining menga ayblov uyushtirish, majburan ko‘rsatma olishga urinishlari haqida fuqarolar tomonidan menga ham murojaatlar bo‘lgan va ularni imkon darajasida o‘rganganman.

Ushbu holatlar bo‘yicha huquqiy baho berish, deputat faoliyati, o‘zi va oilasi daxlsizligi bilan bog‘liq kafolatlarni to‘liq ta’minlash yuzasidan tegishli yuqori idoralarga murojaat qilganman.

Umid qilamanki, barcha holatlar hech qanday ta’sirlarsiz xolis o‘rganilib, huquqiy baho beriladi, deputat daxlsizligi, sha’ni va ishchanlik obro‘si ta’minlanadi.

Eslatma uchun, deputatning odamlarga, tadbirkorlarga huquqiy ko‘mak berishi, muloqot qilishi, do‘stlarga ega bo‘lishi, xalq dardini eshitib, har qanday vaziyatda ham fuqarolarning yonini olishga urinishi qonunbuzarlik bo‘lishi mumkin emas. Bu faqat ayrim nopok shaxslarning dunyoqarashi, xolos.

Bo‘layotgan ishlardan qattiq xafaman.

Barchaga e’tibor va ma’naviy qo‘llov uchun rahmat!", deb yozgan deputat.