Men hamma narsaga “qarshi”, “yomon” deputatman. Kusherbayev IIV e’lon qilgan videoga munosabat bildirdi

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Rasul Kusherbayev Ichki ishlar vazirligining internet tarmog‘idagi rasmiy sahifasida "Namanganda deputat jamiyatda yurish-turish qoidalarini buzdi" deya e’lon qilingan videoga munosabat bildirdi.

"Ichki ishlar vazirligining internet tarmog‘idagi rasmiy sahifasida “bosar-tusarini bilmay qolgan deputatlar haqida”gi videoni ko‘rdik va tegishli xulosalar chiqardik.

Besh daqiqalik videoda kamida 13 marta “deputat” so‘zi tilga olinibdi. “Deputat” fuqaro emas va uning huquqbuzarligiga fuqaro sifatida emas deputat sifatida baho berilmoqda.

Ichki ishlar targ‘ibot yo‘nalishida huquqbuzarlarni fuqaro sifatida emas, jamiyatda egallagan mansab va darajasiga qarab yoritish bo‘yicha samarali tizim yo‘lga qo‘yilgan ko‘rinadi. O‘ylashimcha, yaqin vaqtlarda “bosar-tusarini bilmaydigan “tadbirkor”, “prokuror”, “hokim”, “soliqchi”, “militsiya” kabi videolar ham chiqsa kerak, agar tenglik va ajratish bo‘lmasa, albatta. Chunki hamma ham odam, xato qilishi mumkin. Ko‘ramiz.

Vodiydagi mahalliy Kengash deputatlarining qilgan huquqbuzarliklarini hech narsa bilan oqlab bo‘lmaydi va men ham o‘z xizmat vazifasini bajarayotgan ichki ishlar xodimlariga nisbatan bunday munosabatni toqat qilib bo‘lmas holat, deb bilaman. Deputatmi, boshqami hamma qonunga bo‘ysunishi shart. Va, mana shunday sinovli kunlarda jamiyatda tartibni saqlash, karantin tadbirlarini tashkil etishda ichki ishlar xodimlarining katta xizmat qilayotganligini ko‘rib, bilib turibmiz. Ularga ham osonmas. Ular orasida mening ham ko‘plab do‘st-birodarlarim bor, barchasining otasiga raxmat!

Biroq videodagi holatni bayon etishda barcha darajadagi deputatlarga nisbatan shunday baho berishga urinish bor. Go‘yoki, shu yo‘l bilan “bir xumoridan chiqmoqchi” bo‘lgan kimdir.

Qizig‘i, videoda shifokorlarning yonini olgan Oliy Majlis deputatining “Xalq so‘zi” gazetasi internet saytida e’lon qilgan munosabatini umuman kerakmas joyda majburan tiqishtirib tilga olinayotgani kimga va nimaga kerak bo‘lib qoldi? Bular boshqa-boshqa holatku?! Bilmadimu bundan yana bir nimaning hidi kelayapti. Lekin “zakaz” demadim hali.

Oliy Majlis deputatining ushbu munosabatidagi faktlarni menam isbotlashga tayyorman. Odamlar deputatga chiqishi tabiiy. Biroq “qo‘y, karantin vaqtida og‘irroq bo‘laylik, hozir nozik vaqt”, deb turibmiz. Ammo kimlardir vaziyatdan foydalanib, “tosh ot, tosh ot” o‘yini qilayotganligi ta’bni xira qilayapti.

Videoda IIV mas’ullari qonunlarni tilga olib, deputatlar ham unga rioya etishi kerakligini qayta-qayta eslatibdi. Bo‘larkanu mana, buning uchun ularga katta rahmat va fursatdan foydalanib men ham ichki ishlar mas’ullaridan bir narsani eslatib, so‘ramoqchi edim.

Gap shundaki, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 291-moddasida transport vositalarini ushlab turish asoslari keltirib o‘tilgan bo‘lib, unda ushbu kodeksning 54-moddasi talablari, ya’ni epidemiyaga qarshi kurash qoidalarini buzganlik uchun transport vositalarini vaqtincha ushlab turish keltirilmagan. Bundan kelib chiqadiki, joylarda karantinga rioya etmaganlik sababidan avtomobillarni jarima maydonlariga tiqib qo‘yish noqonuniydir. U yerda turgan har bir kun uchun to‘lov ham bor. Negadir bunga ko‘z yumishga harakat qilinayapti. Kodeks – bu qonun. Qaror, topshiriq, buyruqlar qonundan ustunmas.

IIV yuqorida eslatib o‘tgandek, endi men ham qonunga ko‘ra, deputat sifatida bunday qonunbuzilishiga chek qo‘yishni talab qilib chiqsam, mening qonuniy talabim yoki karantin tadbiriga qarshi targ‘ibot, siyosatga qarshilik, “populizm” degan gaplar bilan bayroq qilinadi. Shunday bo‘htonlar bilan mendan dushman yasab, rahbarlarga kirib yomonlanadi: men hamma narsaga qarshi, tushunmaydigan, yomon deputatman. Shunday emasmi?

Yo‘q, endi deputat sifatida menam talab qildim, qonunga barcha bo‘ysunsin! Zero, ichki ishlar xodimining ham, deputatning ham qonuniy talablariga bo‘ysunmaslik javobgarlikka sabab bo‘ladi va fuqarolarning huquqlari buzilishiga olib keladi.

Qani bo‘lmasam qonun talabiga bo‘ysunib, noqonuniy harakat qilishga chek qo‘yaylik yoki noxolis, “populist”, o‘qimagan, yomon deputat, deb mendan “fil” yasaylik.

Aslida shunday kunlarda og‘irroq bo‘laylik, “tosh ot, tosh ot” qilmaylik deb yurgandim. Adashibman shekilli, lekin haliyam shu – og‘irroq bo‘laylik!

Talabim natijasini kutaman", deb yozgan deputat.