Rasul Kusherbayev 200 va 500 so‘mlik banknotalarni muomaladan chiqarmaslikni taklif qildi
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Rasul Kusherbayev 200 va 500 so‘mlik banknotalarning 1 iyuldan muomaladan chiqarilishi bir qator fuqarolarga noqulaylik tug‘dirgani haqida ma’lum qildi:
"Ma’lumki, Adliya vazirligida 2018 yil 19 mayda 3014-son bilan ro‘yxatdan o‘tkazilgan “O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankining eski namunadagi 50 va 100 so‘mlik tangalarini, shuningdek, 50, 100, 200 va 500 so‘mlik banknotalarini ayirboshlash hamda muomaladan qaytarib olish tartibi to‘g‘risida”gi nizomga asosan 1997 yil namunasidagi 200 va 1999 yil namunasidagi 500 so‘mlik banknotalar shu yilning 1 iyulidan qonuniy to‘lov vositasi sifatida o‘z kuchini yo‘qotdi.
Biroq aholi tomonidan bo‘layotgan murojaatlarda 200 va 500 so‘mlik banknotalarning savdo va xizmat ko‘rsatishda qabul qilinmayotganligi ularga qiyinchilik tug‘dirayotganligi bildirilmoqda. Aholi o‘z e’tirozlarida xizmat yoki mehnat orqali ega bo‘lgan moddiy qiymatga ega mablag‘larining o‘zlariga bog‘liq bo‘lmagan sabab tufayli moddiy qiymatini yo‘qotganligi va to‘lov sifatida qabul qilinmayotganligidan norozi ekanliklarini bildirishmoqda. Bu ayniqsa, yetarli darajada ijtimoiy infratuzilmaga ega bo‘lmagan, bank hamda yirik savdo va xizmat ko‘rsatish ob’yektlaridan olis hududlarda kuzatilmoqda.
Shu munosabat bilan 1 iyul kuni Markaziy bank mutasaddilari bilan bog‘lanib aholiga qulaylik yaratish maqsadida 1997 yil namunasidagi 200 va 1999 yil namunasidagi 500 so‘mlik banknotalarning muomaladan tabiiy yo‘l bilan chiqib ketishi uchun uning qonuniy to‘lov vositasi sifatida qo‘yilgan kuchini yo‘qotish muddatini bekor qilish va muomala vaqtini muddatsiz etib belgilash masalasini ko‘rib chiqish haqida taklif kiritildi.
Bu haqda Markaziy bank raisi M.Nurmuratovga deputat nomidan tegishli so‘rov xati yubordim.
Umid qilamizki, Markaziy bank ko‘plab saylovchilarni bezovta qilayotgan masalani ijobiy hal etadi".