Deputat Kusherbayevga o‘tkazilgan bosim yuzasidan Bosh prokuratura bayonot berdi
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputati Rasul Kusherbayevga siyosiy faolligi tufayli bosim o‘tkazilganligi haqida ommaviy axborot vositalarida keng tarqalgan va qizg‘in muhokamalarga sabab bo‘lgan xabarlar yuzasidan Bosh prokuraturada deputatning bevosita ishtirokida o‘rganish o‘tkazildi.
R.Kusherbayev bilan Bosh prokuraturada o‘tkazilgan suhbatda bayon etilgan har bir ma’lumot markaziy mahkamaning o‘zida ishga aloqador shaxslarni jalb qilgan holda, tegishli hujjatlarni ko‘zdan kechirish yo‘li bilan to‘liq tekshirildi.
O‘rganish natijalariga ko‘ra, deputat R.Kusherbayevga prokuratura organlari tomonidan biron bosim yoki tazyiq o‘tkazilganligini tasdiqlovchi ob’yektiv dalillar aniqlanmadi.
Jumladan, Davlat geologiya va mineral resurslar qo‘mitasi huzuridagi Kon-geologiya faoliyatini nazorat qilish inspeksiyasi tomonidan Yangiyo‘l tumanidagi “Qo‘sh-yog‘och oltin fayz baliqlari” MChJga ajratilgan baliqchilik havzasidan qum-shag‘al aralashmasini noqonuniy olib chiqib ketish holati yuzasidan o‘tkazilgan tekshirish hujjatlari chora ko‘rish uchun prokuratura organlariga taqdim etilgan.
Mazkur hujjatlar asosida 2020 yil 24 yanvarda JKning 167-moddasi 3-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, Yangiyo‘l tumani prokuraturasi tomonidan dastlabki tergov o‘tkazilgan.
Tergov davomida ushbu jamiyat rahbari J.Z. akasi B.Q. bilan jinoiy til biriktirib, baliqchilik faoliyatini tashkil etish uchun ajratilgan 11,8 gektar yer maydonidan 600 million so‘mlik 57,2 ming kub metr qum-shag‘al aralashmasini qazib olib, tegishli litsenziyaga ega bo‘lmasa-da, qonunga zid ravishda sotib yuborib, talon-toroj qilganligi, bu orqali davlatga juda ko‘p miqdorda zarar yetkazganligi aniqlangan.
Shu sababli J.Z.ga JKning 167-moddasi 3-qismi “a” bandi bilan ayblov e’lon qilinib, ishning unga nisbatan qismi 2020 yil 4 mayda jinoyat ishlari bo‘yicha Yangiyo‘l tumani sudiga yuborilgan.
Ayblanuvchi B.Q.ga esa tergovdan yashiringanligi sababli qidiruv e’lon qilingan.
Ijtimoiy tarmoqlarda, shu jumladan, qidiruvda bo‘lgan B.Q. tomonidan internet tarmog‘ida e’lon qilingan videomurojaatda ushbu jinoyat ishi tergovi davomida go‘yoki “Qo‘sh-yog‘och oltin fayz baliqlari” MChJ deputat R.Kusherbayevga tegishli ekanligi haqida ko‘rsatmalar olishga urinish bo‘lganligi haqida uydirmadan iborat xabarlar tarqatilgan.
Jinoyat ishi Bosh prokuraturada o‘rganilganda, ish bo‘yicha deputat R.Kusherbayevga oid biron bir masala muhokama qilinmaganligi, unga aloqador ma’lumot to‘planmaganligi yoki u bilan bog‘liq tergov harakatlari o‘tkazilmaganligi ma’lum bo‘ldi.
Bosh prokuratura xodimlari tomonidan J.Z. bilan xolis o‘tkazilgan suhbat davomida, u tergovda undan R.Kusherbayev haqida hech qanday ma’lumot so‘rab-surishtirilmaganligini, u haqda savol berilmaganligini, unga qarshi ko‘rsatma berish talabi bilan tazyiq o‘tkazilmaganligini bildirdi.
Bosh prokuratura ijtimoiy tarmoqlarda tarqatilgan bu uydirmalarni aholi orasida obro‘ qozongan jamoatchilik vakillari nomidan o‘z maqsadlari yo‘lida foydalanib, tergov natijasiga ta’sir o‘tkazishga hamda huquqni muhofaza qiluvchi organlarga ishonchsizlik uyg‘otishga qaratilgan urinish deb baholaydi.
Shuningdek, R.Kusherbayevning Bosh prokuraturada o‘tkazilgan suhbatda o‘ziga nisbatan bosim sifatida baholagan boshqa vajlari ham o‘zining ishtirokida to‘liq tekshirilib, unga, shu jumladan, faoliyati bilan bog‘liq ravishda ta’sir ko‘rsatish yoki bosim o‘tkazish holatlari aniqlanmadi.
Mazkur vajlar R.Kusherbayevning shaxsi va ishchanlik obro‘siga aloqadorligi tufayli tafsilotlari ochiqlanmasligi ma’lum qilinadi.
Deputat R.Kusherbayev Bosh prokuraturada o‘tkazilgan o‘rganish natijalari bilan tanishtirildi.
Shu bilan birga, kelgusida huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan uning siyosiy faoliyati bilan bog‘liq har qanday tazyiq yoki bosim o‘tkazilishining oldini olishga qaratilgan aniq choralar belgilandi. Jumladan, B.Q.ga nisbatan jinoyat ishi ustidan alohida nazorat o‘rnatildi.
Zero, R.Kusherbayev jonkuyar va tashabbuskor deputat sifatida faoliyat olib bormoqda. U bilan prokuratura organlari o‘rtasida doimiy hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan.
Bosh prokuratura yurtimiz, xalqimiz hayoti va taqdiri bilan bog‘liq voqeliklarga befarq bo‘lmagan, fikr va takliflari bilan o‘zining faol fuqarolik pozitsiyasini namoyon etayotgan, jamoatchilik nazoratini amalga oshirishda munosib hissa qo‘shayotgan jamoatchilik vakillarini qo‘llab-quvvatlaydi va o‘zaro hamkorlikdan manfaatdorligini ma’lum qiladi.