Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Deputat xalq orasida: muammolar yechim topmoqda

Ayni kunlarda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari o‘z saylov okrugi hududlarida bo‘lib fuqarolarning turmushi, yashash sharoiti, ehtiyoji, ularni o‘ylantirayotgan masalalarni atroflicha o‘rganmoqda.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Muzaffara Abdiyeva Past Darg‘om tumanida bo‘lib, aholini yashash sharoiti, o‘y-tashvishlari bilan tanishdi.

“Furqat” mahalla fuqarolar yig‘inida kechgan yuzma-yuz muloqotda hududdagi 61-ko‘p qavatli uyda yashovchilarning kanalizatsiya tizimida muammolar mavjudligi yuzasidan qilgan murojaati deputat e’tiborini tortdi. Mahalla fuqarolar yig‘ini raisi, tuman suv ta’minoti korxonasi mutasaddilari bilan shu masalada suhbat olib borib, shu hududga yaqin joylashgan yangi qurilgan ko‘p qavatli turar joy binolarining kanalizatsiya tarmog‘iga ulashga kelishildi.

65-umumiy o‘rta ta’lim maktabida kechgan uchrashuvda binoni issiqlik bilan ta’minlashda kuzatilayotgan kamchiliklar va ularni bartaraf etish yuzasidan suhbatlashildi. 64-maktabgacha ta’lim tashkilotida ham xuddi shunday muammo aytildi. Deputat bu masalalarni batafsil o‘rganib, mutasaddi idora vakillari bilan hal etish choralarini ko‘rishini aytdi.

Shuningdek, M.Abdiyeva o‘zi saylangan saylov okrugida “Yashil makon” umummilliy loyihasida ishtirok etdi.

Obidjon Xo‘jayev,

Oliy Majlis Qonunchilik Palatasi deputati ijrochi kotibi.