Deputatlar bu ayolning sharoitidan xabardormikan?
Tahririyatimizga Past Darg‘om tumani, Elbek mahallasida yashovchi Nargiza To‘ksariyeva kelib, moddiy ahvolidan shikoyat qildi.
«Onam 3 yoshimda dunyodan o‘tgan, o‘gay ona qo‘lida qiyinchiliklar bilan katta bo‘ldim. Ming afsuski, ulg‘aygach, turmush qurganimdan so‘ng ham qiyinchiliklar arimadi. Ikki marta turmush qurdim, shar’iy nikoh asosida. Ikki nafar farzandim bor. Uyga qaytib kelganimda o‘gay onam sig‘dirmadi. Non topish, bolalarimni boqish uchun mehnatdan qochmadim: yer ag‘darish bormi, ekin ekish, gilam yuvish, xullas, nima yumush bo‘lsa qildim. Restoranda ishladim idish-tovoq yuvuvchi bo‘lib.
Menga, bolalarimga boshpana kerakligi uchun bir necha marta tegishli idoralarga murojaat qildim. Tuman hokimi yer ajratib berdi, rahmat. Shuningdek, tuman mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash bo‘limi tomonidan uyni qurish uchun xomashyolar ajratildi. Lekin ayol boshim bilan uyni epaqaga keltirib olishga qurbim yetmayapti. Mana, suratlarini ham ko‘ring. Qishlog‘imizda suv yo‘q, puli borlar suvni sotib olishadi. Men balchiq hidi kelib turadigan suvdan foydalanishga majburman. Bolalarimni boqolmaganimdan majburlikdan vaqtincha Mehribonlik uyiga joylashtirdim. Nogiron otamga esa o‘zim qarayapman. Qo‘ni-qo‘shni yo boshqa joyda qanday og‘ir mehnat bo‘lsa ham borib, qilaman, shu orqali ozmi-ko‘pmi ro‘zg‘orni tebratib turibman.
Yaqinda eshitdim, deputatlar kam ta’minlangan aholiga yordam beryapti ekan. Menga ko‘p narsa kerakmas. Yashashim uchun ozgina sharoit bo‘lsa bo‘ldi. Yordam berishning nahotki iloji bo‘lmasa?..»
P/S: Ushbu hududdan viloyat va tuman Kengashlariga saylangan deputatlar N.To‘ksariyevaning muammosiga e’tibor qaratadi, degan umiddamiz.