“Dinamo”ga yangi murabbiy keldi 

Viloyatimizning bosh jamoasi - “Dinamo” professional klubi bu yil Super-ligaga chiqishni qat’iy maqsad qilgan holda mavsumni boshlaydi. Shu maqsad yo‘lida klub mutasaddilari Samarqandga taniqli mutaxassis, ko‘p yillar Rossiya va O‘zbekiston jamoalarida to‘p surib, muxlislar mehrini qozongan tojikistonlik Hakim Fuzaylovni bosh murabbiy etib tayinlashdi.

Katta futbol tajribasiga ega murabbiy bilan bir yillik shartnoma imzolandi. 

Jurnalist Dilmurod Do‘stmurodov yangi bosh murabbiydan eksklyuziv intervyu oldi.

- Hakim Qayumovich, azim Samarqandga, Samarqand futboliga xush kelibiz! Mamnunmisiz?         

- Katta rahmat. Benihoya mamnunman. Dunyo biladigan mashhur Samarqand mening ikkinchi ona yurtim va uning futboli menga begona emas. Yigirma yil muqaddam men aynan oliy ligada “Dinamo”ga murabbiylik qilganman. Hozirga qadar esa Tojikistonning “Xo‘jand” jamoasi bosh murabbiyi edim. O‘zbekistonga, “Dinamo”ga taklifni rad qilolmadim. Bu yerda futbol jadallik bilan rivojlanmoqda. E’tibor bilan kuzatib boraman.

- Viloyat va klub rahbariyati Sizning zimmangizga qanday vazifani yukladi?

- Mening va klub mutasaddilarining asosiy e’tibori katta futbolni Samarqandga qaytarish. Muhimi, viloyat rahbariyati shonli tarixga ega “Dinamo”ni kuchlilar safiga qo‘shishga qaratiladi. Bu judda murakkab va mas’uliyatli jarayon. Astoydil kirishsak, hamjihat bo‘lsak, muxlislar va homiylar qo‘llasa, maqsadga erishamiz. Birinchi navbatda, ahil va kuchli jamoani shakllantirib, himoya, yarim himoya va hujum chizig‘ini bugungi talab darajasida kuchaytirishimiz kerak. Nasib etsa, bir-ikki hafta ichida o‘yinchilarni saralab olamiz. Mahalliy istedodli o‘yinchilarga jiddiy e’tibor qaratmoqchiman. Kerak bo‘lsa, Rossiya va Tojikistondan ham kuchli va tajribali futbolchilarni jamoaga taklif etamiz.

- Albatta, Sizga murabbiylar Jasur Hamroyev, Dilshod Sharafutdinov, Nodir Mardonov, Maksim Kolyadin va klub rahbari Uchqun Qobilov yaqindan yordam beradi.

- Ularning ayrimlari shogirlarim. Ular bilan bir maslak sari intilamiz. Oldingi videotasmalarni ko‘rib chiqdim. O‘tgan futbol mavsumida muxlislarga ancha ma’qul bo‘lgan Suhrob Nurillayev, Bobir Qosimov, Amir Safarov, Hakimxon A’lamxonov singari 

o‘yinchilar shartnoma muddati tugaganligi sababli boshqa jamolarga ketishgan. Eng muhimi, taniqli darvozabon Botirali Ergashev “Qo‘qon-1912”dan yana samarqandliklar safiga qo‘shildi. Yana bir qator istedodli mahalliy 

o‘yinchilar ko‘rigimizdan o‘tishmoqda.

O‘yinchilar bilan tadorikni boshladik. Ularning jismoniy holatini tiklamoqchimiz. Yaqin kunlarda Qashqadaryo viloyati hokimi kubogida ishtirok etish niyatimiz bor.

Suhbatdosh: Dilmurod Do‘stmurodov.