Dono ayolning qarori
Qadimda bir qavm bo‘lgan ekan. U qavm uchun ko‘chmanchi bo‘lib yashash odat edi. Shu qavm orasidagi bir kishining keksa onasi bo‘lib, ona ora-sira xotirasini yo‘qotar va farzandiga qattiq yopishib olar, undan ayrilgisi kelmasdi.
Uning bu qiliqlari o‘g‘liga malol kelar, asablarini o‘ynatar, aholi orasida go‘yo shu sabab obro‘si tushayotgandek sezar edi o‘zini.
Kunlarning birida ular yana odatlariga ko‘ra boshqa yaylovga ko‘chmoqchi bo‘lishdi.
U ayoliga:
- Ey xotin, ertaga ko‘chyapmiz, ma’lumki onam kasal. Uni tashqarida qoldir. Birov ko‘rib qolsa, rahmi kelib olib ketar. Yoshiyam katta. Undan charchadik. Unga biroz yegulik va ichimlik ber. Kim ko‘rib qolsa, o‘zi bilan olib ketar. Yoki ajali yetsa, o‘lar, -debdi.
Ayoli:
- Xo‘p bo‘ladi, xojam. Xotirjam bo‘ling! Aytganingizni a’lo darajada bajaraman, - debdi.
Ertangi kun keldi. Hamma ko‘ch-ko‘ronini yig‘di. Ayol eri aytgandek, qaynonasiga biroz oziq-ovqat, ichimlik suvini qoldirdi.
Hammalari jo‘nab ketishdi.
Ular kunning yarmida dam olish uchun to‘xtashdi.
Onasini qoldirgan kishi, ayolidan o‘g‘lini keltirishini so‘radi. Uning yakka -yu yolg‘iz, bir yoshli o‘g‘li bor edi. Uni judayam yaxshi ko‘rar, suyub erkalatar edi.
Ayoli uning so‘rog‘iga indamadi.
- O‘g‘lim qani, xotin, keltir dedim, senga, - dedi.
Ayoli:
- Uni onangiz bilan qoldirdim, bizga uning keragi yo‘q, - dedi.
Bu gaplarni eshitgan er dod deb yubordi:
- Nima uchun.?
Ayoli:
- Chunki u ham hademay ulg‘ayadi. Onangizni sahroda qoldirganingiz kabi sizni tashlab ketadi, ishingizni qaytaradi, bunday bolaning keragi yo‘q, -dedi xotirjam.
Bu gaplar unga chaqmoq chaqqandek ta’sir qildi. Otini yuganlab chopib ketdi. Ko‘chgan joylariga yetib keldi.
Odatda aholi ko‘chsa, ulardan qolgan-qutgan narsalar orasidan yegulik izlab yovvoyi, vahshiy hayvonlar kelar edi. Qarasa, onasi uning bolasini ko‘ksiga mahkam bosib olgan, uning atrofida hujumga shay turgan bo‘rilar bor edi.
Ona:
- Yo‘qollaring, bu mening o‘g‘limning jigarbandi, - deb ularga toshlar uloqtirardi.
Kishi miltig‘ini olib bo‘rilardan birini otdi. Qolganlari qo‘rqib qochishdi. U otidan tushib onasini bag‘riga oldi. Yuz ko‘zlaridan tinmay o‘pib yig‘lar:
- Onajonim, meni kechiring, - der edi.
Ularni otga mindirib qavmi tomon qaytdi.
Shundan keyin onasiga misli ko‘rinmagan darajada mehribon bo‘ldi.
Alloh unga dono ayoli taqdir qilganidan mumnun edi. Endi u boshqa joyga ko‘chmoqchi bo‘lsa, avvalo, onasini tuyaga mindirar, umrining so‘ngiga qadar xizmat qilishga bel bog‘lagan edi.