Dunyo karaxt tortib borar...
Dunyo karaxt tortib borar kun sayin,
Odamzodning qora, yovuz aqlidan.
Qachon chiqib ketdi ular sezdirmay,
Hislar tug‘yon urgan ko‘ngil shahridan.
Qo‘rquv va tahlika ichida dunyo -
Shopiradi zaif umid urug‘in...
Va, g‘amg‘in, shikasta chiqadi quyosh –
Aylantirmoq uchun qadim urchug‘in.
Odamzot berkitdi o‘zin o‘ziga,
To‘rt tomondan keldi noxush xabarlar.
O‘zi o‘ylab topgan bedavo dardga,
Davo bo‘lolmaydi zaru gavharlar.
Yagona Hakimni unutib qo‘ygan,
Olomon chayqalar ming xil va ming tus.
Aql Fir’avnning ustidan kulib,
Dunyoni zabt etar kushanda virus.
Ey odamzod qaytgin, ko‘nglingga qaytgin,0
Toki, uchsin qo‘rquv, tahlika uni.
Yodingdan chiqarib qo‘ydingmi yoki –
Jannat bog‘laridan haydalgan kunni.
Ismat KO‘ChIYeV.