DXX rahbari yoshlarning murojaatlarini eshitdi, takliflarini qo‘llab-quvvatladi
Davlat xavfsizlik xizmati viloyat boshqarmasi boshlig‘i A.Axmedov yoshlar muammolarini hal etish va takliflarini eshitish maqsadida tumanlarda “Rahbar va yoshlar uchrashuvi”ni o‘tkazmoqda. Bugun ana shunday uchrashuvlarning galdagisi Kattaqo‘rg‘on tumani va Kattaqo‘rg‘on shahrida bo‘lib o‘tdi.
Sektor rahbarlari va mutasaddi tashkilotlar mas’ullari ishtirokida o‘tkazilgan uchrashuvlarda 500 nafarga yaqin yoshlarning tadbirkorlik, ishga joylashish, sport bilan shug‘ullanish uchun sharoit yaratish, kitobxonlik va kompyuter savodxonligi masalalari yuzasidan murojaatlari tinglandi.
Jumladan, Kattaqo‘rg‘on tumani "Omonboy ko‘prik" mahalla fuqarolar yig‘ini yoshlar yetakchisi Akbar Ahmedov tumanda yoshlar markazi qurishni va uning qoshida turli to‘garaklar tashkil etishni taklif qildi. Ushbu taklif mutasaddilar tomonidan ma’qullanib, amaliy yordam beriladigan bo‘ldi.
Tumanning Nomozpolvon mahallasida yashovchi Umarali Ermatov esa yoshlarga IT sohasini o‘rgatish uchun 10 ta kompyuter jamlanmalari so‘radi va masala tez kunlarda hal etilishi ma’lum qilindi.
Kattaqo‘rg‘on shahrida o‘tkazilgan uchrashuvda ham yoshlarning murojaatlari bo‘yicha chora-tadbirlar belgilanib, mas’ullar biriktirildi. Xususan, Zarafshon mahallasi yoshlar yetakchisi Jaloliddin Muzropovning mahallada zamonaviy sport maydonchasi qurish taklifi ma’qullangan bo‘lsa, Qoraravot mahallasida yashovchi Dilshod Husanovga avtomashinalarni ta’mirlash uchun zarur asbob-uskunalar olib beriladigan bo‘ldi.
Uchrashuv davomida yoshlarga yangilanayotgan Konstitutsiya bo‘yicha 30 aprel kuni o‘tkaziladigan referendum va uning mohiyati haqida tushunchalar berildi.
Fazliddin Ro‘ziboyev.