Emmanuel Makron: Yaqin Sharqda terrorizmga qarshi kurash tugamagan
Bag‘dod hamkorlik va sheriklik konferensiyasi ishtirokchilari yakuniy kommyunikeda mintaqaviy nizo va kelishmovchiliklarni hal qilish umumiy xavfsizlik va o‘zaro manfaatlarga asoslangan kollektiv yondashuvni talab qilishini ta’kidlashdi.
Sammit doirasida munosabatlar normallashganidan beri birinchi marta Misr va Qatar rahbarlari Abdulfattoh as-Sisi va Shayx Tamim bin Hamad Al Soniy muzokaralar o‘tkazishdi.
Fransiya prezidenti Emmanuel Makronning aytishicha, Yaqin Sharqda terrorizmga qarshi kurash tugamagan. "Qo‘shma Shtatlarning tanlovidan qat’i nazar, Fransiya toki mamlakat rasmiylari bizdan buni so‘rar va terrorchilik guruhlari faoliyat yuritar ekan, Iroqda terrorizmga qarshi kurashda harbiylar ishtirokini saqlab qoladi", dedi Makron.
Eron tashqi ishlar vaziri Husayn Amirom-Abdullohiyon AQSh Bag‘dodda general Qosim Sulaymoniyning o‘ldirilishida javobgarlikdan qochmasligini aytdi. "Amerikaliklar harakatlari mintaqada yashovchi xalqlarga tinchlik va xavfsizlik olib kelmayapti. Aksincha, ular ishonchsizlikning asosiy sababi bo‘lib qolmoqda. Va, bu muammo mintaqaning ko‘plab mamlakatlarida kuzatilmoqda", deya ta’kidladi u.
Iroq bosh vaziri Mustafo al-Kozimiy Bag‘dod konferensiyasini ochar ekan, mamlakat hududini xalqaro va mintaqaviy ziddiyatlar uchun sahna sifatida ishlatilishiga yo‘l qo‘ymasligini va’da qildi.