Endi Samarqandda murakkab yurak jarrohlik amaliyoti bajariladi

Samarqand viloyati kardiologiya dispanserida respublika investitsiya dasturi asosida 12 milliard so‘mlik qurilish-rekonstruksiya ishlari amalga oshirildi va 6 ta yangi bo‘lim ochildi.

– Bugungi kunda bizda Samarqand viloyati bo‘yicha 220 ming bemor ro‘yxatda turadi, – deydi dispanser bosh vrachi Maqsud Saidov. – Ularning 8 ming nafari jarrohlik amaliyoti bilan bog‘liq tibbiy yordamga muhtoj. Ammo shu paytgacha yurak operatsiyasi va shu bilan bog‘liq amaliyotni bajarish imkoniyatiga ega emas edik. Muassasada rekonstruksiya ishlari olib borilib, kardioreanimatsiya, kardioxirurgiya, oritmologiya, orterial potologiya va boshqa oltita yangi bo‘lib tashkil etilgach, endi murakkab operatsiyalarni shu yerning o‘zida amaga oshiramiz. Yurakka stent qo‘yish, yurak ritmning murakkab buzilishini jarrohlik yo‘li bilan tiklash hamda ochiq yurakda jarrohlik amaliyotlari o‘tkazilishi yo‘lga qo‘yildi. Bu operatsiyalarni xorijda malaka oshirib kelgan o‘zimizning mutaxassislarimiz bajarmoqda.

Muassasani jihozlash, zamonaviy tibbiy uskunalar xarid qilish uchun respublika dan 7 milliard so‘m, viloyat byudjetidan 10 milliard so‘m mablag‘ sarflangan.

Yangi bo‘limlarning foydalanishga topshirishga bag‘ishlangan marosimda Samarqand viloyati hokimi E.Turdimov ishtirok etdi va tibbiyot xodimlarini tabrikladi. Viloyat hokimi aholi salomatligini muhofaza qilish bundan buyon ham asosiy e’tibordagi masala bo‘lishi va buning uchun mablag‘ ayamasligini bildirdi.