Endi undiruvchi aliment qarzi uchun ovora bo‘lmasligi aytilmoqda

Bu masala belgilangan tartibda maxsus jamg‘arma mablag‘lari hisobidan qoplanadi.

Joriy yil 7 martdagi “Oila va xotin-qizlarni tizimli qo‘llab-quvvatlashga doir ishlarni yanada jadallashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident farmoniga asosan, Majburiy ijro byurosining “Aliment to‘lovlari” davlat maqsadli jamg‘armasi tashkil etildi. Hujjat ijrosini ta’minlash maqsadida Vazirlar Mahkamasining 2022 yil 3 avgustdagi qarori qabul qilinib, “Aliment to‘lovlari jamQarmasi to‘g‘risida” nizom tasdiqlangan.

Jamoatchilik o‘rtasida “Endi aliment qarzdorliklar davlat tomonidan to‘lab berilishi kerak, lekin ijrochilar paysalga solmoqda” kabi fikrlar paydo bo‘lmoqda. Xo‘sh, aslida amaliyotning tartibi-talablari qanday, u qay tarzda tatbiq etilmoqda?

Majburiy ijro byuroning viloyat boshqarmasi surishtiruvchisi Azamat Mirshayev shu haqda so‘z yuritadi:

Jamg‘arma mablag‘lari voyaga yetmagan farzandini moddiy ta’minlashdan bo‘yin tovlaganlik uchun qarzdor jinoiy javobgarlikka tortilgan taqdirda, aliment to‘lovlaridan yuzaga kelgan qarzdorlikni qoplab berishga yo‘naltiriladi.

Bunda qarzdorlikni qoplab berish uchun majburiy ijro harakatini amalga oshirgan davlat ijrochisining aliment to‘lovlarini qoplab berish to‘g‘risidagi qarori asos bo‘lib hisoblanadi.

Endilikda ushbu qarorga muvofiq, o‘z majburiyatlarini bajarishdan qasddan bo‘yin tovlagan va bu qilmishlari uchun jinoiy javobgarlikka tortilgan qarzdorlarning aliment bo‘yicha qarzdorliklari “Aliment to‘lovlari” jamg‘armasidan qoplab beriladi.

Misol uchun, fuqarolik ishlari bo‘yicha Jomboy tumanlararo sudining 2014 yil 24 martdagi ijro hujjatiga asosan, qarzdor M.L.dan undiruvchi I.L. foydasiga ikki nafar farzandining moddiy ta’minoti uchun oylik ish haqi va boshqa daromadlarining uchdan bir qism miqdorida aliment undirish belgilangan. Biroq qarzdor bir necha marotaba ogohlantirilganligi va ma’muriy jazoga tortilganidan to‘g‘ri xulosa chiqarmasdan, ikki oydan ortiq muddat davomida aliment pullarini to‘lashdan qasddan bo‘yin tovlab kelgan. Shu sababli unga nisbatan Jinoyat kodeksining 122-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Jomboy tuman sudida mazmunan ko‘rib chiqilgan ish bo‘yicha qarzdor M.L. bir yil muddatga ozodlikdan mahrum etilgan va undan undiruvchi I.L. foydasiga 26 million 137 ming so‘m miqdorda zarar undirish to‘g‘risida qaror chiqarilgan.

Mazkur ijro hujjatiga asosan, “Aliment to‘lovlari” jamg‘armasi hisobidan 26 million 137 ming so‘m miqdorda pullar undiruvchi nomiga ochilgan bank plastik kartasiga ko‘chirib berildi.

Umuman, Majburiy ijro byurosining viloyat boshqarmasi va barcha shahar-tuman bo‘limlari tomonidan aliment majburiyatlarini o‘z vaqtida bajarmagan qarzdorlarga nisbatan ma’muriy va jinoiy javobgarlik masalalarini hal etish, avval jinoiy javobgarlikka tortilgan shaxslar bo‘yicha sudlar tomonidan belgilangan qarz summalarini qoplab berish choralari ko‘rilmoqda.

Xususan, o‘tgan vaqt ichida viloyat bo‘yicha 2017-2022 yildan alimentdan bo‘yin tovlab jinoiy jazoga tortilgan 363 nafar shaxsdan 169 nafarining undiruvchilariga 1 milliard 551 million so‘m mablag‘ ajratilishi bo‘yicha hujjatlar rasmiylashtirilgan. Bugungi kunga qadar 7 nafar undiruvchiga 85,5 million so‘m qarzdorligi jamg‘arma mablag‘lari hisobidan to‘lab berildi.

Eslatib o‘tamiz, aliment qarzdorligi jamg‘arma mablag‘idan undiruvchiga to‘lab berilgani, qarzdor zimmasidan bu masala butkul olib tashlanganini bildirmaydi. Ya’ni, jamg‘arma hisobidan aliment uchun qoplab berilgan mablag‘larni jamg‘armaga qaytarish bo‘yicha qonunchilikda belgilangan tartibda ijro harakatlari amalga oshiriladi. Agar qarzdor qamoqda va ishlayotgan bo‘lsa, uning ish haqi bo‘yicha jazoni ijro etish muassasasiga davlat ijrochisi tomonidan talabnoma yuboriladi.