Eng yaxshi sarhisobni o‘z nafsi bilan hisoblashishida, johilni dunyoga intilishda ko‘rdim

Shayx Najmiddin Kubro (1145-1221), Sharq mutasavvuf donishmandi, mutafakkiri
(«Faqirlik haqida risola»dan)

Dunyoning bir qismini kezib chiqdim, ko‘p ishlarni tajriba qildim, qiyinchiliklarga yo‘liqdim, kishilar bilan suhbat qurdim, ulug‘ ishlarga qadam bosdim, tirikchilikning achchiq-chuchugini totdim, kitoblarga murojaat qildim, olimlar xizmatida bo‘ldim, umrimni dunyo izlash bilan zoye o‘tkazmadim, ajoyibotlarni ko‘rdim.

Ko‘rdimki, umr va dunyodan ko‘ra tez, shoshilib yo‘q bo‘lib ketadiganroq, o‘lim va oxiratdan ko‘ra yaqinroq, orzudan ko‘ra uzoqroq, xotirjamlikdan ko‘ra go‘zalroq narsa yo‘q ekan, dunyoyu oxirat yaxshiligini qanoatda, dunyoyu oxirat yomonligini esa ta’mada ko‘rdim.

Ko‘rdimki, vaqtini «esiz», «qaniydi», «koshkiydi»lar bilan o‘tkazgan kishining umri eng qisqa umr ekan.
Eng go‘zal bezak tavoze, eng xunuk narsa esa bu baxillik ekan. Xusni xulq (chiroyli xulq)dan ko‘ra yaxshilik ustiga yaxshilikni qo‘shadiganroq, hasaddan ko‘ra yomonlik ustiga yomonlikni qo‘shadiganroq narsani ko‘rmadim.

Iltimosga qolgan kunda g‘ayri tabiiy (majburiy) o‘limni, o‘z holatini yashirish va ta’masizlikda esa barhayotlikni ko‘rdim. Muvaffaqiyatni sa’yi harakatda, muvaffaqiyatsizlikni esa loqaydlik va dangasalikda, baloni tilda, halovatni esa sukutda ko‘rdim.
Ochko‘zni mahrum, dunyoparastni g‘amgin ko‘rdim. Ayolmand kishini ko‘milgan ko‘rdim, moldor odamni bechora ko‘rdim.

Ko‘rdimki, eng noyob ne’mat rostgo‘ylik va qahramonlik, eng og‘ir og‘riq esa yomon va munofiq do‘stlar ekan.
Ko‘rdimki, Alloh dunyo qulligidan ozod qilgan kishigina haqiqiy hur ekan.
Xoru zorlikni «mahluq»lar xizmatida, azizu mukarramlikni esa Xoliq xizmatida bo‘lishda ko‘rdim.
Podsholar qalblaridanda qattiqroq diyda, kambag‘al uchun yamoqlarni bir-biriga ulashdan ko‘ra chiroyliroq ziynat ko‘rmadim.

Eng yaxshi sarhisobni (savol-javobni) kishining o‘z nafsi bilan hisoblashishida, oqilni oxiratga, johilni dunyoga intilishda ko‘rdim.
Qiziquvchini (ko‘ngil bergani bilan) mashg‘ul, zohidni esa bekoru forig‘, xohlovchini izlayotgan, da’vogarni yolg‘onchi ko‘rdim.
To‘g‘riso‘zlilikdan ko‘ra go‘zalroq ziynatni ko‘rmadim. Alloh sanad (hujjat, dalil)larining hammasida Allohning o‘zini ko‘rdim.
Nafsni sharmandalik va do‘zax sari (odamlarni) haydashda, aqlni esa yaxshiliklarga chorlashda ko‘rdim.

Ko‘rdimki, o‘z-o‘zini tarbiyalay olgan va shahvatlardan tiyila olgan kishi eng kuchli shaxs ekan.
Umr va rizqning barakali bo‘lishini Alloh taologa itoat qilishda ko‘rdim.
Dunyoyu oxirat yaxshiligini Rasul alayhissalomning sunnatiga ergashishda ko‘rdim.
Ne’matning to‘la, mukammal bo‘lishini ne’mat beruvchidan minnatdor bo‘lishda ko‘rdim.
Ko‘rdimki, eng yaxshi do‘st ilm ekan.

Ochko‘zlik va gunohkorlik domiga mahkumlarni, isrofgarlarni ko‘rdim, ammo o‘zimdan ko‘ra yomonrog‘ini ko‘rmadim.

Jannatga kirishni halol yeyish va mahol (amrimahol – bajarib bo‘lmaydigan ish)ni tark qilishda ko‘rdim. Do‘zaxga yo‘lni esa havoyi nafsda ko‘rdim.
Ko‘rdimki, shaytonning xaloyiqqa sulton bo‘lib olishi dunyoni yaxshi ko‘rishlikdan ekan. O‘liklardan ularning holatlari, (qolgan) uylari va molu davlatlaridan ibratlanmagan kimsalarni nodonlikda, Alloh belgilab qo‘ygan hadlardan oshgan kimsalarni esa baxtsizlikda ko‘rdim.
Ko‘rdimki, insonga keladigan barcha ofatlar tildan ekan.
Shariat va dinning poydevori sabr va ishonch ekan.

Ibodatlarning eng afzali farzlarni ado qilish, odatlarning eng ma’quli va chiroyligi esa gunohlardan, odamlarga ozor berishdan tiyilish ekan.
Eng yaxshi behojatlik tama’sizlik, umidvor bo‘lmaslik ekan. Alloh taoloni yodlashdan keyingi eng yaxshi eslashlik bu o‘limni eslash ekan. O‘limdan og‘irroq kulfat o‘tgan ishga pushaymonlikda ekan.
Nafs ma’sumligining payg‘ambarlargagina, qalb hayotiyligining esa avliyolargagina xosligini ko‘rdim.

Tinchlik va rohatni izlab, ularni dunyoni tark qilishdan topdim. Alloh azza va jalla bilan uns (yaqinlik,chin do‘stlik) bo‘lishni xohlab, uni odamlardan uzlatga chiqishdan topdim.
Shaytonga qarshi chiqishni xohlab, uni o‘z nafsimga qarshi bo‘lish va unga dushmanlik qilishdan topdim…
Bildimki, Alloh haqida yaxshi o‘yda bo‘lish Allohdan tilagan eng katta tilagim bo‘ldi.

Ko‘rdimki, ekmagan o‘rmaydi. Shafqat qilmaganga shafqat qilinmaydi. Kimki kecha va kunduz kemasiga minsa, u kema yo jannat, yo do‘zaxga olib boradi. Aldanishdan saqlaning! Saqlaning!
Barcha xalifayu podshohlarni, shon-shavkatli, qudratli sultonlarni o‘z dabdabalari bilan mashg‘ul bo‘lib, o‘zlaridan va o‘zlariga sodir bulayotgan narsadan bexabarlikda ko‘rdim. Ularni gunohkorlik domiga mahkum ko‘rdim, ularni gunohlardan, odamlarga ozor berishdan tiyilishga chorladim. Shafqat qilmaganga shafqat qilinmasligini aytdim.

Ko‘rdimki, Odam alayhissalomdan tortib (Qiyomat kuni farishta Isrofil chaladigan karnay) surga dam urilgunga qadar bo‘lgan hamma xalq bir chumoli oyog‘ining sinig‘ini ham tuzatishdan ojizdirlar. Hamma fuzalo, fusaho, munajjimu bilimdonlarni bir chivin qanotini yaratishdan ham ojiz, boshi aylangan, nochor… o‘z ojizligi va nuqsonini tan olgan ko‘rdim.

Bas, yaratish, buyurish, bilim va qudrat sohibi har qanday nuqsondan pokdir. Xo‘jayinlikda sheriksiz bo‘lgan eng go‘zal yaratuvchi Alloh muborakdir. U abadiy barhayotdir. Undan o‘zga iloh yo‘q. U narsalarni bor qilgan, Yeru osmonni bezagan, Arshu Kursini yaratgan, insu jinga rizq bergan, adolatli bo‘lishda o‘qib o‘rganishga muhtoj bo‘lmagan, xohlaganga hukm yurituvchi, xohlaganini qiluvchi, chirigan-to‘zigan suyaklarga hech bir asbob-uskunasiz jon ato etuvchi, tiriklarni o‘ldiruvchi, o‘liklarni tiriltiruvchi, vaqt va ajallarni belgilovchi, hisu harakotni eshitguvchi, chumolining o‘rmalashiyu eng maxfiy ovozlardanda, qo‘yin-ki, barcha siru maxfiyotdanda xabardor zotdirki, Yeru osmonlardagi bironta narsa unga noma’lum emas.

Muqimjon MAHMUD tarjimasi.