Erdo‘g‘on Gretsiyani muhojirlar o‘limida aybladi

Gretsiya hukumati noqonuniy muhojirlar bo‘lgan qayiqlarni cho‘ktirmoqda, bu esa odamlar o‘limiga sabab bo‘lmoqda, dedi Turkiya prezidenti Toyib Erdo‘g‘an.

Avvalroq Gretsiya bosh vaziri Kiriakos Mitsotakis muhojirlarga nisbatan vahshiy munosabati va inson huquqlarini buzganlikda ayblagani tufayli gollandiyalik jurnalist bilan janjallashgan edi.

"Qochqinlar inqirozida Turkiyani ayblash bu - noshukurlik. Biz 5 million qochqinga boshpana berdik, shundan to‘rt millioni - Suriyadan. Agar chegaralarni ochsak, Gretsiya nima qiladi, bilmayman. Bolalar va ayollar bo‘lishiga qaramay O‘rta yer va Egey dengizida aynan Gretsiya qayiqlarni cho‘ktirmoqda. Bizda barcha dalil va qochqinlar cho‘ktirilayotgani haqida videolar bor. Ular dunyoni aldashi mumkin, lekin Turkiyani emas”, dedi Erdo‘g‘an Anqarada o‘tkazilgan matbuot anjumanida.

U “Mitsotakis o‘zini insofsiz tutayotganidan” afsus bildirdi.

Inson huquqlari tashkilotlari uzoq vaqtdan beri Gretsiya qirg‘oq qo‘riqlash xizmati qochqinlar qayiqlarining qirg‘oqqa yaqinlashishiga to‘sqinlik qilib, ularni Turkiya suvlariga «itarib» yuborayotganini ta’kidlab keladi. Gretsiya rasmiylari qochqin va muhojirlar bo‘lgan qayiqlarni yaqinlantirmayotgani haqidagi ayblovlarni rad etdi. Biroq, AQSh Davlat departamenti 2020 yildagi inson huquqlari holati haqidagi yillik hisobotida Gretsiyada inson huquqlari buzilishi - muhojirlar bo‘lgan qayiqlar muntazam ravishda Gretsiya suvlaridan chiqarib yuborish holatlari haqida ko‘plab ma’lumotlarni keltirdi.

Shuningdek, 2021 yil iyul oyida Amnesty International inson huquqlari tashkiloti 2020 yilda Gretsiya chegarasidan qochqinlar muntazam ravishda zo‘r-zo‘raki ochiq dengizga siqib chiqarilishi haqida ko‘plab dalillarni e’lon qilgan edi.