Erdo‘g‘on yurak xurujini boshdan kechirgani rad etildi: Ammo sog‘lig‘idagi muammolar sabab ayrim tadbirlar qoldirilishi mumkin

Xabaringiz bor, kecha Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘on jonli efir paytida to‘satdan o‘zini yomon his qilib, ko‘rsatuv bir muddat to‘xtab qolgandi.

Keyinchalik uning yurak xurujiga uchragani va shifoxonaga yotqizilgani haqida tarqalgan xabarlarni Erdo‘g‘on ma’muriyatining aloqa bo‘limi qoshida tashkil etilgan Dezinformatsiyaga qarshi kurash markazi rad etgan.

Shu bilan birga Sog‘lig‘i bilan bog‘liq muammolar tufayli ishtirok etishi kerak bo‘lgan qator tadbirlarni predizent bekor qilgan. Bu haqda u o‘zining Twitterida yozgan.

Xususan, Erdo‘g‘on shifokorlarning talabiga ko‘ra, kunni uyda o‘tkazishini aytgan. Shuningdek, bo‘lajak tadbirlarda uning o‘rniga Turkiya vitse-prezidenti Fuat Oktay kelishini qo‘shimcha qilgan.

Keyinroq Turkiyaning hukmron partiyasi vakili Erkan Kandemir Twitterdagi sahifasida Erdo‘g‘on "Akkuyu" atom elektr stansiyasiga yadro yoqilg‘isi yetkazilishi munosabati bilan o‘tkaziladigan marosimda shaxsan qatnashmasligi va tadbirda video formatda ishtirok etishini aytgan. Kandemir, shuningdek, prezident ishtirokida payshanba kuni o‘tkazilishi rejalashtirilgan miting boshqa sanaga ko‘chirilganini ma’lum qildi.

BBC xabariga ko‘ra, 25 aprel oqshomida Erdo‘g‘on mahalliy telekanallardan biriga to‘g‘ridan-to‘g‘ri efirga uzatilgan intervyu vaqtida o‘zini yomon his qilgan. Eshittirish uzilgan va u qayta boshlanganidan so‘ng prezident tinglovchilardan uzr so‘rab, voqeani shamollash va saylovoldi tashviqoti tufayli og‘ir ish bilan izohlagan.