Erdo‘g‘on Kiyevni qo‘llab-quvvatlashini bildirdi: Ukrainada "Bayraktar" ishlab chiqariladi

Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘on Kiyevni qo‘llab-quvvatlashini bildirdi va Rossiya-Ukraina ziddiyatini hal qilishda vositachilik qilishni taklif qildi. U Anqara hamon Ukraina suvereniteti va hududiy yaxlitligini hurmat qilishini, xususan, Qrimni uning ajralmas qismi deb bilishini ta’kidladi:

“Turkiya Qora dengizda qo‘shni bo‘lgan ikki do‘st davlat o‘rtasidagi inqirozni hal qilishga hissa qo‘shishga tayyor. Bugungi muzokaralar chog‘ida biz davlat rahbarlari darajasidagi sammit yoki tomonlarning texnik darajadagi maslahatlashuvlariga mezbonlik qilishdan mamnun bo‘lishimizni yana bir bor aytdim”.

Erdo‘g‘onning 3 fevralda Kiyevga tashrifi chog‘ida Ukrainada Turkiyaning “Bayraktar” harbiy uchuvchisiz samolyotlarini ishlab chiqaruvchi zavod qurish kabi qator shartnomalar imzolangan. Kreml avvalroq Kiyevga ushbu qurollar yetkazib berilishini Donbassdagi vaziyatni beqarorlashtirish uchun potensial tahdid deya bildirgan edi.

Rossiya, Ukraina va NATO

Erdo‘g‘onning tashrifi Sharqiy Yevropaga minglab Amerika qo‘shinlari joylashtirilgan paytga to‘g‘ri keldi. Kremlda AQShning inqiroz davridagi bunday harakatlarini tahdid sifatida baholashdi. Bu haqda navbatdagi brifingda Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov ma’lum qildi:

“Biz doimiy ravishda amerikaliklarni Yevropa qit’asidagi keskinlikni to‘xtatishga chaqiramiz. Afsuski, amerikaliklar shunday qilishda davom etmoqda. Vaholanki, bunda gap faqat urush yaqinda boshlanadi, hamma dahshatli narx to‘laydi degan bayonotlar haqida emas. Gap aynan amerikalik askarlarni chegaralarimiz yaqinidagi Yevropa davlatlariga yuborish haqida ketmoqda”.

Pentagon ma’lumotlariga ko‘ra, Rossiya Ukraina chegaralari yaqinida, xususan, Belarus hududida o‘z harbiylashtirilgan guruhi sonini oshirishda davom etmoqda. Moskvada bu - ittifoqdosh davlat reaksiya kuchlarining sinovi, deya javob berishmoqda.

Kiyev o‘n minglab rossiyalik harbiylar Ukrainaning sharqiy chegaralariga, jumladan Qora dengiz mintaqasiga joylashtirilgani haqida xabar bergan edi. Moskva buni NATOning Sharqqa kengayishi borasidagi kelishmovchiliklar fonida ehtiyot choralari deb atadi. Kreml tajovuzga tayyorgarlik haqidagi ayblovlarni rad etdi.