Yevropa Ittifoqi muhojirlarni yetkazib beruvchi aviakompaniyalarga nisbatan sanksiyalar joriy qiladi

Yevrokomissiya rahbari Ursula fon der Lyayen AQSh prezidenti Jo Bayden bilan uchrashuvdan so‘ng Yevropa Ittifoqi Minskka migrantlarni tashish bilan shug‘ullanuvchi aviakompaniyalarga nisbatan sanksiyalar qo‘llash imkoniyatini o‘rganayotganini aytdi.

“Biz odamlarning Minsk orqali, keyin esa Belorussiya va YeI chegarasigacha yetib kelishini osonlashtiradigan aviakompaniyalarga qarshi sanksiyalar qo‘llash imkoniyatini ko‘rib chiqyapmiz”, deya fon der Lyayen so‘zlaridan iqtibos keltirgan Oq uy matbuot xizmati.

O‘tgan dushanba kuni Belarus Davlat chegara qo‘mitasi qochqinlarning katta guruhi, asosan, kurdlar Belarusning Polsha bilan chegarasi tomon yo‘l olgani haqida xabar berdi.

Avval aytganimizdek, ikki mingdan ortiq qochqinlar, jumladan, ayollar va bolalarning katta qismi chegara chizig‘idagi Polsha to‘siqlari oldida to‘xtab, o‘zlari uchun lager qurishdi. Polsha xavfsizlik kuchlari ularning o‘tkazishmadi, muhojirlar esa to‘siqlarni yengib o‘tishga harakat qilishdi.

Yaqinda Litva, Latviya va Polsha Belarus bilan chegarada qo‘lga olingan noqonuniy muhojirlar soni ko‘paygani haqida xabar berib, Minskni migratsiya inqirozi yuzaga kelganlikda aybladi. Minsk barcha ayblovlarni rad etdi.

Tarang vaziyat munosabati bilan Polsha prezidenti Belarus bilan chegaradosh hududlarda favqulodda holat joriy qildi, chegarani himoya qilishga armiya va politsiya jalb etildi. Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenko Minsk bundan buyon YeI mamlakatlariga noqonuniy muhojirlar oqimini to‘xtatmasligini: «G‘arb sanksiyalari tufayli bunga “na pul, na kuch” borligini ta’kidladi.