Liviya qirg‘oqlari yaqinida 75 dan ortiq muhojir cho‘kib ketdi

2011 yilda Liviya rahbari Muammar Kaddafiy o‘ldirilgach, Liviya yagona davlat sifatida faoliyatini deyarli to‘xtatdi. Oqibatda mamlakat Yevropaga o‘tishga shay minglab noqonuniy muhojirlar uchun tranzit punktiga aylandi.

Chorshanba kuni Xalqaro migratsiya tashkiloti mahalliy idorasi ma’lumotiga ko‘ra, qayiqda Yevropaga ketayotgan muhojirlarning aksariyati Liviya qirg‘oqlari yaqinida O‘rta yer dengizida cho‘kib ketgan.

“Baliqchilar tomonidan qutqarilgan va Zuvara shahriga yetkazilgan 15 kishi guvohligiga ko‘ra, Liviyani tark etgan 75 dan ortiq muhojir cho‘kib ketgan”, deyiladi tashkilot Twitterda e’lon qilingan bayonotda.

Tashkilot ma’lumotiga ko‘ra, joriy yilning o‘tgan davrida O‘rta yer dengizida 1,3 mingdan ortiq odam halok bo‘lgan.