Yerevanda namoyishchi ayollar hibsga olindi
Armaniston poytaxtida Bosh vazir Nikol Pashinyanning iste’fosini talab qilayotgan 15 kishi politsiya tomonidan hibsga olindi, deya xabar bergan Armaniston politsiyasi matbuot xizmati.
Aksiyani "VETO" ijtimoiy-siyosiy harakati a’zolari sanalgan ayollar tashkil etgan. Ular hukumat binosiga kirishga uringan, politsiya qurshovini buzgan, shuningdek, hukumat binosiga tuxum va qizil chinnigullar otishgan.
Shundan so‘ng hibsga olishlar boshlangan. Hibsga olinganlarning aksariyati ayollardir.
Ma’lumot o‘rnida: Armanistondagi siyosiy inqiroz mamlakat Tog‘li Qorabog‘dagi harbiy mojarolarda Ozarbayjondan yengilganidan beri davom etyapti. Inqiroz fevral oyi oxirida Armaniston Qurolli Kuchlari Bosh shtabi Pashinyanning iste’fosini talab qilgach, keskinlashdi.
28 mart kuni Armaniston Bosh vaziri Nikol Pashinyan bo‘lajak parlament saylovlari fonida iste’foga chiqishini e’lon qildi. Siyosatchi Armaniston xalqi kimni tanlasa, o‘sha shaxsga hokimiyatni topshirishga tayyor. Pashinyan saylovda o‘z nomzodini qaytarib olmoqchi emas. Respublikada parlament saylovlari joriy yilning iyun oyida bo‘lib o‘tadi.