Eronda norozilik namoyishlari davom etmoqda, bu orada harbiylar Kurdistonni o‘qqa tutgani aytilmoqda

Eron tomonidan Iroqning Kurdiston hududini o‘qqa tutishi oqibatida kamida to‘qqiz kishi halok bo‘lgani xabar qilindi. Hujum nishoni Eron kurd muxolif guruhlari bazalari bo‘lgan.

Eron OAVlarining xabar berishicha, harbiylar operatsiyani ushbu kuchlarning Islom Respublikasidagi vaziyatni beqarorlashtirishga urinishlari ortidan boshlagan.

24-26 kunlari Islom inqilobi qo‘riqchilar korpusi kuchlari kurdlar pozitsiyalariga bir qator dron va artilleriya zarbalarini bergan. Kecha ham otishmalar qayta boshlangani haqida ma’lumot olingan.

Iroq va kurd hukumati hujumlarni qoraladi. Bularning barchasi asli kurd bo‘lgan eronlik 22 yoshli Mahsa Aminiyning o‘limiga qarshi davom etayotgan norozilik namoyishlari fonida sodir bo‘layotgani aytilmoqda.

Eronda Mahsa Aminiy o‘limi munosabati bilan norozilik namoyishlari davom etmoqda. Yuzlab odamlar shaharlar ko‘chalariga chiqdi. Xalqaro Amnistiya inson huquqlari tashkilotiga ko‘ra, 16 sentyabrda boshlangan namoyishlar chog‘ida o‘nlab odamlar halok bo‘lgan, yuzlab yaralanganlar bor.

Raha Bahrayn, inson huquqlari bo‘yicha advokat:

"Biz joyida to‘plagan dalillar xavfsizlik kuchlari o‘q uzayotganini ko‘rsatmoqda. Ular namoyishchi va yo‘lovchilarni quvmoqda. Yuzlab ayollar, bolalar va erkaklar yaralangan. Bu ularning odamlarga maksimal darajada zarar yetkazish niyatidan dalolat beradi".

Shuningdek, Buenos-Ayresdagi Eron elchixonasi oldida to‘plangan o‘nlab namoyishchilar, asosan ayollar, Eronda ayollarni qo‘llab-quvvatlash va diniy diktaturaga qarshi chiqishdi. Nyu-Yorkda ham norozilik namoyishi bo‘lib o‘tdi.

Mahsa Aminining o‘limi 16 sentyabr kuni ma’lum bo‘ldi. Qiz Tehronda diniy ro‘mol bog‘lash haqidagi da’volari tufayli hibsga olingan edi. Rasmiylarning ta’kidlashicha, Amini yurak xurujidan vafot etgan. Qarindoshlari uning kaltak zarbalaridan vafot etganini ta’kidlashmoqda.