Yerga mehr berganlar – el e’zozida
Mamlakatimiz qishloq xo‘jalik xodimlari kuni Samarqandda ham keng nishonlanmoqda.
Bugun o‘tkazilgan tantanali marosimda viloyat hokimi Adiz Boboyev ishtirok etib, qishloq xo‘jaligi sohasida mehnat qilib kelayotgan fidoyilarni ushbu sana bilan tabrikladi.
Qayd etilganidek, keyingi yillarda mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar tufayli viloyat qishloq xo‘jaligida ham yuqori natijalarga erishilmoqda. Jumladan, bu yil viloyatda 825 ming tonna g‘alla, 265 ming tonnadan ortiq paxta, 1 million 700 ming tonna sabzavot, 3 ming 900 tonna pilla, 349 ming tonna go‘sht hamda 1 million 500 ming tonna sut tayyorlashga erishildi.
– So‘nggi yillardagi global iqlim o‘zgarishlari, xususan, bahorda yog‘ingarchilikning kam bo‘lishi va yoz faslida haroratning keskin ko‘tarib ketayotgani, suv resurslaridagi taqchillik dehqonlarimizning iroda hamda matonatini sinovdan o‘tkazmoqda, – dedi A.Boboyev. – Lekin, ana shunday murakkab sharoitda soha xodimlarining davlat tomonidan faol qo‘llab-quvvatlanishi, keyingi yillarda amalga oshirilgan islohotlar hamda dehqon va bog‘bon, chorvadorlarimizning, suvchilarimizning boy tajribasi tufayli barcha yo‘nalishlarda yuqori natijalarga erishayapmiz.
Masalan, paxtachilikda xorijdan tuproq va iqlim sharoitimizga ga mos xorijiy g‘o‘za navlarini olib kelib ekilishi o‘z samarasini ko‘rsatdi. Ayniqsa, Shinjon texnologiyasi asosida qo‘shqator sxemada, plyonka ostiga chigit ekilib, tomchilatib sug‘orish tizimi yo‘lga qo‘yilgani hosildorlikni yanada oshirishga xizmat qildi. Bu yil paxta maydonlarining 18 foiziga ekilgan xorijiy paxta navlaridan o‘rtacha 50-60 sentner, ayrim fermerlar tomonidan 65-70 sentnergacha hosil olindi. Kelgusi yilda ushbu texnologiyani viloyatimizda keng joriy etamiz.
Yakuniga yetayotgan yilda g‘allachilikda ham har qachongidan yuqori hosildorlikka erishdik. Ishtixon, Narpay, Paxtachi, Kattaqo‘rg‘on, Jomboy, Oqdaryo tumanlarida o‘rtacha hosildorlik 87-93 sentnerni tashkil etdi. 330 ta fermer xo‘jaligi hosildorlikni 100 sentnerdan oshirdi. Eng muhimi, 550 ming tonnadan ortiq g‘alla dehqon va fermerlar ixtiyorida qoldirildi.
Tadbirda qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirish va uni eksport qilish hajmi ham ortib borayotgani alohida ta’kidlandi. Xususan, yil davomida 316 million dollarlik 303 ming tonna meva-sabzavot mahsulotlari Rossiya, Xitoy, Turkiya, Ukraina, AQSh, Polsha kabi 61 davlatga eksport qilindi. Eksport hajmi o‘tgan yilga nisbatan 74 million dollarga oshdi. Yil yakuni bilan bu raqam yana ham oshishi kutilmoqda.
Tadbirda qishloq xo‘jaligi sohasida samarali mehnat qilib kelayotgan bir guruh xodimlar “O‘zbekiston Respublikasi qishloq xo‘jaligi fidoyisi”, “Namunali tomorqachi”, “Mehnatkash dehqon”, “Ilg‘or fermer” ko‘krak nishonlari, viloyat hokimligining faxriy yorliq hamda esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.