Erkinjon Turdimov tadbirkorlar muammosini hal etdi
Samarqand viloyati hokimi E.Turdimovning tadbirkorlar bilan galdagi uchrashuvida 26 nafar kichik biznes sub’yektining faoliyatida uchrayotgan muammolarga yechim izlandi.
Jumladan, Urgut tumanidan J.Sattorov ko‘mir briketi ishlab chiqarish uchun xomashyo olish, turkiyalik tadbirkor Murat Mustafa Kasar sun’iy teri ishlab chiqarish faoliyatini yo‘lga qo‘yish va investitsiya kiritish maqsadida yer maydoni ajratib berish, qo‘shrabotlik D.Eshonqulov uzumzor barpo etish uchun imtiyozli kredit olishda amaliy yordam so‘radi.
– Xorijdan naslli qoramollar keltirish uchun xorijiy kredit liniyasidan 72,9 ming AQSh dollari miqdorida imtiyozli kredit olganmiz, - deydi pastdarg‘omlik tadbirkor Jasur Mixliyev. – Ushbu mablag‘ evaziga naslli qoramollar olib Qozog‘istonda karantinda saqlayapmiz. 7-8 oydan buyon tuman hokimligi va boshqa mas’ul idoralarga murojaat qilib hech biridan masalaga aniq yechim ololmadim. Ko‘p bora murojaat qilganimdan so‘ng tuman hokimligidan “Zarafshon” muqobil mashina-traktor parki hududidagi lalmi yerlardan ajratib berilishini bildirishgandi. Ammo hanuzgacha yerdan darak yo‘q.
Uchrashuvda tadbirkorlarning shu kabi muammolari joyida yechim topdi. Viloyat hokimi ayrim bahstalab masalalar bo‘yicha mutasaddilarga aniq topshiriqlar berdi.
Baxtiyor MUSTANOV.