Yevropa qat’iy karantinga qaytishga tayyorgarlik ko‘rmoqda

Ispaniya, Germaniya, Fransiya, Gretsiya va Belgiya hukumatlari yaqin kelajakda qat’iy cheklov choralarini qayta joriy etish ehtimolini ko‘rib chiqmoqda. Bu haqda The Guardian nashri xabar berdi.

Yuqorida ko‘rsatilgan mamlakatlarning barchasida koronavirus infeksiyasi bilan kasallanganlar sonining keskin oshishi kuzatilmoqda.

Misol uchun, so‘nggi ikki haftada 8 mingdan ortiq koronavirus holati qayd etilgan Ispaniyadagi Kataloniya ma’muriyati navbatdagi epidemiyani jilovlash uchun o‘zlarining oldiga 10 kun muhlat qo‘ydi. Aks holda ushbu hududda qat’iy karantin joriy etiladi. Uyida turli bayram tadbirlari uyushtiradigan yoshlar infeksiyaning asosiy tarqatuvchisi bo‘lib qolmoqda.

Fransiyada ham shunga o‘xshash vaziyat kuzatilmoqda. Mamlakat hukumati yoshlarni ijtimoiy masofa saqlashga va jamoa bo‘lib yig‘ilmaslikka chaqirmoqda.

Germaniyada epidemiologik vaziyat yomon bo‘lib turgan hududlarda bo‘lgan fuqarolarni majburiy test tahlilidan o‘tkazish rejalashtirilmoqda. Mamlakatda so‘nggi 14 kun ichida kasallanganlar soni keskin oshib ketdi.

Gretsiya hukumati o‘z fuqarolaridan barcha jamoat joylarida tibbiy niqob taqishni talab qilmoqda.

Belgiya hukumati ham mamlakatda epidemiologik vaziyat keskin yomonlashgani sababli qat’iy karantinga qaytish ehtimolini ko‘rib chiqayotganini ma’lum qildi.