Farovon istiqbol bunyodkorlari kasaba uyushmalari e’tiborida

O‘zbekiston yoshlar ittifoqi tashkil etilgan kun – 30 iyun sanasi mamlakatimizda Prezidentimiz taklifi asosida “Yoshlar kuni”, deb e’lon qilingandi.

"Haqiqatan ham biz, ota-onalar, ustoz va murabbiylar sizlarni, butun O‘zbekiston yoshlarini Vatanimiz, jamiyatimizning hal qiluvchi kuchi, deb bilamiz va sizlar hamisha xalqimizning mana shunday yuksak ishonchiga munosib bo‘lasiz, deb ishonamiz.

Sizlarga yaxshi ma’lum, hozirgi vaqtda yurtimizda“Buyuk kelajagimizni mard va olijanob xalqimiz bilan birga quramiz!”, degan shior keng tarqalib, hayotimizga tobora chuqur kirib bormoqda. Lekin O‘zbekistonning mana shunday yorug‘ va farovon istiqbolini bunyod etishdek mas’uliyatli vazifani kim o‘z zimmasiga oladi?

Albatta, faqat zamonaviy bilim va kasb-hunarlarni puxta egallagan, mustaqil fikrlaydigan, doimo el-yurt taqdiriga daxldorlik tuyg‘usi bilan yashaydigan siz, aziz yoshlarimiz maydonga dadil chiqib, bugungi kunda hayotning o‘zi oldimizga qo‘yayotgan vazifalarni hal etishga qodirsiz", deya yoshlarga yuksak ishonch bildirgandi Prezidentimiz o‘sha marosimda.

Samarqand viloyati kasaba uyushmalari tashkilotlari birlashmasi kengashi tomonidan viloyatdagi korxona, tashkilot va muassasalarda faoliyat yuritayotgan yoshlarning turmush sharoitini yaxshilashga jiddiy e’tibor qaratilmoqda.

Mehnat jamoasida yosh mutaxassislarning mehnat jarayoniga ko‘nikib ketishlari uchun “Ustoz – shogird” an’anasini tizimli yo‘lga qo‘yish muhim ahamiyatga ega. Bu borada jamoa shartnomalari va kelishuvlariga kiritilgan yoshlarga oid bandlarning to‘liq bajarilishini monitoring qilish ishlari olib borilmoqda.

Joriy yilning o‘tgan davrida jamoa shartnomasi va kelishuvlar orqali 28 nafar ikki yoshdan uch yoshgacha bola parvarishi uchun ta’tilda bo‘lgan yosh onalarga moddiy yordam ko‘rsatildi. Tarmoq korxonalarda 34 nafar kam ta’minlangan, boquvchisini yo‘qotgan oilalarning farzandlari uchun o‘quv qurollari, darsliklar xarid qilish xarajatlarining bir qismi qoplab berildi.

Jamoa shartnomasi va kelishuvlar orqali kam ta’minlangan 306 nafar yosh oilalar vakillariga korxonalar hisobidan 41,8 million so‘m, kasaba uyushmasidan 11,7 million so‘m moddiy yordam berildi.

Jamoa shartnomalari va kelishuvlari orqali shu yilning yanvar-mart oylarida 1256 nafar mehnatkashlar va ularning oila a’zolari uchun sayohatlar uyushtirildi. Bu sayohatchilarning 354 nafarini yoshlar tashkil etadi. 2020 yilning yanvar-mart oylarida 281 ta mehnat jamoalarida “Tinchlik va osoyishtalik, millatlararo totuvlik – bebaho ne’mat” mavzusida madaniy-ma’rifiy tadbirlar tashkil etildi. Tadbirlarda korxona, tashkilot va muassasalarda faoliyat ko‘rsatayotgan 10 mingdan ortiq yoshlar ishtirok etdi.

Kasaba uyushmalari tomonidan yilning birinchi choragida “Besh tashabbus - besh imkoniyat” loyihasi doirasida 100 dan ortiq  yoshlarning teatr va muzeylarga tashrifi tashkil etildi. Shu davrda tarmoq kasaba uyushmalari tuman va shahar kengashlari tomonidan yoshlar bilan 3 marotaba uchrashuvlar o‘tkazildi va unda 600 nafar yoshlarning ishtiroki ta’minlandi.

8 mart – Xalqaro xotin-qizlar bayrami munosabati bilan joriy yilning 1 mart kuni viloyatdagi barcha bo‘g‘indagi kasaba uyushma tashkilotlaridan, viloyatning olis va chekka qishloqlarida turli sohalarda faoliyat ko‘rsatayotgan 675 nafar xotin-qizlar, jumladan, 214 nafar yoshlar  Samarqand shahri bo‘ylab ziyorat-sayohatiga taklif etildi va Samarqand shahridagi “Diyora” bazmgohida “Muqaddas ayol” nomli konsert dasturi tashkil etildi.

“Kasaba uyushmalari stipendianti”ga munosib deb topilgan Samarqand davlat universiteti biologiya fakulteti 2-bosqich talabasi Shahnoza Abloqulovaga 6 oy davomida eng kam ish haqining 5 barobari miqdorida kasaba uyushmasi stipendiyasi ajratilib borildi.

Yosh kasaba uyushma a’zolarini, shuningdek, oliy ta’lim muassasalarining ijtimoiy himoyaga muhtoj bo‘lgan talabalarini qo‘llab-quvvatlash va rag‘batlantirish, sog‘lig‘ini muhofaza qilishga ko‘maklashish maqsadida tashkil etilgan «Kasaba uyushmalari tizimidagi sanatoriylarda yoshlarni sog‘lomlashtirish» loyihasi doirasida Samarqand veterinariya meditsinasi instituti 2-bosqich talabasi Xumoyun Rahmatullayevga bepul yo‘llanma ajratildi.

Samarqand shahridagi 75061-harbiy qismda “Vatanimga tayanchman” mavzusida vatanparvarlik soati tadbiri o‘tkazildi. Tadbirda mamlakatimiz mudofaa qudratini mustahkamlash, qurolli kuchlarni isloh qilishdagi yutuqlar, milliy armiyamizning vatanimiz mustaqilligi, suverenitetini saqlash hamda sarhadlar daxlsizligini ta’minlash to‘g‘risida fikrlar yuritildi. Harbiy qismda bo‘lib o‘tgan uchrashuvda xizmat qilish jarayonida yuksak namuna ko‘rsatgan 25 nafar yosh harbiy xizmatchilarga badiiy kitoblar tuhfa qilindi.

Ulg‘ayib kelayotgan avlodga e’tiborni kuchaytirish, yosh avlodni madaniyat, san’at va sportga keng jalb etish, ularda axborot texnologiyalaridan to‘g‘ri foydalanish ko‘nikmasini shakllantirish, yoshlar o‘rtasida kitobxonlikni targ‘ib qilish ishlariga alohida e’tibor qaratilyapti.

Mart oyida viloyat kasaba uyushmasi tomonidan “Ayollar va yoshlar mehnat muhofazasi e’tibor markazida” amaliy muloqot tadbiri bo‘lib o‘tdi. Muloqot davomida korxona va tashkilotlarda mehnat qilayotgan nogironlar, ayollar va yoshlar mehnatida “Teng huquqlar – teng imkoniyatlar” to‘g‘risida aniq vazifalar belgilab olindi.

“Kasaba uyushmalari – bolalarga” aksiyasi doirasida Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni arafasida Samarqand shahridagi 1-mehribonlik uyi tarbiyalanuchilariga 100 dan ortiq turli kitoblar topshirildi.

Kasaba uyushmalari tomonidan yoshlarni ish bilan ta’minlash borasida ham ishlar olib bormoqda. Bugungi kunda ta’lim, fan va madaniyat xodimlari kasaba uyushmasi tuman va shahar kengashlari tomonidan 12 nafar yoshlarni ish bilan ta’minlashda ko‘maklashildi.

Bular zimmamizga yuklangan vazifalarning bir qismi, xolos. Oldimizda esa yanada mas’uliyatli vazifalar turibdi. Ularning eng asosiylaridan biri - 5 muhim tashabbus g‘oyasini rivojlantirish borasida doimiy harakatda bo‘lish.

Bu borada zarur rejalarga egamiz. Masalan, korxona, tashkilot va muassasalarda mehnatkashlar uchun qulay shart-sharoitlar yaratishni rag‘batlantirish maqsadida “Eng mas’uliyatli yosh ish beruvchi” tanlovini tashkil etishga e’tiborni qaratamiz.

Yoshlarning mehnat va ijtimoiy-iqtisodiy huquqlarini hamda manfaatlarini himoya qilish, ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, rag‘batlantirish orqali o‘z iqtidor va iste’dodlarini keng namoyon etishlari uchun imkoniyatlar yaratib berish ham ustuvor vazifalarimizdan biridir.

Yoshlarning, ayniqsa, ta’lim muassasalari bitiruvchilarining ishga joylashishi va ish joylarida qo‘nim topishi yuzasidan jamoatchilik nazoratini yo‘lga qo‘yish va monitoring olib borishni namunali tashkil etish yuzasidan ham kasaba uyushmalarining o‘z yo‘nalishi bor.

Kasaba uyushmalari hayotida faol ishtirok etayotgan yoshlar, ayniqsa, chekka tumanlardagi yoshlar uchun respublikaning tarixiy shaharlari va diqqatga sazovor joylariga sayohatlarni tashkil etishning muhimligi hech kimga sir emas.

Kasaba uyushmalari safini faol yoshlar bilan to‘ldirish yuzasidan ham rejalarimiz bor. Bu borada turli bo‘g‘inlarda ko‘ngillilar (volontyorlar) guruhlarini tashkil etishning o‘rni beqiyos.

Yoshlar o‘rtasida turli madaniy-ma’rifiy tadbirlar, ko‘rik-tanlovlar, festivallar, sport musobaqalari o‘tkazish va ularni rag‘batlantirish, yoshlarning ijtimoiy-iqtisodiy manfaatlarini qo‘llab-quvvatlash va rag‘batlantirish ishlarida ham kasaba uyushmalari hamisha faollikka intiladi.

Bilamizki, bugungi yoshlar ertagi farovon kelajagimizning bunyodkorlaridir. Ulardagi g‘ayrat, shijoat, bilim va mahoratini uyg‘unlashtirish yo‘lidagi ezgu harakatlardan kasaba uyushmalari tashkilotlari aslo chetda turmaydi.

Akbar ABDUSAIDOV,

Samarqand viloyati kasaba uyushmalari tashkilotlari birlashmasi kengashi raisi o‘rinbosari.