Farroshlar qancha maosh oladi?

Hech o‘ylab ko‘rganmisiz, qishin-yozin, sovuqda ham, issiqda ham mehnat qilayotgan farroshlar qancha maosh oladi?
Samarqand shahar hokimligi moliya bo‘limi ma’lumotiga ko‘ra, byudjet muassasalarida farrosh shtatiga 1-razryad bilan 634 ming 880 so‘m maosh belgilangan bo‘lib, qo‘lga olinadigani 552 ming 346 so‘mni tashkil qilmoqda. Ushbu summadagi ish haqi barcha byudjet tashkilotlarda mehnat qilayotgan farroshlarga tegishli. Bunday maosh mehnatga haq to‘lashning eng kami degani emasmi? Bu maosh bilan ro‘zg‘or tebratib bo‘ladimi? Deyarli barcha tashkilotlarda eng kam ish haqi farroshniki. Xuddi ularning ishi osondek, hamma ham farroshlar mehnatini bajara oladigandek...
Maktabda farrosh uchun pul yig‘iladimi?
- Maktabda farroshlik qilaman, - deydi Samarqand shahrida istiqomat qiladigan qiz. – Oylik maoshim 550 ming so‘m. Undan tashqari uchta sinfim bor, har biri 30 ming so‘mdan yig‘ib beradi.
Surishtirib ko‘rsak, ayrim maktablarda haqiqatan ham ahvol shunday ekan. Farroshlar oyligi kamligi bois oyiga har bir o‘quvchidan 1000 so‘mdan 3000 so‘mgacha yig‘ib berilarkan. Ayrim maktablarda farroshlik shtati kamligi bois ularni yarim shtatdan ishga olib, qolgan “maoshi”ni o‘quvchilardan to‘plab berisharkan.
- Har oyda sinf fondi uchun 5 ming so‘mdan yig‘amiz, - deydi ota-onalardan biri. – Bilmadim, qanchasi farroshga, qanchasi boshqa narsalarga sarflanadi?
- O‘g‘lim akademik litseyda o‘qiydi, oyiga farrosh uchun mendan 3000 so‘m oladi. Sinfida 28 nafar bola bor, 3000 so‘mdan yig‘ilganda 84000 so‘m bo‘larkan. Boshqa sinflar ham xuddi shunday farrosh uchun pul yig‘ishadi, - deydi tanishlarimdan biri.
Direktorlar nima deydi?
- Maktabimizda 1122 nafar o‘quvchi o‘qiydi, - deydi Narpay tumanidagi 17-umumiy o‘rta ta’lim maktabi direktori Marhabo Jabborova. – Maktabda 9 nafar farrosh bir stavkadan ishlaydi, ish soati 08:00 dan 17:00 gacha. Farroshlar oylik maoshi 634 ming 880 so‘m. Bizda farrosh uchun hech qanaqa pul yig‘ilmaydi.
- Maktabimizda 6 nafar farrosh mehnat qiladi, - deydi Samarqand shahridagi 7-umumiy o‘rta ta’lim maktabi direktori Suhrob Bahriddinov. – Ularning maoshi kamligi bois 1,25 stavka oylik belgilangan. Maktabda farrosh uchun o‘quvchilardan pul yig‘ilishiga yo‘l qo‘ymayman.
Mana endi buyog‘ini o‘zingiz xulosa qiling.
Bog‘chada shtat yo‘qmi?
Bugungi kunda viloyatda 656 ta davlat tasarrufidagi maktabgacha ta’lim tashkiloti mavjud bo‘lib, ularda ham farroshlarga 1-razryad bo‘yicha maosh belgilangan. Biroq, ayrim bog‘chalarda har bir guruhning tozaligiga tarbiyachi yordamchisi javob beradi.
- Bog‘chada enaga bo‘lib ishlayman, bizda farroshlik shtati yo‘q, - deydi Samarqand shahridagi bog‘chalardan birida ishlovchi ayol. – Maoshim 615 ming so‘m.
- Bog‘chamizda farrosh shtati yo‘q, - deydi Kattaqo‘rg‘on tumanidagi 8-son davlat maktabgacha ta’lim tashkiloti mudirasi Hamdiniso Azimova. – Maktabgacha ta’lim vazirining 2019 yil 14 oktyabrdagi buyrug‘iga asosan, davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlarida xizmat xonalarining 350 kvadrat metr tozalanadigan maydoni uchun 0,5 birlik xisobidan xizmat xonalari farroshi lavozimi ajratilishi ko‘zda tutilgan. Bog‘chamizda guruhdan tashqari xizmat xonalari maydoni 150 kvadrat metr atrofida bo‘lgani bois bizga farrosh shtati ajratilmadi. Guruhlar xonalarini tarbiyachi yordamchilari tozalaydi. Farrosh yo‘qligi sababli qolgan xizmat xonalarni ham xodimlarga bo‘lib berganman.
Bundan chiqdi xizmat xonalarining maydoni kam bo‘lgan bog‘chalarda farrosh shtati yo‘q. Bunday tartib avvaldan mavjud ekan.
Shifoxonada farrosh qancha maosh oladi? Restoran va supermarketlarda-chi?
Viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi ma’lumotiga ko‘ra, byudjet tashkilotlariga qarashli shifoxonalarda farroshlarga 968 ming so‘m maosh belgilangan. Shuningdek, OITS markazlari, laboratoriyalarda ishlaydigan farroshlarga qo‘shimcha ustamalar beriladi.
Samarqand shahridagi Redtag magazinida ishlovchi farrosh esa 1 million so‘mdan 1 million 300 ming so‘mgacha maosh olar ekan. Shuningdek, kasallik ta’tillari, tug‘ruq, suyunchi puli va mehnat ta’tillari ham beriladi. Ish joyida issiq ovqat tashkil etilgan.
Samarqand shahridagi restoranlarda esa farroshlar 50-60 ming so‘m kunlik mehnat haqi oladi. Ba’zi restoranlarda ish hajmiga qarab farroshlar 1 milliondan 2 million so‘mgacha ish haqi oladi. Bundan tashqari, bepul tushlik beriladi. Lekin ularning aksariyati norasmiy ishlaydi.
Rossiyada farroshlikka yoshlar jalb etiladimi?
Keling, xorijda bu yumushni bajaradigan ayollar oladigan maoshga e’tibor qarataylik.
Chet davlatlarda farroshlarning maoshi deyarli boshqa xodimlarnikiga yaqin etib belgilangan. Masalan, Rossiya Federatsiyasida katta-katta supermarketlarda 30-50 nafargacha farrosh ishlaydi. Ularning ish haqi kassada savdo qilayotgan xodimlarnikidan biroz kam, ba’zan biroz ko‘proq ham. Sababi, u yerda farroshlarga ish soatiga qarab haq to‘lanadi. Yana bir tomoni, Rossiyada hamma ham farroshlikka olinavermaydi. Ko‘pincha yosh, chaqqon, buyurilgan ishni tez va toza bajaradigan xodimni ish olishadi. Bizda esa farroshning ish haqi kamligi bois yoshlar bunday kasbni tanlamaydi. Faqat biror kasbi bo‘lmagan kam ta’minlangan oilada istiqomat qilayotganlar, boquvchisini yo‘qotganlar farroshlik qiladi.
Rossiyadagi o‘zbek muhojirlari hayotini yaxshi bilganim bois ularning ayrimlari bilan telefon orqali gaplashdim.
- 24 ming rubl ish haqi olaman, bu 300 dollardan sal oshadi, - deydi Xabarovsk shahrida supermarketda ishlaydigan o‘zbekistonlik Sevara. – To‘g‘ri, ishimiz og‘ir, ammo shu ish o‘zimizda bo‘lsa jon-jon deb ishlardim.
- Bir yarim yashar bolamni qaynonamga tashlab, erim bilan Rossiyaga kelganman, - deydi Madina. – Turmush o‘rtog‘im bilan birgalikda ishlab qishloqdan uy quryapmiz. Erim qurilishda ishlaydi, men restoranda farroshlik qilaman, ish soatimga qarab 400 dollargacha ish haqi olaman. O‘zimizda shuning yarmi hajmida maosh to‘lasa ham, hecham bu yurtlarda yurmasdim.
Bunday misollarni istagancha keltirishim mumkin. Rossiyada o‘zbekistonlik ayollarning asosiy qismi farroshlik qiladi. Ularga yaxshi maosh to‘lanadi. Ammo, bizda hanuzgacha farroshlar mehnati qadrlanmaydi.
Turkiyada farroshlar o‘rtacha hisobda 500 AQSh dollari, Germaniyada 450 yevro, Amerikada 600 dollar, Fransiyada 1402 AQSh dollari, Finlandiyada 1706 AQSh dollari miqdorida maosh oladi. Rivojlangan davlatlarda farroshlar ish haqi soatiga qarab hisoblanadi.
Ko‘cha supuruvchilar nega tumanlardan qatnab ishlaydi?
Samarqand shahar hokimligi obodonlashtirish boshqarmasi bergan ma’lumotga ko‘ra, shu kecha-kunduzda shahar ko‘chalarida 241 nafar farrosh mehnat qilmoqda. Tartib-qoidaga ko‘ra, 1 nafar farroshga 6600 kvadrat metr maydon tozalash uchun beriladi. Ularga 6 ish kuni joriy etilgan. Ish soati 7 soat, faqat shanba kuni 5 soat etib belgilangan. Farroshlarga mavsumiy ish kiyimlari beriladi. Ushbu tashkilotda farroshlarning shtat jadvali bo‘yicha oylik tarif stavkasi miqdori 802 497 so‘mni tashkil qiladi. Boshqarma ishchi-xodimlariga yilning har choragida oylik tarif stavkasining 30-40 foizgacha bo‘lgan miqdorda mukofot pullari beriladi.
Bundan tashqari, Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 10 maydagi 267-qaroriga asosan, obodonlashtirish boshqarmasi ishchi-xodimlarining uzoq muddat uzluksiz mehnat faoliyati bo‘yicha oylik tarif stavkasiga nisbatan belgilangan qo‘shimcha mukofotlar ham ajratilgan. Qarorga asosan, ishchi-xodimlarning ish staji 1-3 yil bo‘lganda 30 foiz, 3-5 yil bo‘lganda 60 foiz, 5-9 yil bo‘lganda 80 foiz va 10 yildan oshganda 100 foiz oylik tarif stavkasi miqdorida mukofot pullari berilishi ko‘zda tutilgan.
Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 4 iyundagi qaroriga asosan 2020 yil 1 yanvardan obodonlashtirish bo‘linmalari xodimlariga ovqatlanish uchun qonun hujjatlarida belgilangan eng kam oylik ish haqining bir barobari miqdorida kompensatsiya va obodonlashtirish boshqarmalari xodimlariga oylik tarif stavkasining 15 foizi miqdorida ustama belgilandi.
– Bizning asosiy ishchilarimiz Oqdaryo, Jomboy va Payariq tumanidan qatnab ishlaydi, - deydi Samarqand shahar hokimligi obodonlashtirish boshqarmasi kadrlar bo‘yicha bosh mutaxassisi Toshkentboy Berdiyorov. - Har kuni ishchi-xodimlar avtobusda olib kelib-olib borib qo‘yiladi. Farroshlarning ish haqi naqd pul hisobida har oyning 5-sanasida ish joyiga keltirib beriladi. Mahalliy aholi, ya’ni shaharliklar orasida bu sohada ishlovchilar juda kam. Shu sababli ishchilarning aksariyati tumanlarda yashaydi.
Farroshlar nimadan norozi?
- Oyligim 690 ming so‘m, - deydi farroshlardan biri.
- Men anchadan beri Samarqand shahar obodonlashtirish boshqarmasida ishlayman. 774 ming so‘m maosh olaman, - deydi ikkinchi farrosh.
- Nega siz sherigingizdan ko‘proq olasiz? – deb so‘radim.
- Meni gulchilikka ishga olishgan, ularning oyligi farroshlarnikidan ko‘proq. Biroq, gulchi ham, farrosh ham bir xil ish qiladi. Gul ekish kerak bo‘lsa, hamma birdek gul ekadi, tozalash kerak bo‘lsa hamma birdek tozalaydi. Men shunga tushunmayman.
Shtatlar jadvalida gulchi emas, ko‘kalamzorlashtiruvchi degan shtatga 490 nafar kishi ishga olingan. Demak, shuncha odam farroshlik qiladi. Aslida 241 nafar farrosh Samarqand shahriga yetmaydi.
- Payariq tumanidan qatnab ishlayman, - deydi uchinchi farrosh. – Meni gulchi shtatiga ishga olishgan, 774 ming so‘m oylik olaman. Ishimiz uncha qiyin emas, faqat qatnashimiz biroz qiyinroq. Har kuni erta tongdan ishga otlanaman, kechqurun soat yettilarda uyga kirib boraman. Ishimiz soat beshda tugasa-da, avtobus vaqtida olib ketmaydi. Qishning qisqa kunida uyga borib, biror ish qilishga ulgurolmayman. Xuddi ijarada yashayotgandek faqat uxlash uchun uyga borib kelyapman.
- Ro‘zg‘oringizdagi ishlarni kim qiladi unda? – deb so‘radim.
- Haftada bir kun dam berishadi. Yakshanba kuni uyda bir haftaga yetadigan non yopaman, kir yuvaman. Qolgan ishlarni qizim maktabdan kelib, bir amallab eplab turadi.
- Erta tongdan to kechgacha mehnat qilib, topayotgan maoshingiz ro‘zg‘oringizga yetadimi?
- Yetmaydi-da, nima qilamiz? – deydi ayol beg‘uborlik bilan kulib.
Shirkatlarda ham ahvol shu
Viloyatda 157 ta uy-joy mulkdorlari shirkati bo‘lib, unda 230 nafar farrosh ishlaydi. Ularning maoshi atigi 630 ming so‘m. Bir stavka ish uchun har bir farroshga 3 ming kvadrat metr joy beriladi. Agar ko‘p qavatli uylar atrofidagi maydon kam bo‘lsa, 0,5 shtat ishga olinadi va shunga yarasha ish haqi to‘lanadi.
Xullas...
Yashirib nima qildik, birinchidan, farroshlik kasbi juda qiyin, ikkinchidan, ish haqi kam. Shuning uchun ham shaharliklar ko‘cha supurishni istamaydi. Aslida shahrimizni, ish joyimizni ozoda qilib qo‘yayotgan halol kasb egalarining maoshi ham oshirilishi kerak. Ular ham mehnat qilyapti, ularning ham bola-chaqasi, ro‘zg‘ori bor. Qisqasi, farroshning ham yaxshi yashashga haqi bor.
Ayrim tashkilot va muassasa rahbarlari o‘z farroshlariga moddiy yordam, mukofot puli yozib, yordam berishi mumkin. Biroq, bunday ko‘makni har oyda berib bo‘lmaydi. Bu bilan ham muammoga yechim topish mushkul.
To‘g‘ri, farroshning maoshi kamligi bois ayrim maktablarda o‘quvchilardan pul yig‘ilar, ammo bu hamma maktabda shunday tartib degani emas. Har kuni maktabda sakkiz soat mehnat qilib, atigi 552 ming so‘m oylikka ro‘zg‘or tebratayotgan farroshlar qancha? Ularning dardini eshitib, muammosini hal qilish vaqti kelmadimi? Keng jamoatchilik, deputatlar farroshlar maoshini oshirish haqida taklif kiritsa, balki kelajakda farroshlarning ham ish haqi oshirilarmidi?
Xurshida ERNAZAROVA.