Fayzulla Xo‘jayev nega otilgan?

Uzoq davom etgan qiynoqlardan so‘ng Fayzulla Xo‘jayev SSSR Oliy sudi Harbiy kollegiyasining qarori bilan otishga hukm qilindi. Bu - 1938 yil 13 mart edi. Hukm Moskva atrofidagi Butovo qishlog‘ida 15 mart kuni ijro etiladi.

Fayzulla Xo‘jayev XX asr birinchi yarmida xalqimizning eng mashhur davlat va jamoat arbobi sifatida tarix sahifalaridan o‘rin egallagan. Ammo uning hayoti ham faoliyati singari ziddiyatli va murakkabli kechgan.

Fayzulla Xo‘jayev haqida ko‘pchilik biladi, faqat uning tarjimai holiga doir muhim bir dalilni keltirib o‘tmoqchiman: O‘zbekiston Respublikasi Markaziy davlat arxivida 1925 yilda Fayzulla Xo‘jayev shaxsan o‘z qo‘li bilan rus tilida to‘ldirilgan bir qancha anketalardan iborat hujjat saqlanib kelgan. Ushbu nodir hujjat muqovasida “O‘zSSR MIK a’zosi Fayzulla Ubaydullayevich Xo‘jayevning shaxsiy ishi” deb yozilgan. Fayzulla Xo‘jayev yashil siyohda to‘ldirilgan anketalarining birida u 1912 yil 16 yoshdan boshlab Buxorodagi siyosiy jarayonlarda faol qatnashganligi va inqilobiy “Yosh buxoroliklar” firqasi a’zosi ekanligi qayd etadi. Mazkur “ish”dagi qizil siyoh bilan to‘ldirilgan boshqa bir anketada u 1913   yildan boshlab “Yosh buxorolik inqilobchilar” firqasi Markaziy Qo‘mitasining a’zosi bo‘lganligini ham yozadi (O‘zbekiston MDA, 86-fond, 1-ro‘yhat, 1934 ish, 6-8-varaqlar).

Haqiqatan ham qisqa muddat ichida yosh Fayzulla Buxorodagi jadidchilik harakatining asosiy rahbarlaridan biriga aylangan. U 1918 yil yozida Moskvaga jo‘naydi. Yo‘lda oq gvardiyachilar uni ushlab, hibsga oladi. Dutovning buyrug‘i bilan u Orenburgda 4 oy qamoqda yotadi. O‘lim jazosiga hukm qilingan Fayzulla Xo‘jayev do‘stlarining yordami bilan qamoqdan qochishga muvaffaq bo‘ladi.

Fayzulla Xo‘jayev 1918 yil oktyabridan 1920 yilning yanvar oyigacha Moskvada bo‘lib, “Yosh buxoroliklar” firqasi Markaziy Qo‘mitasi Moskva komiteti raisi bo‘lib ishlaydi. U Moskvada Sovet hukumatining raisi V.I.Lenin va uning safdoshlari Stalin, Kalinin, Frunze, Rudzutak, Eliyeva bilan ko‘p muloqotda bo‘ladi. 1920 yil yanvarida Toshkentga keladi va yangi tashkil topgan inqilobchi “Yosh buxoroliklar” firqasining Toshkentdagi Turkiston byurosi raisi bo‘lib ishlaydi.

1920 yil yozida Buxoro amirligida siyosiy vaziyat juda keskinlashadi. 25 avgustda Turkiston fronti qo‘mondoni M.Frunze Buxoroga xujum uyushtirib, 1920 yil 2 sentyabrda Buxoro shahrini egallaydi va bu qadimiy kent qizil armiya tomonidan talanadi. Amirning xazinasi M.Frunze va V.Kuybishevning ko‘rsatmasi bilan Moskvaga jo‘natiladi.

Tadqiqotchilar arxividagi manbalar Buxorodan hammasi bo‘lib ikki eshelonda (har bir eshelonda 14 tadan vagon bo‘lgan) oltin va qimmatbaho buyumlar olib ketilganligi yozilgan. Bu boyliklarning umumiy qiymati o‘sha paytdagi narx bilan taxminan 77 million tilla so‘mdan iborat bo‘lgan. Bu mablag‘ni hozirgi bahoga chaqadigan bo‘lsak, taxminan 80 milliard dollarni tashkil qiladi.

Fayzulla Xo‘jayev boshchiligidagi yosh buxorolik jadidlar Buxoroni yevropacha andozadagi rivojlangan davlat darajasiga ko‘tarish, bu yerda demokratik tuzum va huquqiy jamiyat qurish uchun intiladi. Shuning uchun u 1920 yil 14 sentyabrda xalq demokratik hokimiyati sifatida tuzilgan Buxoro Xalq Sovet Respublikasi (BXSR) ning  tashkilotchilaridan edi. Fayzulla Xo‘jayev bu respublikaning Buxoro xalq nozirlar sho‘rosi raisi sifatida faoliyat boshlaydi. Umuman, 1920-1924 yillarda Fayzulla Xo‘jayev BXSR tashqi ishlar, harbiy ishlar, ichki ishlar noziri, mehnat va mudofaa kengashi raisi kabi mas’ul lavozimlarda ishlaydi (O‘zbekiston MDA, 86-fond, 1-ro‘yhat,1934-ish, 9-varaq).

Fayzulla Xo‘jayev davlat va jamoat arbobi bo‘lish bilan birga mohir diplomat edi. U Eron, Turkiya, Afg‘oniston, Ozarbayjon kabi sharq davlatlaridan tashqari G‘arb mamlakatlari Angliya, Germaniya, shuningdek, Yaponiya bilan diplomatik aloqalar o‘rnatishga katta kuch-g‘ayrat sarfladi. Buxoro bilan Germaniya o‘rtasida madaniy va iqtisodiy hamkorlik yo‘lga qo‘yilib, savdo-sotiq avj oldirilgan. Fayzulla Xo‘jayev 1922 yil oktyabr-noyabr oylarida Germaniyada bo‘lib, turli banklar va kompaniyalar bilan shartnomalar tuzgan. Shu vaqtga kelib u nemis tilini juda puxta bilgan. U talabalarni xorijga jo‘natib, o‘qitishning tashabbuskorlaridan biri bo‘lgan. Fayzulla Xo‘jayev, Fitrat, Mukammil Burhonovning tashabbusi bilan 100 ga yaqin turkistonlik talaba BXSR hukumati hisobidan Germaniyada, o‘nlab talabalar Turkiya va boshqa davlatlarda o‘qishgan.

Tarixdan ma’lumki, 1924 yil oxiri va 1925 yil boshlarida O‘rta Osiyoda milliy-hududiy chegaralanish o‘tkazilib, O‘zbekiston SSR tashkil topdi. Fayzulla Xo‘jayev bu murakkab davrda O‘zbekiston SSR inqilobiy qo‘mitasi (Revkom) – Muvaqqat ishchi-dehqon hukumati raisi bo‘lib ishladi. 1925-1937 yillarda O‘zbekiston SSR Xalq Kommissarlari Soveti raisi bo‘lib faoliyat yuritdi.

Fayzulla Xo‘jayev o‘z faoliyati davomida o‘zbek xalqining iqtisodiy va madaniy ravnaqiga xizmat qiluvchi tadbirlarni amalga oshirdi. U Markaziy Qo‘mitaning O‘rta Osiyo byurosi va O‘zbekiston kompartiyasiga nisbatan muxolifat mavqeida turgan o‘n sakkizlar guruhi (1925 yil, noyabr)ning quloqlarni sinf sifatida tugatish siyosatini yoqlamagan, O‘zbekistonda yoppasiga chigit ekilishi paxta yakka hokimligiga olib keladi, deb hisoblagan. F.Xo‘jayev O‘zbekistonning ishlab chiqarish kuchlarini rivojlantirgan. Sport inshootlari qurilishida tashabbuskor bo‘lgan.

Fayzulla Xo‘jayev  42 yil umr ko‘rgan bo‘lsa, shundan 17 yil davomida Buxoro jumhuriyati va O‘zbekiston SSR hukumatlarini boshqardi. Afsuski, F.Xo‘jayev 40 yoshida qatag‘on qilindi. U o‘zi xizmat qilgan mafkura tomonidan o‘limga hukm qilinib, bu hukm kommunistik e’tiqod o‘chog‘i - qizil Moskvada amalga oshirilgan. Ehtimol, Fayzulla Xo‘jayevning ulkan baxti ham, mislsiz fojiasi ham shundadir.

O‘zbekiston Kompartiyasining VII s’yezdi (1937 yil 10-17 iyun) da Fayzulla Xo‘jayevning “millatchilik” faoliyati fosh etilgach, u SSSR rahbari I.Stalin bilan uchrashish uchun Moskvaga jo‘nab ketadi. Biroq I.Stalin uni qabul qilishdan bosh tortadi. Fayzulla Xo‘jayev 1937 yil “Natsional” mehmonxonasida qamoqqa olinadi va Lefortovo qamoqxonasiga tashlanadi. Unga hokimiyatga qarshi aksilsovet o‘ng trotskiychi blok faoliyatiga qo‘shilganlik hamda “Milliy ittihod” yashirin tashkiloti faoliyatiga rahbarlik qilganlik, “bosmachilik” harakati va qo‘rboshilarni qo‘llab-quvvatlaganlik, Fitrat, Cho‘lpon, Abdulla Qodiriy va boshqa o‘zbek ziyolilariga g‘amxo‘rlik ko‘rsatganlik kabi ayblovlar qo‘yildi.

Uzoq davom etgan qiynoqlardan so‘ng Akmal Ikromov, N.Buxarin, A.Rikov va boshqalar (jami 17 kishi) bilan birga Fayzulla Xo‘jayev ham SSSR Oliy sudi Harbiy kollegiyasining qarori bilan otishga hukm qilindi. Bu - 1938 yil 13 mart edi. Hukm Moskva atrofidagi Butovo qishlog‘ida 15 mart kuni ijro etiladi.

1965 yil 6 avgustda SSSR Oliy Sudi harbiy kollegiyasi Fayzulla Xo‘jayevni aybsiz deb topdi va oqladi.

Bugungi kunda mamlakatimizda Vatan ozodligi uchun kurashgan fidoyi insonlarning xotirasini abadiylashtirish yo‘lida odil siyosat olib borilmoqda. Xususan, bu yil Fayzulla Xo‘jayev tavaluddining 125 yilligi nishonlanadi. Shundan kelib chiqib, F.Xo‘jayev faoliyatini o‘rganish, siyosiy arbobning xotirasini abadiylashtirish maqsadida quyidagi ishlar amalga oshirilsa, maqsadga muvofiq bo‘lar edi:

- 1925-1930 yillarda Samarqand shahrida yashagan Fayzulla Xo‘jayevning (hozirgi Zafarnoma ko‘chasi, 1-uy) uyini qayta rekonstruksiya qilib, "Fayzulla Xo‘jayev uy-muzeyi" tashkil etish;

- Fayzulla Xo‘jayev yashagan Zafarnoma ko‘chasiga Fayzulla Xo‘jayev nomini berish;

- O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat xavfsizlik xizmati arxivlaridagi muomalaga kiritilmagan arxiv hujjatlari asosidagi ma’lumotlarni kiritgan holda Fayzulla Xo‘jayevning tanlangan asarlarini qayta to‘ldirilgan holda nashr ettirish.

Shokir G‘afforov,

Samarqand davlat universiteti professori, tarix fanlari doktori.