Fazoviy ma’lumotlardan kimlar foydalanishi mumkin?

Navigatsiya xaritalari, geoportallar, internet veb-servislarining ma’lumotlar bazasi fazoviy axborotlardan tashkil topgan. Bunda kosmik suratlar, dronlardan olingan, xaritalarda ko‘rsatilgan yer, bino-inshoot, yo‘llar, daryolar, quvurlar va ular to‘g‘risidagi qo‘shimcha ma’lumotlar fazoviy ma’lumotlarning tarkibiy qismi hisoblanadi.

Joriy yil 2020 yil 21 avgustda “Fazoviy ma’lumotlar milliy infratuzilmasi to‘g‘risida”gi qonun qabul qilindi.

Mazkur qonun fazoviy ma’lumotlar milliy infratuzilmasini yaratish va ulardan foydalanish, qo‘llab-quvvatlash hamda rivojlantirish sohasidagi munosabatlarni tartibga solishning huquqiy asoslarini shakllantiradi. Shuningdek, sohada qonunchilikni tartibga solish va tizimlashtirish hamda fazoviy ma’lumotlar milliy infrastrukturasini qo‘llab-quvvatlash, rivojlantirish maqsadida ishlab chiqilgan.

Qonunda fazoviy ma’lumotlarni yaratish, qayta ishlash va ulardan foydalanish sohasidagi munosabatlarni tartibga solish, davlat organlari, tashkilotlar, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlarining fazoviy ma’lumotlardan foydalanish imkonini beradi.

Fazoviy axborotlar ham bazaviy va ixtisoslashgan ma’lumotlarga ajratiladi.

Fazoviy ma’lumotlar bankiga bazaviy to‘plamlar, ularning metama’lumotlari, klassifikatorlari, axborotnomalari va reyestrlari, shu jumladan, geografik ob’yektlar nomlari davlat reyestri va manzillar reyestri kiritilgan.

Fazoviy ma’lumotlar ba’zasida ma’lumotlarning koordinata asosi, davlat chegarasi, ma’muriy-hududiy va hududiy birliklar chegaralari, aholi punktlari va ularning ko‘cha, yo‘l tarmog‘i, ijtimoiy-iqtisodiy, madaniy ob’yektlar, bino-inshootlar, avtomobil, temir yo‘llari va boshqa ma’lumotlarni o‘z ichiga oladi.

Fazoviy ma’lumotlar ba’zasida davlat sirini tashkil etadigan, shuningdek, qonun hujjatlariga ko‘ra foydalanilishi cheklangan boshqa axborot bo‘lmasligi kerak.

Ushbu qonun asosida fazoviy ma’lumotlar milliy infratuzilmasini yaratish imkoni vujudga keladi. Shuningdek, fazoviy ma’lumotlarga kirish foydalanish huquqi va ularni himoya qilish, fazoviy ma’lumotlarni yaratish va ulardan foydalanishda idoralararo aloqalarni yo‘lga qo‘yishning huquqiy asoslarini yaratadi.

Islom PIRNAZAROV,

Samarqand aerogeodeziya korxonasi maslahatchisi.