NASA: Ekzosayyoralardan uchtasida suv va hayot uchun barcha sharoitlar mavjud

2017 yil 22 fevralda Yevronyus telekanali NASA olimlarining matbuot konferensiyasini namoyish etdi. Bunda bir guruh amerikalik astronom olimlar bizning yerimizdan 39 yorug‘lik yili (368.971.120.000.000 -uch yuz oltmish sakkiz trillion to‘qqiz yuz yetmish bir milliard biryuz yigirma million kilometr) masofada Qovg‘a (Aquarius) yulduzlar turkumida joylashgan Trappist-1 yulduzi yaqinida Yer, Mars sayyoralari hajmidagi yettita ekzosayyoralarning mavjudligini Chili observatoriyasidagi “Trappist” va orbital “Spitser” deb ataluvchi teleskoplarda kuzatishganliklarini e’lon qilishdi.

Olimlarning aytishicha, ekzosayyoralardan uchtasida suv va hayot uchun barcha sharoitlar mavjud ekan. Astronomlar bu sayyoralarning Trappist yulduzi tomonidan qanchalik yoritilganligini, ularning massalarini va hajmlarini o‘lchaganlar hamda ularning Trappsit-1 atrofida unga faqat bir tomoni bilan qaragan holda aylanib turishini aniqlaganlar. Bu yulduz Quyoshdan ham katta ekan. Agar ularni solishtrmoqchi bo‘lsak, masalan, Quyosh golf to‘piday bo‘lsa, Trappist-1 yulduzi basketbol to‘pidek kelar ekan.

Bu sayyoralarning dastlabki ikkitasida ob-havo Quyosh tizimidagi Veneranikiga, qolganlariniki esa Yer va Mars ob-havosiga o‘xshash bo‘lishi aniqlangan. Bu sayyoralarda hayotning rivojlanish ehtimoli markazidagi 3 tasida, ya’ni d, ye va f larda ko‘proq ekan. Keyingi 3-5 yil ichida bu ekzosayyoralar ustida olib borilayotgan tadqiqot ishlarini davom ettirib, shu davrda bu sayyoralarda hayot bor-yo‘qligini aniqlash mumkinligi haqida ham axborot berishdi.

Konferensiyada shuningdek, berilgan tadqiqot ishlarining Yevropa kosmik agentligi tomonidan moliyalashtrilayotganligi ham qayd qilib o‘tildi.

Astronomlar NASAning kosmik teleskoplari yordamida Quyosh tizimidagi eng yirik sayyora - Yupiterda qutb yog‘dusini suratga olishga muvaffaq bo‘lishdi, deb habar berdi, NASA agentligining matbuot xizmati. Yupiterda juda kuchli qutb yog‘dusi kuzatildi.

Bu xabarlarga ko‘ra, Yupiter qutb yog‘dusi avvallari ham kuzatilgan. Ammo bu safar olimlar kuzatuvlar tarixidagi eng yorqin yog‘duga guvoh bo‘lishgan. Quyosh shamollari yordamida sayyoraga yetib kelgan zarralar uning magnit maydonidagi atmosferaga tushganida ushbu hodisa ro‘y beradi. Sayyorani o‘rganish maqsadida uchirilgan NASAning “Yunona” kosmik zondi Yupiterga yaqinlashganda kuzatuvlar amalga oshirilgan.

“Ta’bir joiz bo‘lsa, Yupiter Yunonaning kelishini salyutlar bilan kutib oldi, deyish mumkin”, deya hazil-mutoiba qilgan Lester universiteti ilmiy xodimi Jonatan Nikols.

Hozirgi kunda “Habbl” teleskopi ham Yupiter atmosferasida bo‘layotgan har qanday o‘zgarishlarni qayd qilish uchun tinimsiz kuzatishlar olib borayotganligi to‘g‘risida ham xabar berdi agentlik.

Internet materiallari asosida SamDU professori Ortiq PARDAYeV tayyorladi.