Yoshlarning xatosi aslida bizniki

Inson nima uchun rivojlanishga harakat qiladi? U nega yashash uchun o‘z oldiga maqsad qo‘yadi? Maqsadga erishish uchun qanday yo‘l tutiladi? Odob-axloq qoidalari odam uchun yaratilganmi?! Har birimiz ushbu savollarni avvalo o‘zimizga berib, javobini esa uzoqdan qidirmasligimiz kerak.
Insonning harakatlarini boshqaruvchi kuch g‘oya hisoblanadi. G‘oya esa o‘z navbatida mafkuraning negizini tashkil etadi. Mafkura bevosita va bilvosita jamiyatni boshqarish qudratiga ega. G‘oya ham, mafkura ham ikki tomonlama, ya’ni bunyodkor va vayronkor bo‘lishi mumkin. Xatto madaniyatni ham shunday ta’riflasak bo‘ladi. Ammo ma’naviyatning ziddi mavjud emas. Ma’naviyat har doim bunyodkor g‘oyalarga xizmat qilgan.
Bugungi kunda ma’naviy va mafkuraviy hujumlarning ko‘lami, usuli va sifati oshib bormoqda. Targ‘ibot usullari zamonaviy ko‘rinishga ega bo‘lib, juda kichik ammo samarali kontentlarni ijtimoiy tarmoq va ommaviy axborot vositalari ko‘magida yoritish orqali amalga oshirilmoqda. Ammo...
Ma’lumotlarga ko‘ra, 2024 yil yakuni bo‘yicha O‘zbekistonda internet foydalanuvchilari soni 21 million nafardan ortiq. Bu esa aholining 60 foizdan ko‘prog‘ini tashkil etadi. Bugungi kunda birgina telegram ijtimoiy tarmog‘idan 18 million nafarga yaqin aholi foydalanmoqda. Bunday natija bilan O‘zbekiston dunyoning kuchli o‘nlik mamlakatlari sirasiga kiradi. Bu faxrlanishdan ko‘ra ko‘proq achinish hissini beradi. Zero, biz ijtimoiy tarmoq va mobil qurilmalarga aloqa vositasi sifatida emas, balki hayotimizning bir bo‘lagi sifatida qaramoqdamiz. Kunimizning o‘rtacha chorak qismi ijtimoiy tarmoqlardagi fikrlashdan chalg‘ituvchi, insonni ongsizlikka boshlovchi kontentlarni ko‘rish bilan o‘tmoqda.
Aholimizda, xususan, yoshlarda mediasavodxonlik hamon past darajada, bu esa soxta yangiliklar, manipulyasiya va axborot xurujlarga nisbatan zaiflikni keltirib chiqarmoqda. Xo‘sh, nega aynan “xususan yoshlarda”, deymiz?
- Qayerda xato va kamchilikning guvohi bo‘lsak, bunga sababchi qilib ko‘proq yoshlarimizni ko‘rsatishga o‘rganib qolganmiz, - deydi O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi Zubaydulla Ibragimov. – Aslida “Qush uyasida ko‘rganini qiladi!” Shunday ekan oilada farzandlarimizga biz, kattal namuna bo‘lishimiz kerak emasmi? Kunimizning o‘rtacha 6 soati ijtimoiy tarmoqlarni kuzatish bilan o‘tadigan bo‘lsa, shu vaqtning qanchadir qismi behuda sarflanmayapti, deb kim ayta oladi? Qolaversa, farzandlarining yonida, ularni tarbiyasi bilan shug‘ullanish o‘rniga o‘z telefoniga tikilib, ko‘p vaqtini havoga uchirayotganlar kam emas, afsuski.
Bugun ijtimoiy tarmoqlarda yosh avlodning, hatto kattalarning ham vaqtini behuda sarflanishiga sabab bo‘layotgan, asosiysi, ularning ongiga salbiy ta’sir ko‘rsatuvchi kontentlar talaygina. Avvalo, kishini ezgulikka yetaklovchi, ma’naviyatini boyitadigan ijtimoiy videoroliklarni ko‘paytirishimiz kerak. Agar bu ish qo‘limizdan kelmasa, xususan, ijtimoiy tarmoqlardagi qaysi sahifalarni kuzatish naf keltiradi-yu, qay biri zarar ekanligini avvalo, o‘zimiz anglab yetishimiz va buni farzandlarimizga ham tushuntirishimiz maqsadga muvofiqdir.
Alijon Sobirov,
Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi
viloyat bo‘limi mutaxassisi.