Zulmatga botgan Ukraina koinotdan ko‘rsatildi
Amerikaning NASA kosmik agentligi sun’iy yo‘ldosh tunda tasvirga olgan Ukraina zulmatga botganini ko‘rsatuvchi Yer yuzasi suratini e’lon qildi.
24 noyabrdagi suratda Ukraina butunlay zulmatda, atrofi boshqa mamlakatlar, jumladan, Rossiyadagi aholi punktlarining yorqin qismlari bilan o‘ralgani ko‘rinib turibdi.
Chorshanba kuni Ukraina Energetika vazirligi Rossiya zarbalari tufayli barcha atom elektr stansiyalari va aksariyat issiqlik elektr, gidroelektr stansiyalari vaqtincha quvvatsizlangani, aholining katta qismi esa elektr energiyasisiz qolganini ma’lum qildi. Payshanba kuni esa vazirlik muhim infratuzilma ob’yektlarining elektr ta’minoti tiklangani haqida xabar berdi.
Mudofaa vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, 23 noyabr kuni Ukrainaning harbiy qo‘mondonlik va boshqaruv tizimiga, tegishli energetika ob’yektlariga katta zarba berilgan.
Rossiya qo‘shinlari 10 oktyabr kunidan boshlab Ukraina infratuzilmasiga hujum qila boshladi. Shundan so‘ng zarbalar Ukraina energetika, mudofaa sanoati, harbiy qo‘mondonlik va aloqa ob’yektlariga berilgan. Ukraina hududlarida har kuni, ba’zan butun mamlakat bo‘ylab havo hujumi haqida ogohlantirishlar e’lon qilinadi.
15 noyabrdagi zarbalardan so‘ng Ukraina bosh vaziri Denis Shmigal mamlakat energetika tizimining deyarli yarmi allaqachon ishdan chiqqanini aytdi. Zelenskiy, o‘z navbatida, noyabr oyi boshida mamlakat energetika infratuzilmasining 40 foizga yaqini allaqachon shikastlanganini tan oldi. Bu elektr ta’minotida katta uzilishlarga olib kelmoqda.